Saudiya Arabistoni rasmiylari 2024 yilgi haj mavsumida zamonaviy dron kuzatuvini joriy etishni rejalashtirgan. Bu haqda theislamicinformation.com nashri xabar berdi.
Dron texnologiyasi muqaddas qadamjolarga olib boruvchi yo'llarda tozalik va xavfsizlikni ta'minlash maqsadida qo'llaniladi.
Dron texnologiyasi qanday ishlaydi?
1. To'siqlar va ko'priklarni tekshirish: To'siqlar va ko'priklar kabi qiyin joylarda dronlarning xizmatidan foydalanish qulay. Dron xavfsizlikni ta'minlagan holda o'sha hududlarni tekshiradi.
2. Yo'l sharoitlarini baholash: Hal qilinishi kerak bo'lgan shoshilinch masalalar dronlar yordamida amalga oshiriladi.
3. Termal skanerlash: Dronlardagi termal skanerlash funktsiyasidan foydalanganda yo'llarning holatini xavfsizlik nuqtai nazaridan o'rganish mumkin.
4. Tozalikni tekshirish: Dronlar ziyoratchilarni gigiyenik muhit bilan ta'minlash uchun yo'llarning tozaligini nazorat qiladi.
Saudiya hukumatining kuzatuv dronlardan foydalanish tashabbusi ularning haj tajribasini yaxshilashga bo'lgan sodiqligini ifodalaydi.
Shuningdek, rasmiylar barcha ziyoratchilarga xavfsiz muhitni ta'minlashni maqsad qilishgan.
islom.uz
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi