Sufyon ibn Sa'iyd as-Savriy rahimahullohdan rivoyat qilinganidek, u zot fiqhda imom bo'lganlar, u zotning o'z mazhablari bo'lgan, shuningdek u kishi hadisda imom bo'lganlar, muhaddislarning amiri deb atalganlar, taqvoda ham peshvo bo'lganlar, shu zotdan imom Navaviy rahimahulloh “Majmu'” asarlarining muqaddimasida naql qilib aytadilarki:
إنما الفقه الرخصة من ثقة أما التشديد فيحسنه كل أحد
“Haqiqiy fiqh, bu ishonchli olimning qiyin masalada ruxsatga yo'l topishidir. Ammo, qattiqqo'llik qilish hammaning ham qo'lidan kelaveradi”.
Men imom Savriyning ushbu gaplarini ko'p aytaman, talabalarimga ko'p eslataman va yozdiraman. Haqiqatan ham, harom harom deyish juda oson, hamma narsani haromga chiqarsa nima qoladi?
Shuning uchun men dinni engillashtiruvchilar qatorida bo'lishni umid qilaman. Zero, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytganlar:
فإنَّمَا بُعِثْتُم مُيَسِّرينَ ولَم تُبعَثُوا مُعَسِّرِينَ
“Sizlar dinni engillashtirish uchun yuborilgansizlar, qiyinlashtirish uchun yuborilmagansizlar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuningdek, Abu Muso al-Ash'ariy va Muoz ibn Jabal raziyallohu anhumni Yamanga yuborayotganlarida ham shunday deganlar:
يسرا ولا تعسرا وبشرا ولا تنفرا
“Dinni engil qilinglar, qiyin qilmanglar. Yaxshi ko'rsatinglar, nafratlantirmanglar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Shunday ekan, mening fatvo berishda tutgan yo'lim engillik qilish, da'vat qilishda esa, yaxshi ko'rsatishdir. Bas, dinni engil qilib ko'rsataman, qiyin qilib ko'rsatmayman, yaxshi qilib ko'rsataman, yomon qilib ko'rsatmayman. Alloh taolodan mana shu yo'lda sobit qilishini so'rayman.
Shayx Yusuf Qarazoviy rahimahulloh
Ummat birligi yo‘lida:
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.
Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.
Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.
Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.
Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari