Navbatdagi nafs xastaligining belgisi bu – farz namozlarni ado etishda dangasalik qilish, nafl amallarda g'aflatda qolish sanaladi.
Muolaja uslubi
Bu kasallikdan xalos bo'lish uchun – ko'proq nafl ro'za tutish, noqobil “birodar”lardan uzoqlashish va nafsni o'zi xohlamagan narsalarni qilishga majburlash lozim.
Asov hayvonni bo'ysundirishning yana bir yo'li, uning ustiga ortiladigan yukni ko'paytirishdir. Shunda hayvon zaiflashib, o'z-o'zidan itoatkor bo'ladi. Nafs tarbiyasida ham bu usulni qo'llash yaxshi samara keltiradi.
Nafsni toat-ibodatlar bilan chiniqtirish bilan uning orzu-havaslari jilovlanadi, qaysarligi yo'qoladi. Kishi nafsida sokinlik va tavoze paydo bo'lib, ibodatlarni xushu'-xuzu' ila ado eta boshlaydi.
Rivoyat qilinishicha, bir kishi Abu Yazid al-Bistomiy rahimahullohdan so'radi:
“Menga Alloh yo'lida eng qattiq mashaqqatga duchor bo'lgan narsangiz haqida so'zlab bering”.
Olim javob berdi: “Buni tushuntirish qiyin”.
O'sha odam yana so'radi: “U holda menga Allohning yo'lidagi eng kichik qiyinchilik haqida gapirib bering”.
Olim: “Bu haqda gapirish mumkin emas”, dedi.
U kishi davom etdi: “Nafsingni nimaga undash juda qiyin bo'lgan?”.
Abu Yazid: “Bu haqda menga gapirish ham qiyin”. Shunda odam so'radi: “Unda nafsingni zo'rlash eng oson bo'lgan narsa haqida xabar ber”.
Olim dedi: “Mana bu savolga javob bera olaman. Nafsimni Alloh taologa ibodat qilishga va amrlarini ado etishga chaqirdim, ammo u bunday qilmadi, bo'yin egishni istamasdi. Keyin unga bir yil davomida suv bermadim (va u tinchlandi)”.
Ibn Atoulloh rahimahulloh aytdilar: “Sening ibodatga nisbatanbeparvo va dangasa bo'lishing – qalb ko'zingko'rligiga dalolat qiladi”.
Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.
Ummat birligi yo‘lida:
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.
Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.
Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.
Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.
Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari