Saudiya Arabistonining muqaddas maskanlarida yuqori texnologiyali iqlim nazorati tizimi o'rnatilgan bo'lib, ular yil davomida ziyoratchilar va qirollik mehmonlari uchun qulay sharoit yaratish imkonini beradi.
Masjidul Harom va Masjidun Nabaviy hududida yilning istalgan vaqtida havo harorati 20 dan 24 darajagacha saqlanadi. Yoz oylarida havoni sovutish va tozalash tizimining barcha qurilmalari optimal harorat oralig'ini saqlash uchun maksimal quvvatda qo'llaniladi, deb yozadi, “IslamNews” sayti “ Asharq al-Awsat ” nashriga tayanib.
Toza havo oqimi Masjidul Harom tomidan tizimga tortiladi va ko'p bosqichli tozalash jarayonidan o'tadi. Yuqori texnologiyali fil'trlar chang zarralari va boshqa ifloslantiruvchi moddalarni samarali ravishda yo'q qiladi va ul'trabinafsha havo sterilizatsiyasi ham qo'llaniladi. Tizim, shuningdek, havo namligining kerakli darajasini ham saqlaydi.
Iqlim nazorati tizimi saudiyalik muhandislar va texniklardan iborat bir nechta jamoalar tomonidan boshqariladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati