frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Nikoh ham ibodat

20.05.2024   9902   6 min.
Nikoh ham ibodat

Sarlavhani o'qib, nikoh ham ibodat bo'lishi mumkinmi, deyishga shoshilmang. Biz ibodat deganda faqat namoz o'qishni, ro'za tutishni, haj qilishni tushunib qolganmiz. Aslida, ibodatning qamrovi keng. Holis Alloh uchun qilingan har bir amal ibodatdir.

Oila qadr-qimmat, mehr-oqibat, yaxshilik, ezgulik, insof-diyonat, to'g'rilik o'rgatiladigan, ming yillik urf-odatlarimiz ildiz otadigan ajoyib go'shadir. Oilada bolalar tarbiyalanadi, diniy qadriyatlar ulug'lanadi. Bir so'z bilan aytganda, bu maskan inson kamolotida muhim o'rin tutadi.

Muqaddas dinimiz ta'limoti biz mo'min-musulmonlarga sog'lom e'tiqodni, ibodatlarni ado etish tartibini o'rgatish bilan birga, muomalot maslalarida ham o'zining ilohiy ko'ratmalarini bergan.

Alloh taolo payg'ambarlar orqali oila masalasiga alohida ahamiyat berib, uning mustahkam bo'lishi, undan ko'zlangan maqsad yuzaga chiqishi uchun har qaysi davrga muvofiq nizom va qonunlarni joriy qilgan. Oila qurish Islomdan avval ham bo'lgan, lekin oilada erning va ayolning huquqlari va mas'uliyatlari to'liq ko'rsatib berilmagan. Islom kelgach, bu masala ham hal etildi.

Alloh taolo barcha mavjudotlarni juft-juft qilib yaratdi. Bu haqda Rum surasida marhamat qiladi:

وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً

 إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

“Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratgani va o'rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (21-oyat).

Jamiyatning shohasari bo'lgan oila qurishga tayyorlanish, nikoh qurib, ummatning safini kengaytirish yo'lida elib-yugurish ham ibodatdir. Namozimiz mukammal bo'lishi uchun, avvalo, tahoratni to'liq qilish kerak. Ro'zamiz to'kis bo'lishi uchun nafsimizni tiyganimiz kabi nikohimiz barqaror bo'lishi uchun oila ilmini bilishimiz kerak.

Odam vafot etsa, hamma ishi to'xtaydi. Illo, nikoh jannatda ham davom etadi. “Odamzodga nikoh va imondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yo'q. Oila shunday saodatbaxsh bir bog'ki, u hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma ma'lum muddatdan so'ng kuchini yo'qotadi, ammo bir-birlaridan rozi bo'lgan umr yo'ldoshlarning birgalikdagi hayoti o'lim bilan ham tugamaydi”, deyiladi “Durrul muxtor” kitobining “Nikoh” faslida.

Shunday ekan, oilaga, turmush qurish masalasiga panja orasidan qaramaslik kerak. Bu masalaga bee'tibor bo'lgan jamiyat tanazzulga mahkum ekanini statistik ma'lumotlar ham tasdiqlaydi.

Dunyo miqyosida Bel'giya 70 foiz ajrim bilan oilalarning barbod bo'lishi bo'yicha birinchi o'rinda, Chili 3 foiz ajrim bilan oxirgi o'rinda turibdi. Yurtimizda ham oilaviy ajrimlar ko'payayotganini kishini tashvishga soladi.

Ota-onalar farzandini yosh, odob-axloq jihatidan oila qurishga tayyor ekaniga qanoat hosil qilishlari, so'ng nikohdan o'tkazishlari shart. Umr savdosi bo'lgan nikoh masalasi doimo keng mushohada hamda kengash bilan amalga oshirilgani ma'qul. Zero, hadisi sharifda: “Qizlarni turmushga berish borasida onalari bilan maslahatlashinglar”, deyilgan.

Erta nikoh ham qat'iy qoralanadi. Qizlarning juda yosh turmushga chiqishlari haqida hanafiy mazhabi faqihlaridan Ibn Shuburma va Battiylar mutlaqo salbiy fikr bildirishgan. Islom shariatida xotin-qizlarni ham ilm-ma'rifatli, hayotida zarur bo'ladigan ma'lumotlarga ega bo'lishlariga un­dovchi hadislar ko'p. Hususan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ilm talab qilish barcha musulmon erkak va ayolga farz”, deya marhamat qilganlar.

Balog'at yoshi – bu kamolot yoshi emas. Buning ustiga hozirgi davr talabi ham butunlay o'zgacha. Yoshlar majburiy o'rta ta'lim bosqichlarini bosib o'tishlari shart. Zero, dinimiz ta'limotiga ko'ra, ilm olish, ma'rifatli bo'lish, hayot uchun zarur ko'nikmalarni o'rganish har bir ayolga farzdir. Bulardan oldin turmushga chiqqan qizning o'qishlari sustlashgani, oila yumushlarida qiynalgani, epsiz uy bekasi hamda bo'lajak farzandlarning tarbiyasi ishonchsiz qo'llarda qolganining guvohi bo'linadi. Ilmli, kasb-hunarli ayolgina farzandini yaxshi inson qilib tarbiyalay oladi.

Hullas, nikoh va oila qurish juda katta mas'uliyat va ibodatdir. Bejiz Mirzo Kenjabek:

Agar jufti halol birla ko'ngilxushlik etar bo'lsang,

Falak shohid, malak hozir, bu suhbat ham ibodatdir.

Bu Islomdir, butun umring ibodat holiga kelgay,

Va ogohlik bilan o'tgan shu fursat ham ibodatdir, demagan.

 

Abduqahhor domla YuNUSOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Al Jarida” gazetasi: O‘zbekiston – tarix, madaniyat va zamonaviylik uyg‘unlashgan yurt

07.09.2026   62997   1 min.
“Al Jarida” gazetasi: O‘zbekiston – tarix, madaniyat va zamonaviylik uyg‘unlashgan yurt

Kuvaytning “Al Jarida” gazetasida jurnalist Rabih Kallasning O‘zbekistonga sayohati davomida olgan taassurotlari asosida tayyorlangan maqolalari e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Toshkent – Markaziy Osiyoning durdonasi va kuvaytliklar uchun munosib sayyohlik manzili” hamda “Samarqand – asrlar osha dunyoni hayratga solayotgan shahar” sarlavhali materiallarda o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, shahardagi xavfsizlik va tozalik, zamonaviy infratuzilma hamda Ipak yo‘lining boy merosi haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Muallifning ta’kidlashicha, O‘zbekiston poytaxti xavfsizlik, mehmondo‘stlik va islomiy merosni uyg‘unlashtirgan shahar hisoblanadi. Toshkentning keng va toza ko‘chalari, tinch-totuv muhiti sayyohlarda katta taassurot qoldiradi. Toshkent metrosining betakror me’morchiligi, yangi barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqa madaniy yuksalishida muhim o‘ringa ega.

Maqolalarda 2700 yildan ortiq tarixga ega Samarqand shahrining Buyuk Ipak yo‘li chorrahasidagi strategik ahamiyati haqida so‘z yuritilgan. Amir Temur va Temuriylar davrida gullab-yashnagan ushbu shaharning Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kabi me’moriy durdonalari Sharq sivilizatsiyasining yuksak namunasi sifatida tavsiflanadi.

Jurnalist O‘zbekistonga sayohat Fors ko‘rfazi davlatlaridan, xususan, Kuvaytdan keluvchi oilaviy turistlar uchun eng qulay va jozibador yo‘nalish ekanini ta’kidlagan. Mamlakatdagi betakror milliy oshxonalar, halol taomlar, zamonaviy “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari qatnovi sayohatni yanada mazmunli qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari