Qur'oni karim erkagu ayolga, huru qulga birdek nozil bo'ldi. Oyatlar sabab sinfiy guruhlar orasidagi masofalar qisqardi, insonlar bir-biriga yaqinlashdi, g'azab bosildi, xiyonat kamaydi, muhabbat va sadoqat eng yuqori darajaga etdi. Ayol xizmatkorlikdan turmush o'rtoq bo'lish maqomiga ko'tarildi, buyumdek sotilishdan qutuldi. Erkak u bilan o'z kamchiliklarini to'ldirdi, u bilan butun bo'ldi. Oila huzur-halovat maskaniga aylandi.
Johiliyat tugadi, saodat keldi. Johiliyat davrida qilgan zulmidan huzurlanganlar hidoyat ta'mini totgach, mazlum va mazlumalarning ozodligi uchun kurashadigan bo'ldilar.
Qur'oni karim: “Ey iymon keltirganlar! O'zingizni va ahli ayolingizni yoqilg'isi odamlaru toshlardan bo'lgan o'tdan saqlang...”(Tahrim surasi, 6-oyat), deb xitob qilgach, mo'minlar xonadonlariga jiddiy e'tibor qarata boshlashdi. Ushbu holat asta-sekinlik bilan alohida oilalardan jamiyatga ko'chdi.
Insonlarning ruhida o'chmas iz qoldirgan Abdullohlar, Anas ibn Moliklar o'sha uylarda voyaga etdilar. Ho'sh, ularni qanday onalar tarbiyaladi? U shunday onaki, qiblaga yuzlanib, sajdaga bosh qo'ygan, oyning shu'lasida yuzlab xatmlar qilgan va Qur'onga sidqidildan, ixlos ila amal qilgan! Aslida, ayol faqat farzand dunyoga keltirishi bilan emas, mehri bilan ona. Ona farzandiga xizmat qilishdan charchamaydi ham, erinmaydi ham. “Yarim kechasi nega meni uyg'otasan?” deb farzandini urishmaydi. Uyqusida ham, uyg'oqligida ham bolasining boshini silagan mushfiq onaning qo'llari hamisha mehrlidir.
Sovuq uylarni ham onaning tafti isitadi. Bilasizmi, maktabdan uyga qaytgan bola birinchi bo'lib onasini so'raydi! Mehribon onasini ko'rishi, uni quchoqlashi, maktabda ustozidan tanbeh olgan yoki maqtov eshitgan bo'lsa, buni avvalo volidasiga aytishi kerak. Chunki qalbni ko'proq ona yaxshi tushunadi. Bola to'rt devordan iborat uyni yaxshi ko'rishining sababi ham onasidir. Bizga oyoqqa turishni o'rgatgan ham, qavmu qarindoshlarga mehrli qilib qo'ygan ham onadir. Kasallik iskanjasida azob chekib yotgan ko'z qorachig'i uchun jarrohlik xonasi ortida duo qilayotgan to'qson yoshli momoga kuch bergan his ham onalik tuyg'usidir...
Ahrorjon ISKANDAR o'g'li
“Mo'minalar” jurnalining 2023 yil 2-sonidan olindi.
Ummat birligi yo‘lida:
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.
Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.
Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.
Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.
Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari