Saudiya Arabistonida eng faol bo‘lgan madina.com, alriyadh.com, al-spa.gov.sa, shahdnow.sa, nabd.com, newsi.gulf, arab.sahafahh.net, 2lkhbr.com kabi nashrlar o‘zbekistonlik ziyoratchilarni Toshkent hamda Madina shaharlaridagi kuzatish va kutib olish tadbirlarida yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilgani haqida qator xabarlarni e’lon qildi.
Mazkur xabarlarda bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati hamda mutasaddilar Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lgani va xayrli duolar qilinganiga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, Madina shahriga yetib kelgan ziyoratchilarimizni “Haj – 2024” ishchi guruhi rahbarlari va mutasaddilar tomonidan katta ehtirom bilan kutib olingani va ularga iltifotlar ko‘rsatilgani e’tirof etilgan. Mazkur xabarda ziyoratchilar respublikamizning 10 ta hududiy xalqaro aeroporti orqali Madina shahriga kuzatilayotgani ham qayd etilgan.
Ushbu arab nashrlari mamlakatimizda Yurtboshimiz boshchiligida haj tadbirlariga katta e’tibor qaratilib, mo‘min-musulmonlarning haj arkonini mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar hozirlangani va bundan bo‘lg‘usi hojilar ham minnatdor ekaniga urg‘u qaratilgan.
Ma’lumot o‘rnida, “Ar-Riyoz” gazetasi 1965 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, 52 sahifali kunlik nashrdir. U 150 000 adadda chop etiladi, alriyadh.com nomli sayti esa eng mashhur elektron nashrlardan biri hisoblanadi. Bir kunda o‘rtacha 1,5 mln. kishi sayt ma’lumotlarini mutolaa qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy ongini oshirish, ma’rifatini ziyoda qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish maqsadida shu yilning 20-24 avgust kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining navbatdagi xizmat safari uyushtirildi.
Stavropol o‘lkasi va Rostov viloyatiga safar qilgan delegatsiya tarkibida tegishli vazirlik va idoralar vakillari qatnashdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov ham ishtirok etib, vatandoshlarimizni istiqlolimizning 34 yilligi bilan qutladi.
Uzoq o‘lkalarda o‘qib, ishlab yurgan hamyurtlarimiz bilan halol kasb qilishning fazli, aqidada adashmaslik, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi, Islomda bag‘rikenglik, vatanparvarlik mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Har qanday diniy mavzudagi ma’lumotlar borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli rasmiy internet tarmoqlardan foydalanish tavsiya etildi. Turli diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat ko‘rsatmasi, ham zamon talabi ekani ta’kidlandi. Shuningdek, dolzarb mavzudagi bukletlar tarqatildi.
Stavropol musulmonlari qozisi Muhammad hazrat bilan muzokaralar olib borilib, Xalqaro Kavkaz universitetida 60 davlatdan kelib ta’lim olayotgan talabalar orasidagi 285 nafar o‘zbekistonlik talaba bilan uchrashuv o‘tkazildi. Universitet rahbariyati ushbu talabalardagi ilmga tashnalik va odob-axloqni alohida ta’kidlab, ular timsolida O‘zbekiston xalqiga ehtiromlari yanada oshganini bildirdi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining duoyi salomlari yetkazildi. Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, tinchlik, farovonlik, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlar haqida ham aytib o‘tildi.
Xizmat safari davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati