Islomning insonni mukarram qilish bo'yicha ko'rgan choralari ichida libos masalasi ham bor. Bu masalada insonning kiyinish madaniyatiga rioya qilishi o'zi uchun obro' va martabaligi, go'zallik va ziynatligi, jamiyatning boshqa a'zolarini esa hurmatlash ekani tushuntirildi.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Ey, Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi – bu, yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning mo''jizalaridandir. Shoyad (buni) eslab ko'rsalar!” (A'rof surasi 26-oyat).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo insonlarga avratlarini berkitadigan hamda ularga ziynat bo'ladigan turli liboslarni bichish, tikish, tayyorlash uchun imkon berganini “nozil qildik” degan so'z bilan eslatar ekan, avratlarni mazkur liboslar ila to'sishga amr etmoqda.
Bugungi kunda jamiyatimiz a'zolari orasida kiyinish ma'daniyatiga bo'lgan talab keskin o'zgarayotganini ko'rish mumkin. Bu mavzular nafaqat yoshlar uchun, balki yosh-u katta barchamiz uchun ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz.
Alloh taolo kiyim-boshni insonga avratini to'ssin, o'zini tuzatsin, deb bergan. Ammo boshqa sohalarda haddida turmagan odam bu o'rinda ham turli buzuqliklarga yo'l qo'ydi. Ba'zilari kiyim-boshni faxr va g'urur vositasi, ikkinchilari uni hayotdagi asosiy maqsad qilib oldi. Qadr-qiymatni ham kiyim-bosh bilan o'lchay boshlashdi. Uchinchilari kiyimni tor va yupqa kiyib, undan ko'zlangan asosiy maqsadni suiiste'mol qilishga kirishdi. Hususan, yoshlarimiz kiyimlarida turlik yozuvlari bor, hayvonotlarni rasmlari bor, yirtiq-yamoq kiyimlarni zamon talabi deb, haddilaridan oshishdi. Bu hol yuksak insoniy sharafni erga ur
adi. Shuning uchun ham Islom bu ishlarda o'z ta'limotlarini joriy qildi.
Ma'rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri "Abdulqodir qori" jome masjidi imom-xatibi
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan