Avstraliya masjidlarida kardiopulmoner reanimatsiya ko'nikmalarini o'rganishni xohlaydigan kishilar uchun shoshilinch tibbiy yordam kurslari o'tkaziladi
45 yoshli avstraliyalik musulmon Misbah Islom ish joyida to'satdan yo'talayotgani, ko'kragining chap tomonida siqilib qolganini va hamkasbidan tez yordam chaqirishni so'raganini eslaydi. Misbahning yuragi to'xtab qolgan, biroq shifokorlar uning yuragini qayta ishga tushirishga muvaffaq bo'lgan va musulmon omon qolgan.
Bu voqeadan so'ng Misbahning butun oilasi birinchi tibbiy yordam kurslarida qatnashdi va u ham mahalliy masjidda shunday kurslar tashkilotchilaridan biriga aylandi.
Avstraliya islom tibbiyot assotsiatsiyasiga qarashli shifokorlar masjid xodimlariga defibrilatordan foydalanish va yurak-o'pka reanimatsiyasi ko'nikmalarini o'rgatmoqda, deb yozadi IslamNews AVC telekanaliga tayanib.
Doktor Umar Sharifning so'zlariga ko'ra, bunday kurslarni tugatgandan so'ng avstraliyaliklar hushidan ketayotgan kishilarga yaqinlashib, qo'rqmasdan va ikkilanmasdan birinchi yordam ko'rsatishlari mumkin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xushxabar #taqdirlov #otinoyi
Ulug‘ ayyom — Ramazon hayiti arafasida yurtimizda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, xotin-qizlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va oilalar mustahkamligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan bir guruh soha vakillari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra ko‘plab fidoyi va mehnatkash hamyurtlarimiz qatori Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Zulayho Saatova II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bilan, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Hosiyat Qasimova "Shuhrat" medali bilan mukofotlandilar.
Ushbu yuksak mukofot bosh otinoyilarimizning ma’rifat tarqatish, ayollar orasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va yosh avlod tarbiyasiga qo‘shayotgan beqiyos hissalarining munosib e’tirofidir.
Darhaqiqat, inson qadri ulug‘langan yurtda mehnat va sadoqat hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi.
Yuksak mukofot egalariga ushbu muborak kunlardagi katta yutuq bilan muborakbod etamiz!
Alloh taolo bu mukofotni xayrli va bardavom qilsin, el-yurt xizmatida charchamaydigan g‘ayrat-shijoatlariga baraka bersin. Bayram va mukofot muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati