Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446

O'zbekiston Saudiya gumanitar yordam markazi bilan hamkorlikni faollashtirmoqda

29.05.2024   1431   1 min.
O'zbekiston Saudiya gumanitar yordam markazi bilan hamkorlikni faollashtirmoqda

O'zbekiston Respublikasining Ar-Riyoddagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nodirjon Turg'unov Qirollik vazirlar mahkamasi maslahatchisi, Qirol Salmon nomli gumanitar yordam markazi bosh direktori Abdulla bin Abdulaziz ar-Rabiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Uchrashuvda hamkorlik, jumladan, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalari, shuningdek, Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

O'zbekiston Prezidentining 2022 yilda Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrifidan so'ng ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik yangi suratga ega bo'lgani ta'kidlandi. Saudiya Arabistonining O'zbekiston bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish istagi ta'kidlandi. Bu borada markaz mamlakatimizda ishlab chiqilayotgan loyihalarni moliyalashtirish masalasini ko'rib chiqish va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga tayyor ekanini ma'lum qildi. Saudiya tomoni boshqa sohalarda ham hamkorlikni yo'lga qo'yishdan manfaatdorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo'yicha hamkorlikni muvofiqlashtirish maqsadida O'zbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi vakillari bilan muntazam muzokaralar olib borish bo'yicha kelishuvga erishildi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

23.06.2025   3810   3 min.
Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.

Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.

Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.

Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmi­dingiz?!” – debdi.

Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.

Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.

Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday dey­dilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan bosh­qasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2]  Shuro surasi, 40-oyat.