Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

FIQHIY MAZHABLAR VA MOTURIDIYa, ASh_''ARIYa E_''TIQODI (3 qism)

15.05.2024   2314   9 min.
FIQHIY MAZHABLAR VA MOTURIDIYa, ASh_''ARIYa E_''TIQODI (3 qism)

 

Raddiya

Faqihlarimiz suyanadigan yana ba'zi manbalar ham bor. Ular to'rtta mazkur asosiy va qolgan yordamchi manbalarga suyangan holda ko'p masalalarni hal qilganlar. O'sha davrda ko'plab faqihlar etishib chiqqanlar. Ularning ko'pchiligi o'zlari dunyodan o'tishlari bilan fiqhiy ishlari ham qolib ketgan. Ammo musulmonlar ommasiga keng tarqalgan, shogirdlari va orqasidan ergashuvchilari ko'p bo'lgan ulamolar fiqhiy mazhab sohiblari, deb tan olingan. Shulardan to'rttalari butun dunyoga mashhur bo'lganlar va ulraning mazhablari musulmonlar jumhuri tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olingan. Bular quyidagi mazhablar:

1. Hanafiy mazhabi - Shom, Turkiya, Turkiston, Pokiston, Hindiston, Bangladesh va boshqa yurtlarda keng tarqalgan.

2. Shofe'iy mazhabi - Misr, Suriya, Indoneziya, Malayziya, Filippin, Tayland va ba'zi Afrika davlatlarida tarqalgan.

3. Molikiy mazhabi - Libiya, Tunis, Jazoir, Mag'rib, Mavritaniya, Nigeriya va boshqa Afrika davlatlarida torqalgan.

4. Hanbaliy mazhabi - Arabiston yarim orolida tarqalgan.

Shunday qilib, zamon o'tishi bilan sunniylik bo'yicha turli mazhablar jumladan, Abdurahmon Avzo'iyga mansub Shom maktabi, Shofi'iy mazhabidan Dovud Zohiriy rahbarligida ajralib chiqqan Zohiriy maktabi, shuningdek, Ibn Jarir at Tabariy tomonidan yuzaga keltirilgan maktab emirilib, ular ichidan to'rtta asosiy mazhab o'z huquqiy qarashlarini targ'ibot qilib rivojlantirish imkoniyatiga ega bo'ldi. Shialik oqimi ham ko'p firqalarga bo'linib, ulardan ja'fariya, ismoliya va zaydiya ushbu oqimning asosiy mazhablari sifatida davom etib keldi. 

Ilk asrlarda mujtahidlar ko'p bo'lib, mazhablar ham ko'p bo'lgan. Abdulvahhob ibn Ahmad Sha'roniy (vaf. 973/1565) o'zining «al-Miyzan» asarida 16 ta mazhabni zikr qilgan. Ushbu mujtahidlar mazhablarining hammasi ham ma'lum muddat amalda bo'lgan. Lekin keyinchalik ko'pi amaldan chiqib ketgan va odamlar Imom Abu Hanifa (vaf. 150/767), Imom Molik (vaf. 179/795),  Imom Shofe'iy (vaf. 204/820) va Imom Ahmad (vaf. 241/855)larning mazhablaridan biriga ergasha boshlagan. Ammo hech kim barcha mazhablarni bekor qilib, odamlar faqat shu to'rt mazhabdan biriga ergashishi lozim demagan.

Molikiy mazhabiga madinalik olim imom Molik ibn Anas Abu Abdulloh (713-795) asos solgan. U «Madina imomi» unvoniga sazovor bo'lgan. Imom Molik Madina olimlari qarashlari asosida o'z mazhabini yaratgan. Shuning uchun ushbu imom Madina faqihlaridan fiqhni o'rganib, ahli hadis qo'llaydigan uslubni qabul qilgan va ushbu qoida asosida o'z shogirdlarini tarbiyalagan. 

Imom Molik Qur'on, sunna va ijmoga tayanib hukm chiqargan. Shu bilan birga madinalik olimlarning ittifoqini ham hukm chiqarishda juda katta e'tiborga olgan. Chunki Muhammad (a.s.) shu shaharda yashagan va bu shahar aholisi payg'ambar va sahobalar ko'rsatmalari va qilgan ishlarini mukammal o'zlashtirganlarini e'tiborga olgan.

Olim «al-Muvatto» nomli hadis ilmiga oid to'pam muallifi hisoblanadi va mazkur asar molikiy mazhabining asosiy manbasi sifatida o'z ifodasini topgan. Muhaddis buning uchun 40 yil umrini sarflagan. Bu asar ilk hadis to'plamlaridan biri bo'lib, bir necha ming hadisni o'z ichiga olgan.

Imom Molik ibn Anasning shogirdlari orasida taniqli muhaddis va hanafiy mazhabi faqihi imom Muhammad Shayboniy (vaf. 805 y.), shofi'iylik mazhabi asoschisi Muhammad ibn Idris Shofeiy (vaf. 820 y.) bo'lgan. 

Hozirgi vaqtda ham bu mazhab qoidalarining Marokash, Tunis, Jazoir va Liviya nikoh-oila va mulkka oid huquqiga sezilarli ta'siri bor.

Muhammad ibn Idris Shofeiy (767-820) ham alohida mazhabga asos solgan. 

Bu olim imom Molik va imom Abu Hanifaning katta shogirdi imom Muhammaddan dars olgan. Shu nuqtai nazardan ushbu mazhab huquq tizimi xanafiylar va molikiylarning diniy-hukuqiy ta'limotini asosida ishlab chiqilgan, deb aytish mumkin.  Shuday bo'lsada, ko'proq molikiylarga yaqin turadi. Boshqacha qilib aytganda, ahli hadis va ahli ra'yni qarashlarini birlashtirgan va o'ziga xos uslubni yaratdi. Olim ijmo bo'yicha ummat ijmosiga e'tibor qaratgan bo'lsa, shu mazhabning keyingi ulamolari olimlar ijmosini ham qabul qilishga majbur bo'ldilar.

Shofeiylik ham boshqa mazhablar kabi Qur'on, sunna ijmo va qiyosga tayanadi. Imom Shofeiyning «al-Umm» va «ar-Risola» kitoblari ushbu mazhab usuliga asos bo'ldi.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, uchinchi-to'rtinchi hijriy  asrlarda  Markaziy Osiyoda Shofeiy mazhabi Hanafiy mazhabi bilan raqobat qilgan. Uning yirik vakili toshkentlik buyuk olim Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy (904-976) edi. U kishi fiqh, hadis, lug'at va adabiyot bo'yicha o'z davrlarining mashhur olimlaridan bo'lgan. Usulul fiqh bo'yicha ularning asarlari mashhur. Toshkentda vafot etib, qabrlari Hastimom (Hazrati Imom) madrasasi yonida joylashgan.

Hanbaliy mazhabi asoschisi Ahmad ibn Hanbal (780-855) hisoblanadi. Olim yashagan Bag'dod shahrida ilmu fan rivoj topishi bilan birga turli e'tiqodiy qarashlar markazi ham bo'lgan. 

Hanbaliy mazhabida Qur'on, sunnat, ijmo va sahobalarning gaplari asosiy o'rin egallaydi. Qatiy zarurat sezmagan holatlardan tashqari qiyosdan foydalanmaydi. Barcha hadislarni va rivoyatni (sahobalar so'zini) qiyosdan ustun qo'ygan.

Imom Ahmad xulafoi roshidin, sahobalar, tobeinlar, shuningdek, o'zidan oldingi uch mazhab fiqhini o'zlashtirgan. Chunonchi ilk marta fiqhni imom Abu Hanifaning shogirdi imom Abu Yusufdan o'rgangan. Shuningdek, «men hadis yozib olgan birinchi kishi Abu Yusuf edi», deganidan hadisni ham shu kishidan olgani bilinadi. Keyinchalik imom Shofeiydan ham fiqhni o'rgangan. O'zi esa, imom Buxoriyga ustozlik qilgan.

Hadis ilmi bo'yicha «al-Musnad» asari juda mashhur hisoblanadi. Bu kitobda qiriq ming atrofida hadis jamlangan bo'lib, asar hanbaliy mazhabining asosiy qarashlarini ifoda etadi.

Yuqorida keltirilgan fiqhiy mazhablar diniy firqalardan farq qiladi. Ular bir-birining fikriga qarshi chiqaydi va o'zlarini boshqasi bilan teng deb hisolaydilar. Mazhablar shariat masalalarida engilroq yoki qattiqroq hukm chiqarishi bilan farq qiladi. Shuningdek, mazhablar o'zi tarqalgan mintaqalarning sharoitidan ham kelib chiqqan holda fatvolar berganlar. Jumladan, shofeiy mazhabida tahoratdan so'ng yuzni artmaslik afzal hisoblansa, hanafiy mazhabida yuzni artish afzaldir. Hanafiy mazhabi sovuq o'lkalarda ham tarqalganini e'tiborga olinsa, shofeiy mazhabi asosan issiq o'lkalarda yoyilgan.

Mazhablar turlicha bo'lsada, ular asoschilari-mujtahidlarning barchasi bir-biriga ustoz-shogird tizimidadir. Ular bir-birlarining mazhabini tan oladilar. To'rtta mazhab ham hijriy ikkinchi asrning o'zida shakllanib ulgurgan. Ammo ushbu mazhablarning faqat bittasini ushlash lozim. Bir masalada bu mazhabni, boshqasida ikkinchisiga amal qilish mumkin hisolanmaydi.

Foydalangan adabiyotlar:

  1. Abdulhakim Shar'iy Juzjoniy “Islom huquqshunosligi” TIU Toshkent 2002y.
  2. Qodirov Zohidxon “Imom A'zam”  “Movarounnahr” Toshkent 1999y.
  3. TIUning islomshunos tadqiqotchilari “Hidoyat ortiga yashiringan zalolat” TIU Toshkent 2010 y.
  4. www.fiqh.uz

 Hoshimjon Nizomiddinov – Imom Termiziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi o'qituvchisi

 

Imom Termiziy O'MITM matbuot xizmati

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Ashuro kuni — muharram oyining o‘ninchi kunidir

04.07.2025   1459   7 min.
Ashuro kuni — muharram oyining o‘ninchi kunidir

Islom tarixidagi eng ulug‘, ma’naviy jihatdan eng ibratli kunlardan biri Ashuro kunnidir. Har yili muharram oyining o‘ninchi kuni nishonlanadigan bu sana nafaqat ro‘za tutish fazilati bilan, balki Alloh taoloning bandalariga ko‘rsatgan marhamati, Muso alayhissalom va uning qavmini najot etganligi bilan ham ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu kunga alohida e’tibor berganlar va ummatlarini ham uning fazilatlaridan bahramand bo‘lishga chorlaganlar. Ashuro kuni musulmonlar uchun ma’naviy poklanish, gunohlarga kafforat va sunnatni hayotga tatbiq etish imkonidir.

 Bu kun musulmonlar uchun ro‘za tutish tavsiya etilgan kunlardan biri bo‘lib, ulamolarning ko‘pchiligi bu kunni ro‘za bilan o‘tkazishni mustahab deb hisoblaydi. Ashuro kuni ro‘za tutish sunnat amallardan biri bo‘lib, uning fazilati juda katta. Tasu’o (to‘qqizinchi) va Ashuro (o‘ninchi) kunlarida ro‘za tutish payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatlardandir. Bu Allohning kunlaridan biri bo‘lib, U Zot o‘z bandalariga marhamat ko‘rsatgan, ya’ni U zot Kalimulloh Muso alayhissalom va Uning qavmi Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinining zulmidan najot etgan kundir.

Ashuro kunini ro‘za bilan o‘tkazishning asosiy sababi bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinidan najot etganidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini juda ahamiyatli deb bilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biror kunni boshqalardan afzal deb ro‘za tutishga uringanlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun — Ashuro kuni va ushbu oy — Ramazon oyidan tashqari” (Imom Buxoriy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Ashuro kuni ro‘za tutishga rag‘batlantirar va: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”,  der edilar (Imom Muslim rivoyati).

Musulmonlar bu sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng amaliyotga tadbiq eta boshladilar. U kishi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘raganlarida, ular: “Bu yaxshi kun bo‘lib, Alloh ushbu kunda Bani Isroilni dushmanlaridan najot etgan, shuning uchun Muso alayhissalom ushbu kunni ro‘za bilan o‘tkazgan”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra yaqinroqman”, deb, o‘sha kuni ro‘za tutdilar va boshqalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.

Shu kundan boshlab bu amal sunnat sifatida amalga oshirila boshlandi va musulmonlar uchun o‘tgan yilning gunohlaridan poklanish, katta savob va fazilatga erishish imkoni sifatida qaraladi.

Ashuro kuni bu barcha musulmonlar uchun muhim sana hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu kunda ro‘za tutishga va ibodat qilishga intiladi.

Ko‘pchilik Ashuro kunini yagona holda ro‘za tutish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ammo Azhar muassasasi o‘z fatvolaridan birida bu fikrni rad etgan. Unda ta’kidlanganidek, juma yoki shanba kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelsa ham, uni alohida holda ro‘za tutish man qilingan emas.

Azhar ulamolarining ta’kidlashlaricha, imom Tahoviy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasiga izn berganlar va unga targ‘ib qilganlar. Lekin bu kun shanbaga to‘g‘ri kelsa, tutmanglar, demaganlar. Buning o‘ziyoq, Ashuro har qanday kunga to‘g‘ri kelsa ham ro‘za tutish mumkinligini ko‘rsatadi”.

Shuningdek, agar Ashuro yoki Arafa kuni juma yoki shanba kuniga to‘g‘ri kelsa yoki insonning odatdagi ro‘zali kuni bo‘lsa, bu holda ro‘za tutishda hech qanday mone’lik yo‘q.

Dorul-Ifto (Misr Fatvo hay’atining 2023 yil 26 iyuldagi 7756 raqamli Professor Doktor Shavqiy Ibrohim Allom fatvosida) ham Ashuro kunini ya’ni muharramning 10-kunini yagona holda ro‘za tutish joizligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ixtilofdan qochish maqsadida, u bilan birga bir kun avval 9-kun yoki bir kun keyin 11-kun ro‘za tutish tavsiya etildi.

Misr Dorul-Ifto muassasasi ta’kidlashicha, muharramning 9-kunini ro‘za tutish  qat’iy sunnatdir. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlarida, Payg‘ambarimizga yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashlarini aytishgan. Shunda u zot: “Kelgusi yili, agar Alloh xohlasa, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutaman”, deganlar. Ibn Abbos aytadilar: kelgusi yil kelmasdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar. Bu hadisni Imom Muslim o‘z “Sahihlarida” keltirganlar.

Sunnatda Ashuro kuni ro‘zasi tutishning fazilati haqida bir qator rivoyatlar keltirilgan. Unga ko‘ra, muharram oyida ro‘za tutish tavsiya etilgan amallardan sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharram oyida tutiladigan ro‘zadir. Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz kechasi o‘qiladigan (tahajjud) namozdir”.

Ashuro kunining fazilati shundaki, bu kun tutiladigan ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:

Arafa kuni ro‘zasi haqida nima deysiz?

U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan va kelgusi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, dedilar.

Ashuro kuni ro‘zasi haqida nima deysiz? deb so‘radilar.

U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar.

Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biron kunni boshqalardan ko‘ra afzal deb ro‘za tutishga shunchalik intiqlik bilan intiqlik qilganlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun Ashuro kuni va ushbu oy Ramazon oyi bundan mustasno”.

Ulamolarimiz Ashuro kunida ahli oilaga ko‘proq sarf qilish, ya’ni ularni quvonchli qilish, rizqda kenglik qilishning tavsiya etilgan amallardan ekanini ta’kidlaydilar. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslanadi:

“Kimki Ashuro kunida o‘z ahliga (oila a’zolariga) kenglik qilsa, Alloh taolo unga butun yili kenglik beradi”.

Xulosa o‘rnida shuni eslash joizki, Ashuro kuni bu bir kunlik ro‘za orqali butun bir yillik gunohlardan poklanish umidi berilgan, Allohning maxsus marhamati to‘kilgan muqaddas kundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biri bo‘lgan ushbu ro‘zani tutmoq, uni 9-kuni yoki 11-kun bilan birga ado etmoq  musulmon kishi uchun katta ajru savob manbaidir.
Shuningdek, bu kunda ahli oilaga shodlik ulashish, rizqda kenglik qilish ham sunnatga uyg‘un amallardan hisoblanadi. Demak, Ashuro kuni ibodat, muhabbat va ma’naviy yangilanish kunidir. Undan oqilona foydalangan kishi na dunyoda, na oxiratda ziyon ko‘rmaydi.

 

Dilshod Aliyev,
"Boloi Hovuz" masjidi imomi.