Musulmon – peshonasi yaraqlagan inson. Chunki u o'zining qanchalik ojiz, Holiq taoloning ulug'ligini e'tirof etgan holda boshini sajda qo'yganidagi huzur-halovatni tuyishi katta ne'matdir.
Mo'minning ana shu sifati oyati karimada: “Ular namozlarida o'zlarini kamtar tutuvchilardir” (Mu'minun surasi, 2-oyat), deb maqtaladi. Namozxonning doimo xushu bilan boshini erga qo'yishi uning peshonasida sajda izlarining paydo bo'lishiga, bu belgilar dunyo va oxiratda uning peshonasi yaraqlaganiga, ya'ni tanilishiga sabab bo'ladi.
Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: “Muhammad Allohning rasulidir. U bilan birga bo'lgan (mo'min)lar kofirlarga qahrli, o'z oralarida (mo'minlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar. Ularni (mudom) Allohdan fazl va rozilik tilab ruku va sajda qilayotgan hollarida ko'rarsiz. Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir...” (Fath surasi, 29-oyat).
Mo'minlarning shunday sifatlari Tavrot va Injilda ham kelgan.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Do'zax Odam bolasining sajda izinigina emaydi. Chunki Alloh do'zaxga sajda izini eyishni harom qilgan”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Imom Muslim rivoyat qilgan xadisda Savbon roziyallohu anhu bunday deydi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan meni jannatga kiritadigan amal haqida so'radim. U zot: “Ko'p sajda qil, chunki sen Alloh uchun bir marta sajda qilsang, Alloh taolo bu bilan seni bir daraja yuksaltiradi va sendan bitta xatoni o'chiradi”, dedilar.
Demak, ko'p sajda qilish tufayli gunohlar o'chiriladi.
Alloh taolo ibodatlarimizni qabul, vujudimizda sajda izlarini barqaror aylasin!
Ruhiddin AKBAROV
Shu yilning 3 sentyabridan 28 noyabriga qadar Qatarning Doha shahridagi Islom san’ati muzeyida “O‘zbekiston: boqiy meros” nomli yirik xalqaro ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirda yurtimizdagi 7 ta muzeyga tegishli 152 ta noyob tarixiy ashyo bilan bir qatorda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi fondida saqlanayotgan bebaho xazina – Katta Langar Qur’onining sahifasi ham namoyish etilmoqda.
Mazkur mas’uliyatli jarayonga tayyorgarlik puxta olib borildi. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu Mus'hafning xavfsizligini ta’minlash, kelajak avlodga bezavol yetkazish va xalqaro ko‘rgazmada munosib taqdim etish yuzasidan muhim ko‘rsatmalar berdilar. Shuningdek, bu tarixiy qadam yurtimiz va boy islomiy merosimiz targ‘ibotida manfaatli bo‘lishini tilab, xayrli duolar qildilar. Diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov esa tashkiliy-tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirib, Dohaga yo‘l olgan vakillarimizni kuzatib qo‘ydilar.
Shundan so‘ng Diniy idora Kutubxona bo‘limi xodimlari Doha shahriga yetib borib, xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlikda Mus'haf sahifasini namoyishga har jihatdan tayyorladilar va ko‘rgazma zalidagi maxsus himoyalangan jihozga joylashtirdilar.
Ko‘rgazmaga tashrif buyurayotgan xorijiy olimlar, san’atshunoslar va ko‘plab mehmonlar Islom tamaddunining betakror durdonasi sanalmish Katta Langar Qur’oni sahifasini katta qiziqish va ehtirom bilan tomosha qilmoqdalar. Tadbir ishtirokchilari bu bebaho obidaning asrlar osha butunligicha asrab-avaylab kelinayotganini yuksak baholab, O‘zbekistonning boy diniy-ma’rifiy merosi hamda xalqimizning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini alohida e’tirof etmoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati