Erta nikoh deganda balog'at yoshiga etmagan yigit va qiz o'rtasida tuzilgan ittifoq tushuniladi. Erta nikohga kirish holatlari, ayniqsa, qizlarimiz orasida ko'proq uchrayotgani tashvishga soladi kishini. Chunki 16-18 yosh ularning ayni o'qiydigan, biror kasbni egallaydigan davri sanaladi. Hali hayotda huquqiy, ijtimoiy, psixologik, ma'naviy jihatdan etuk bo'lishga ulgurmagan qizni qanday qilib oiladek muqaddas go'shani barpo qilishga yo'llash mumkin? Qolaversa, bo'y-basti, tashqi ko'rinishi jihatdan balog'atga etgandek bo'lib ko'ringani bilan “Kollej o'quvchisi” maqomidagi kelinchak hali oilaviy hayotda bajariladigan turli vazifalarga etarli darajada tayyor bo'lmaydi. Natijada homiladorlikka tayyor emasligi, go'dak parvarishi borasidagi no'noqlik, ro'zg'or yuritishdagi tajribasizlik, eriga nisbatan e'tiborining pasayishi, qaynonaning talablariga to'la javob bera olmaslik xolatlari yuzaga keladi. Balog'at yoshiga etmagan yigit-qizlar oila qurishning mas'uliyatini to'laligicha his qila olmaydilar. Hayotiy tajribaga ega bo'lmagan bu yoshdagilar o'rtasida o'zaro hurmat, og'ir damlarda bir-birini qo'llab-quvvatlash, hayotda uchraydigan qiyinchiliklarga qarshi birgalikda kurashish kabi xususiyatlar to'liq shakllanmagan bo'ladi. Yana bir e'tiborga molik jihati shundaki, erta nikoh qurish o'z navbatida to'liq bilim olishga, hunar egallashga ham to'sqinlik qiladi. Natijada bunday oilalarda moddiy jihatdan etishmovchiliklar yuzaga keladi. Bu esa o'z navbatida oilaviy mojarolarning kelib chiqishiga sabab bo'ladi. Oxir-oqibat yangi kelin-kuyov bir-birlariga moslashishga ulgurmay, oilaviy munosabatlari darz keta boshlaydi. Bunday nikohlarning aksariyati oilaviy ajralishlar bilan yakun topayotgani oila mustahkamligiga bir qadar mas'ul insonlar sifatida bizni ham tashvishga soladi. Milliy qadriyatlarimizga zid bo'lgan bunday noxush holatlarning omili ayrim oilalarning qizlarini mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash borasidagi uquvsizligi, bu jarayonning mohiyatini to'la anglab etmasligi, shuningdek, bu borada nazariy va amaliy bilim olish imkonini beruvchi manbalarning etarli emasligi deb o'ylayman. Qizlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash o'ta murakkab jarayon sanaladi. Afsuski, oramizda bu mas'uliyatli vazifani uddalash u yoqda tursin, o'z farzandlari bilan ma'lum masalalarda ochiq-oydin muloqotda bo'la olmaydigan ota-onalar ham uchrab turadi. Qolaversa, kelin va kuyov munosabatlarining mazmunini ularga anglatish vazifasining qizning yanga (kelinoyi)lari, yigitning jo'ralari zimmasiga yuklash an'analarining mavjudligi ota-onalarning bu jarayon mohiyatini to'la tushunmasliklariga sabab bo'lmokda.
Bir tanishim hali 17 yoshga ham to'lmagan qizni kelin qilayotgani, yosh ‘‘nihol’’ni ‘‘egib’’ olish oson bo'lishi haqida maqtanib so'zlab yurdi. To'ydan so'ng yoshgina kelinchakni yo'lga solish u o'ylagandek oson emasligi ma'lum bo'lib qoldi. Yangi oila 1,5 oygina yashadi, xolos. Qaynonaning gapiga qaraganda, kelin juda qaysar, erka, uquvsiz, farosatsiz emish. Yosh bolaga o'xshab, arazlab ketib qolaverarmish… Muqaddas sanalmish bir oilaning taqdiri shu tariqa yakun topishiga kim aybdor? “Onasining qarori” bilan turmushga chiqishga rozi bo'lgan qizmi? Orzu-havaslarini tezroq ro'yobga chiqarish yoki farzandi oldidagi mas'uliyatidan ertaroq qutulish maqsadida erta nikohning salbiy oqibatlarini bila turib, qizini turmush qurishga undagan onami? Yo bo'lmasa, navnihol kelinchakni o'z bag'riga olib, bilmaganlarini o'rgatib, yo'lga solish o'rniga, uni uquvsizlikda ayblagan qaynonami? Kim aybdor bo'lmasin, endi uni qidirishdan nima naf? G'isht qolipidan ko'chib bo'ldi-ku axir.
Farzandlarning baxti, kamolini ko'rishni hammadan ham ko'ra ko'proq onalarimiz orzulashadi. Lekin aksariyat hollarda erta turmush qurish to'g'risidagi qarorning tashabbuskori ham aynan onalarning o'zlari ekanligi bizni o'ylantiradi. Erta turmush qurgan yosh oilalarning arzimas sabablar bilan ajrashib ketayotgani jabrini begunoh norasidalar tortayotgani esa yangi muammolarning kelib chiqishiga sabab bo'ladi.
Yoshlarimizning ta'lim olishi, kasb-hunar egallashi, kelgusi oilaviy hayotini muammosiz tashkil etishi masalasi davlatimizning ustuvor yo'nalishi qilib belgilangan, bu ezgu maqsadlarga amalga oshirish uchun qanchadan-qancha mablag' sarflanayotgan bir paytda ota-onalarimiz, buva va buvilarimiz farzandlarining kelajagini bu tarzda hal etishlarini qanday baholash mumkin?! Halqimizda “Kasallikni davolagandan ko'ra uning oldini olgan afzal” degan purma'no hikmat bor. Erta nikoh muammosini yoshlar, ota-onalar, mahalla mutaxassislari bilan xamkorlikda “Erta nikohning salbiy oqibatlari” mavzusida suhbatlar o'tkazilsa, onalar o'rtasida tushuntirish, targ'ibot ishlarini ko'proq olib borilsa maqsadga muvofiq bo'lar edi. Shuningdek, mahallalarda faol ayollar rolini kuchaytirish bo'yicha tadbirlarga e'tiborimizni qaratishimiz zarur. Zero, oilalarning baxtli, mustahkam, farovon bo'lishida onaning, ayolning o'rnini hech kim bosaolmaydi. Hazrat Alisher Navoiy:
“Yuz jafo qilsa manga, bir qatla faryod aylamon,
Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram”,
deya xitob qilganida el boshiga tushgan jafoning yuki qanchalar og'ir ekanligi, unga befarqlik esa ko'pchilikning bu kulfat domiga tortilishiga sabab bo'lishini nazarda tutgan bo'lsa, ne ajab?! Zotan, elning dardi bilan yashash, uning quvonchu tashvishlarini o'ziniki deb bilish xalqimizga xos fazilatdir. Shunday ekan, erta nikohlar, ularning salbiy oqibatlari masalasi, barchamizning og'riqli muammolarimizdan biridir.Keling, azizlar, bu jiddiy masalaga mas'uliyat bilan yondashaylik. Toki, bunday illatlar farzandlarimiz hayotiga, baxtiga soya solmasin, erta turmushning “mushti”dan hech kim aziyat chekmasin!
Alloh taolo barchamizni oilalarimizni muqaddasligi, nikohni ilohiy muqaddas rishta ekanligini tushunib etib, bu borada kelgan barcha ko'rsatma va qaytariqlarga to'laqonli amal qilib, o'zgalarga ibrat va namuna bo'lib faoliyat olib borish nasib qilsin.
R.Kadirova
Horazm viloyatidan
Iordaniya safari mobaynida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Iordaniya bosh muftiysi Ahmad Ibrohim Hasanot janoblari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqotda ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari samarasi o‘laroq, barcha sohalardagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani, xususan, malaka oshirish, o‘zaro tajriba almashish, diniy ta’lim hamda fatvo ishlab chiqish yo‘nalishlarida salmoqli natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi hamda Iordaniya Fatvo uyi o‘rtasida qo‘shma ilmiy hay’at tashkil etilgani, mazkur hay’at zamonaviy dolzarb masalalar yuzasidan fatvolar ishlab chiqish va ilmiy tahlillar o‘tkazish borasida salmoqli natijalarga erishayotgani e’tirof etildi.
Ahmad Hasanot O‘zbekiston buyuk alloma va mutafakkirlari bilan butun dunyoga mashhur ekani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘iloniy va Qaffol Shoshiy kabi buyuk allomalar merosi bilan nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun dunyo musulmonlari faxrlanishini e’tirof etdi.
Iordaniya Bosh muftiysi shu kunlarda Ammon shahridagi nufuzli tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda podshohlikning milliy kutubxonalari hamda yetakchi universitetlarida «Yangi O‘zbekiston kitob burchaklari» tashkil etilganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Ushbu ma’rifat maskanlarida Davlatimiz Rahbarining arab tiliga tarjima qilingan asarlari hamda yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlangan kitob-albomlar taqdimotlari o‘tkazilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy rishtalarni yanada mustahkamlashiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, Iordaniya jamoatchiligi vakillari, ziyolilar, ilm-fan namoyandalari, ulamolar hamda din va davlat arboblari ishtirokida «Yangi O‘zbekiston fenomeni»ning 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman-taqdimot dolzarb ahamiyatga ega ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Davlatimiz Rahbarining arab tiliga tarjima qilingan «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston», «Vatan va xalq haqida o‘ylar», «Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik» kabi asarlari hamda Yangi O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy islohotlarga bag‘ishlangan kitob-albomlar Iordaniya fatvolar markaziga taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati