Hato qilib, yuqoridan pastga qulashingiz ayb emas. Bu qulashdan dahshatga tushib, endi qayta ko'tarila olmayman, deyish ayb. Hato qilish ayb emas, uni tushunib etgandan keyin to'g'rilamaslik ayb!
Hech bir inson xato va kamchilikdan xoli emas. O'zi adashib qilgan gunoh ishlarni so'zlamaslik, o'zgalardan ayb axtarmaslik, birovning aybiga, xatosiga nogoh ko'zi tushib qolganida, uni yoymaslik dinimiz talablaridandir.
Mo'minning aybi, gunohini ko'rib qolgan kishi uni yashirishi mustahabdir. Hususan, xunuk ishlar obro'li, yomonligi kuzatilmagan kishidan sodir bo'lsa, uni ommaga oshkor qilmaslik zarur.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim mo'minning aybini yashirsa, Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi”(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Yana bir hadisda Nabiy alayhissalom: “Yaxshilaringizning adashishlaridan ko'z yuminglar”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasalalm: “Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o'z uyida ham sharmanda qiladi”, deganlar (Ibn Moja rivoyati).
Chunki ayblarni oshkor qilish, bir mo'mindan sodir bo'lgan ishni so'zlash yomonlikni yoyish hisoblanadi. Ulamolar: “Ishlarning a'losi ayblarni yashirishdir”, deyishgan.
Fuzayl ibn Iyoz aytadi: “Mo'min yashiradi va nasihat qiladi, fojir esa oshkor qiladi va ayblaydi”.
Biroq fisqu fujur ishlarni qilayotgan kishini ko'rganda, uni qaytarish vojib sanaladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz munkar ishni ko'rsa, uni qo'li bilan o'zgartirsin, agar unga qodir bo'lmasa, tili bilan, agar bunga ham kuchi etmasa, ko'ngli bilan o'zgartirsin. Bu esa imonning eng zaifidir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Hech kimning biror musulmondan ayb qidirishi to'g'ri emas. Alloh taolo: “O'zgalardan ayb qidirmang”(Hujurot surasi, 12 oyat), deb marhamat qilgan.
Hato yoki gunoh qilgan mo'min Allohga tavba qilishi kerak. Kim bo'lishidan qat'i nazar, aybini birovga ochmasin. Chunki Alloh taolo: “Albatta, imon keltirgan kishilar o'rtasida buzuqliklar yoyilishini istaydigan kimsalar uchun dunyoda ham, oxiratda ham alamli azob bordir. Alloh bilur, sizlar bilmassiz”(Nur surasi, 19 oyat), deb marhamat qiladi.
Islom dini insonlarni faqat yaxshilikka targ'ib etadi. Bunday yo'l dinimizning naqadar insonparvarligiga, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning olamlarga rahmat qilib yuborilganlariga dalildir.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Iordaniya safari mobaynida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Iordaniya bosh muftiysi Ahmad Ibrohim Hasanot janoblari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqotda ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari samarasi o‘laroq, barcha sohalardagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani, xususan, malaka oshirish, o‘zaro tajriba almashish, diniy ta’lim hamda fatvo ishlab chiqish yo‘nalishlarida salmoqli natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi hamda Iordaniya Fatvo uyi o‘rtasida qo‘shma ilmiy hay’at tashkil etilgani, mazkur hay’at zamonaviy dolzarb masalalar yuzasidan fatvolar ishlab chiqish va ilmiy tahlillar o‘tkazish borasida salmoqli natijalarga erishayotgani e’tirof etildi.
Ahmad Hasanot O‘zbekiston buyuk alloma va mutafakkirlari bilan butun dunyoga mashhur ekani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘iloniy va Qaffol Shoshiy kabi buyuk allomalar merosi bilan nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun dunyo musulmonlari faxrlanishini e’tirof etdi.
Iordaniya Bosh muftiysi shu kunlarda Ammon shahridagi nufuzli tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda podshohlikning milliy kutubxonalari hamda yetakchi universitetlarida «Yangi O‘zbekiston kitob burchaklari» tashkil etilganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Ushbu ma’rifat maskanlarida Davlatimiz Rahbarining arab tiliga tarjima qilingan asarlari hamda yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlangan kitob-albomlar taqdimotlari o‘tkazilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy rishtalarni yanada mustahkamlashiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, Iordaniya jamoatchiligi vakillari, ziyolilar, ilm-fan namoyandalari, ulamolar hamda din va davlat arboblari ishtirokida «Yangi O‘zbekiston fenomeni»ning 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman-taqdimot dolzarb ahamiyatga ega ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Davlatimiz Rahbarining arab tiliga tarjima qilingan «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston», «Vatan va xalq haqida o‘ylar», «Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik» kabi asarlari hamda Yangi O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy islohotlarga bag‘ishlangan kitob-albomlar Iordaniya fatvolar markaziga taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati