Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2025   |   17 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:38
Xufton
21:07
Bismillah
15 May, 2025, 17 Zulqa`da, 1446

Avstraliya masjidlarida birinchi yordam ko'rsatish o'rgatilmoqda

06.10.2023   914   1 min.
Avstraliya masjidlarida birinchi yordam ko'rsatish o'rgatilmoqda

Avstraliya masjidlarida kardiopulmoner reanimatsiya ko'nikmalarini o'rganishni xohlaydigan kishilar uchun shoshilinch tibbiy yordam kurslari o'tkaziladi

45 yoshli avstraliyalik musulmon Misbah Islom ish joyida to'satdan yo'talayotgani, ko'kragining chap tomonida siqilib qolganini va hamkasbidan tez yordam chaqirishni so'raganini eslaydi. Misbahning yuragi to'xtab qolgan, biroq shifokorlar uning yuragini qayta ishga tushirishga muvaffaq bo'lgan va musulmon omon qolgan.

Bu voqeadan so'ng Misbahning butun oilasi birinchi tibbiy yordam kurslarida qatnashdi va u ham mahalliy masjidda shunday kurslar tashkilotchilaridan biriga aylandi.

Avstraliya islom tibbiyot assotsiatsiyasiga qarashli shifokorlar masjid xodimlariga defibrilatordan foydalanish va yurak-o'pka reanimatsiyasi ko'nikmalarini o'rgatmoqda, deb yozadi IslamNews AVC telekanaliga tayanib.

Doktor Umar Sharifning so'zlariga ko'ra, bunday kurslarni tugatgandan so'ng avstraliyaliklar hushidan ketayotgan kishilarga yaqinlashib, qo'rqmasdan va ikkilanmasdan birinchi yordam ko'rsatishlari mumkin.

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

14.05.2025   1057   3 min.
“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Tartil bilan Qur’oni karimni qiroat qilish muhim amallardan biri bo‘lib, harflarni maxrajlaridan chiqarib, Allohning kalomini tushunib, tajvid qoidalari bilan to‘g‘ri o‘qishni anglatadi. “Tartil”ning lug‘aviy ma’nosi “biror narsani dona-dona qilib terish”ni anglatadi.

Qur’oni karim Alloh taoloning kalomi bo‘lib, uni tartil bilan o‘qish U zotning buyrug‘idir. Muzzammil surasi 4-oyatda shunday deyiladi: “Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil”.

Ali roziyallohu anhudan oyatning ma’nosini so‘rashganda, “tartil – harflarni yaxshilash, vaqf o‘rinlarni bilish”, deb javob qilganlar. Jabroil alayhissalomga Muhammad alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar.

Tartil bilan Qur’on qiroat qilish uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish lozim. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. Tajvid qoidalariga rioya qilish: “Tajvid”ning lug‘aviy ma’nosi “sifatini oshirish, ziynatlash, chiroyli qilish”ni bildiradi, istilohda Qur’ondagi so‘zlarning har birini o‘z miqdori va sifatida talaffuz qilish, iste’lo va istifola harflarini bir-biridan farqlab, tafxim, tarqiq, idg‘om, izhor kabi qoidalarga amal qilib o‘qishni anglatadi.
  2. Dona-dona, bir maromda va aniq o‘qish: Tartil bilan o‘qishda shoshilmaslik, har bir kalimani aniq tarzda o‘qish muhimdir. Bu oyatlarning ma’nosini tushunishga yordam beradi. Imom Shofeiy tartilning eng ozi tilovatda shoshilishni tark etishdir deganlar.
  3. Ma’nolarini tadabbur qilish: Qur’on ma’nolarini anglash tartilning muhim qismidir. Oyatlarning ma’nosini bilish ularni qalbga singdirishga yordam beradi.
  4. Ixlos va taqvo: Qur’onni faqat Allohning roziligi uchun o‘qish kerak. Ixlos bilan o‘qilgan Qur’onning barakasi va savobi ulug‘ bo‘ladi.
  5. Poklik va ehtirom: Qur’onni tahorat bilan o‘qish, tinch joyda va e’tibor bilan o‘qish tartilning sifatini oshiradi.

Tartil bilan Qur’on o‘qishning foydalari juda ko‘p. Ulardan ba’zilari:

  • Ruhiy oziq: Qur’on qalb uchun nurdir. Uni tartil bilan o‘qish insonning ruhini yanada sayqallaydi va Allohga yaqinlashtiradi.
  • Savob: Har bir harf uchun ko‘plab savob beriladi. Tartil bilan o‘qish bu savobni yanada oshiradi.
  • Qalb xotirjamligi: Qur’on qiroatining ovozi va ma’nosi qalbga taskin beradi, stress va tashvishlarni kamaytiradi.
  • Ilm: Qur’on ma’nolarini anglash va tajvidni o‘rganish orqali insonning bilimi rivojlanadi.
  • Shafoat: Qur’on qiyomat kuni o‘quvchilariga shafoatchi bo‘ladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on sohibiga: qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shundoq tartil qil. Albatta, sening manziling oxiri qiroat qilgan oyating makonidan bo‘ladir, deyiladi”, dedilar”, (Imom Termiziy rivoyati).

Zafar qori Mahmudov,
Toshkent Islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi.