Liviya hukumatining Vaqflar va islom ishlari bo'yicha bosh boshqarmasi boshlig'i Atif al-Ubaydiy Liviyada o'tkazilgan xalqaro 12-Qur'oni karim musobaqasi yakunida musulmon bo'lganini e'lon qilgan nigeriyalik uch aka-ukani qabul qildi.
Nigeriyalik aka-ukalar Islom dini va uning bag'rikeng ta'limotlari haqida ko'proq ma'lumot olishga bo'lgan chuqur ishtiyoqlarini izhor qildi va musulmon bo'lganlarini e'lon qilishdan xursand ekanini bildirdi.
Uchrashuvda al-Ubaydiy ularning Islomga oid savollariga sodda va ravon uslubda javob berdi. Shuningdek, ularga Liviya hukumati Bosh vaziri doktor Usoma Hammad taqdim etgan sovg'alar va bir qancha kitob va ma'lumotnomalarni topshirdi.
Ushbu kitoblar nigeriyalik birodarlarga Islom dini va uning kelib chiqishi, ibodat va bitimlar, axloq va uning asosiy ustunlarini oydinlashtiradigan boshqa muhim masalalarni chuqurroq tushunishga yordam beradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon AHMYeDOV tayyorladi.
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV