Masjidlar nafaqat hayratlanarli darajadagi go'zal me'moriy yodgorliklar, balki ular musulmon dunyosida muhim diniy, ijtimoiy va madaniy maskandir. Ushbu maqolada dunyodagi eng katta 5 ta masjid haqida ma'lumot beramiz.
1. Makkadagi “Masjidi Harom”
Islom olamining markazida – Makka shahrida joylashgan Masjidi Harom dunyodagi eng katta masjid hisoblanadi. Masjid er yuzidagi eng birinchi ibodatgoh — Ka'bani o'z ichiga oladi. Manbalarga ko'ra, Ka'bani ilk quruvchilari farishtalar bo'lgan. O'zining uzoq asrlik tarixi davomida masjid imkon qadar ko'proq ziyoratchilarni qabul qilish uchun bir necha bor qayta qurilgan. Endilikda Masjidi Harom 1 millionga yaqin kishini sig'dira oladi. Agar masjid atrofidagi hududlarni hisobga oladigan bo'lsak, ibodat qiluvchilar soni 2 milliondan oshishi mumkin. Masjidning maydoni 357 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Lekin masjid doimiy ravishda kengayib bormoqda.
2. Madinadagi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam masjidi –Masjidi Nabaviy
Payg'ambar alahissalom masjidi dunyodagi ikkinchi yirik masjiddir. Uning qurilishi 622 yilda boshlangan va unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'zlari ishtirok etgan. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qabrlari majmua ichida joylashgan bo'lib, devorlar bilan o'ralgan. Dafn qilingan joy ustida yashil gumbaz qad rostlagan. Masjidning hozirgi o'lchami ilk bor qurilgan masjid binosidan yuz barobar katta. Darhaqiqat, masjid hozir butun Madinaning eski shahar qismini deyarli qamrab oladi. Odatiy kunlari Masjidi Nabaviyda 600 mingga yaqin odam sig'adi. Haj va Ramazon umrasi vaqtida 1 milliongacha ziyoratchilarni qabul qilishi mumkin. Masjidning maydoni taxminan 400 ming kvadrat metrni egallaydi.

3. Islomoboddagi Faysal masjidi
Pokiston poytaxti Islomobodda joylashgan Faysal masjidi dunyodagi eng katta uchta masjiddan biridir. Masjid qurilishiga Qirol Faysal va Saudiya Arabistoni hukumat homiylik qilgan. Masjid binosi go'zal hududda joylashgan. Shunisi e'tiborga loyiqki, uning dizayni musulmonlarning an'anaviy arxitekturasidan keskin farq qiladi. Eng muhimi, binoning shakli ko'chmanchilarning chodiriga o'xshaydi. Masjidning dizayni qurilish boshlangan vaqtda katta noroziliklarga sabab bo'ldi, ammo qurilish tugagandan so'ng, tanqidchilar noto'g'ri fikrda bo'lganliklarini tan oldilar. Faysal masjidi taxminan 300 ming kishini sig'dira oladi.

4. Jakartadagi Istiqlol masjidi
Indoneziya Mustaqillik masjidi yoki Istiqlol masjidi Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng katta masjiddir. 1949 yilda Indoneziya mustaqillikka erishdi va bu voqeani abadiylashtirish uchun davlat poytaxtida katta masjid qurishga qaror qilindi. Masjid qurilishi 1961 yilda boshlangan va 120 mingga yaqin namozxonlarni qabul qiladi.

5. Kasablankadagi Hasan II masjidi
Marokashning eng yirik shahri Kasablankada joylashgan Hasan II masjidi nafaqat ulkan hajmi, balki go'zalligi bilan ham hayratga soladi. Atlantika okeani qirg'og'ida joylashgan masjid atrofida ajoyib manzara kasb etgan. Masjid 105 ming kishini sig'dira oladi, maydoni taxminan 9 gektarni tashkil qiladi. Masjid qurilishiga sarflangan 800 million dollarning barchasi odamlarning xayr-ehsonlari hisoblanadi.

Jizzax viloyati, G'allaorol tumani
bosh imom-xatibi G'ulom Jumanov
“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabalari o‘rtasida “O‘zbekiston musulmonlari idorasining respublika va xalqaro maydonida faoliyati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shavkatjon Xamdamov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili Musoxon domla Abbosiddinov ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida Musoxon domla Abbosiddinov ishtirokchilarni mehmonlar bilan tanishtirib, tashrifning asosiy maqsadi va mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi. U kishining ta’kidlashicha, bunday uchrashuvlar talabalarning dunyoqarashini boyitish, amaliyotdagi islohotlar bilan yaqindan tanishtirish va ularni mas’uliyatli yo‘lga rag‘batlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muzaffar Kamolov o‘z ma’ruzasida dinimiz ravnaqi, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, masjidlar faoliyatini takomillashtirish yo‘lida qilinayotgan ishlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, bitiruvchi kurs talabalariga qaratilgan qimmatli tavsiyalar ham berildi. U kishi talabalarga amaliyot davomida biriktirilgan masjidlarda xolis niyat bilan, vijdonan va mas’uliyat bilan xizmat qilish, bu xizmatni Alloh roziligi uchun ado etish kerakligini ta’kidlab o‘tdilar.
Shavkatjon Xamdamov mamlakatimizda so‘nggi yillarda diniy soha va xalqaro aloqalar yo‘nalishida erishilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidiga ko‘ra: Diniy idoraning xalqaro nufuzi yuksalib bormoqda, bir qator nufuzli tashkilotlar bilan yangi memorandumlar imzolanmoqda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hozirda 5 ta yirik xalqaro tashkilotga a’zo, shuningdek, Muftiylar kengashining ham to‘laqonli a’zosi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Shavkatjon Xamdamov bu imkoniyatlar diniy sohamizga berilgan katta e’tibor va ishonch belgilari ekanini, ularni qadrlash va mas’uliyat bilan ishlash zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir talabalarda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlarning ezgu fikr va tavsiyalari yosh avlodning mustaqil fikrlaydigan, bilimli, xalol va vijdonli diniy soha xodimi bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati