Ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim shaxslar va turoperatorlar tomonidan tarqatilayotgan reklamalarda “navbatlarsiz haj”, “arzon narxlarda haj qiling”, “haj amali to‘liq kafolatlanadi” kabi jozibador e’lonlar kuzatilmoqda.
Muborak safarga borishni niyat qilgan yurtdoshlarimizning ayrimlari mana shunday reklamalarga aldanib qolishmoqda.
Belgilangan tartibga muvofiq haj ibodatini ado etishning asosiy sharti haj vizasiga ega boʻlish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar (umra, turizm, biznes, ziyorat va b.lar) bilan haj ibodatini amalga oshirish Saudiya qonunchiligiga koʻra qatʼiyan taqiqlangan va tegishli tartibda jazolanadi.
Ogoh bo‘ling! Saudiya Arabistoniga 2023-yilda butun dunyodan turistik, biznes va boshqa vizalar orqali kelgan 150 mingdan ortiq shaxslar ushlanib, qamoq jazosini o‘tagan, jarimaga tortilgan va Saudiyadan 10 yil muddatga deportatsiya qilingan.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati
Bugun, 30 iyun kuni Xorazm Ma’mun akademiyasida "Najmiddin Kubro ma’naviy-ma’rifiy merosi va uning zamonaviy tadqiqi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Davlatimiz rahbarining Najmiddin Kubro tavalludining 880 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida ilgari surgan tashabbusi doirasida ulug‘ ajdodimizning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, bu merosni zamonaviy tadqiqot metodlari asosida tahlil qilish hamda uning umuminsoniy va milliy qadriyatlar tizimidagi o‘rnini belgilash maqsadida tashkil etildi.
Anjuman doirasida Najmiddin Kubroning tasavvufiy va ma’rifiy g‘oyalari, ularning zamonaviy ma’naviy-axloqiy muammolarni hal etishdagi o‘rni, allomaning hayoti va faoliyatiga oid tarixiy manbalar, asarlarining bugungi kundagi ilmiy va amaliy ahamiyati, kubroviylik ta’limotining tarixi va bugungi holati, shuningdek, ushbu ta’limotning keyingi tasavvuf maktablariga ta’siri keng muhokama etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati