Bandaning rizqini Alloh subhonahu va taolo tomonidan o'lchab qo'yilgan. Shu rizq bandaga etib kelgay. Holbuki son-sanoqsiz jonivorlarning rizqini etkazgan Alloh ta'olo insonning rizqini ham bergay. “O'z rizqini ko'tara olmaydigan qanchadan-qancha jonzotlar bor. Ularga ham, sizlarga ham Alloh rizq beradir. Va U o'ta eshitguvchi va o'ta bilguvchi zotdir”(Ankabut, 60).
Rivoyat qilibdilarki, basralik bir savdogar Chin mamlakatiga tijorat uchun yo'lga chiqdi. Yo'lga tushib, endi kemaga chiqayotganida bir keksa oqosqol qo'lida bir qop yuk bilan kelib savdogarga iltimos qildi:
“Men shu qopdagi qalaylarni dengizga tashlayman deb nazr qilgan edim. Agar malol kelmasa shuni olib ketsang, dengizning o'rtasiga kelganda suvga tashlab yuborarsan.
Savdogar qopdagi qalaylarni olib qoldi va ehtiyot sharti ila cholning kimligi va turar joy manzilini surishtirib oldi. Yo'lga tushib dengizning o'rtasiga yaqinlashganida birdan qattiq shamol bo'lib to'fon ko'tarilib, qopni suvga tashlash yodidan ko'tarilib qoldi. Manzilga etib borib savdo-sotig'ini boshlagan edi, bir yigit kelib uning qayerdan kelganini so'rab bilganidan keyin:
Basraning qalaylari sifatli bo'ladi, mabodo olib kelmadingizmi? deb so'rab qoldi. Shunda savdogar mo'ysafidning iltimosini unutganini bildi. O'zicha mulohaza qilib, qalayni sotib, pulini egasiga topshirishni ma'qul ko'rdi.
Basraga qaytgach, mo'ysafid yashagan mahallaga borib, uni surishtirsa, vafot etgan ekan. Merosxo'rlariga beray, desa o'zi yolg'iz yashagan ekan. Aytishlariga qaraganda bir kambag'alroq jiyani bor ekan, lekin u bilan ham: “Sen meros olish uchun mening o'limimni kutib yuribsan”, deb ranjitaverganidan yigit shahardan bosh olib ketib qolgan ekan.
Savdogar yana boshqa merosxo'r chiqib qolar, degan niyatda pulini asrab qo'ydi. Oradan ko'p o'tmay Chin mamlakatida undan qalayni sotib olgan yigit kelib qoldi.
Men qalayini uyga olib borib sindirib ko'rsam, orasidan oltin chiqdi. Men sizdan oltin emas, qalay sotib olgan edim, bu oltinlar men uchun haromdir, deb ortingizdan surishtirib yurib topib keldim”, deb kelganining sababini tushuntirdi yigit.
Savdogar ham unga qalayni qanday qilib olib, unga nima uchun sotganini, cholning merosxo'ri ketib qolgani haqida batafsil gapirib berdi. Bu so'zlarni eshitgan yigit kulib yubordi.
“U mo'ysafid mening amakim bo'ladi. Men o'sha yolg'iz merosxo'rman. Amakim boyligini suvga tashlashidan maqsad meni merosdan mahrum qilish edi. Lekin Alloh taolo uni menga nasib qilgan ekan, o'zim ham bilmagan holda menga etkazdi”, dedi.
Yigitning chindan ham mo'ysafidga jiyan ekani tasdiqlangach, savdogar unga omonatni topshirdi.
Ha bandaning taqdirda yozilgan rizqi qanday bo'lmasin keladi. Faqat kimlardir shoshib, o'sha rizqqa harom yo'l orqali etishadi.
Ulug'bek qori YO'LDOShYeV
Joriy yilning 16 noyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida «Mustahkam ildizlar va kelajak istiqbollari» mavzusida Xalqaro bag‘rikenglik forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov onlayn tarzda ishtirok etib, «Jaholatga qarshi ma’rifat: diniy bag‘rikenglikning O‘zbekiston tajribasi» mavzusida ma’ruza qildi.
Qirol Abdulaziz nomidagi Milliy muloqot markazi shtab-kvartirasida tashkil etilgan anjumanda Saudiya Arabistoni Katta ulamolar kengashi a’zosi shayx Abdulboqiy bin Muhammad Ol ash-Shayx Muborak, «Alvalid» jamg‘armasi bosh kotibi malika Lamiya bint Majid Ol Saud, Raqamli hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi apparati rahbari Hanin al-Foris, Qirol Abdulaziz nomidagi kutubxona bosh direktori Faysal bin Abdurahmon bin Muammar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Forumda diniy bag‘rikenglikning islomiy asoslari, uning tarixiy va sivilizatsiyaviy ildizlari, oila, ta’lim va jamiyatda o‘zaro hurmat muhitini shakllantirish, shuningdek, raqamli davrda mutaassiblik va nafrat tiliga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
Firdavs Abduxoliqov o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida shakllangan tarixiy va zamonaviy tajriba, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» g‘oyasining xalqaro ahamiyati hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ushbu yo‘nalishdagi faoliyati haqida so‘z yuritdi.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi 2018 yil 12 dekabrda BMT tomonidan qabul qilingani O‘zbekistonning jahonda tinchlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarining muhim natijasi sifatida qayd etildi.
Ma’ruzachi mazkur tashabbusning mazmun-mohiyatini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan bog‘lab, uning asosiy maqsadi ilm-ma’rifatni keng targ‘ib etish, tarixiy merosni chuqur o‘rganish va inson qadrini ulug‘lash ekanini ta’kidladi.
«Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” g‘oyasi bugun xalqaro miqyosda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan va 2018 yilda BMT tomonidan qabul qilingan mazkur rezolyutsiya jahonda tinchlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbusdir.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bosh g‘oyasi ham aynan shu tamoyilga asoslanadi. Markazga qadam qo‘yayotgan har bir insonni ilmga da’vat kutib oladi: o‘qi, o‘rgan, ma’rifatli bo‘l! O‘z tarixingni angla, dunyoni tani, insonning qadriga yet! Jaholatning millati ham, chegarasi ham yo‘q. U har qanday jamiyatda mutaassiblik va murosasizlikni oziqlantirishi mumkin. Shuning uchun ma’rifat va bag‘rikenglikni mustahkamlash barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir», — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Ma’ruzada bugungi global axborot makonida islomofobiya, diniy qadriyatlarni noto‘g‘ri talqin qilish va asossiz tasavvurlarning tarqalishi jiddiy muammolardan biriga aylanayotgani ta’kidlandi. Bunday sharoitda xolis bilim, tarixiy haqiqat va media savodxonlikni keng targ‘ib etish, yosh avlodda turli madaniyat va e’tiqodlarga nisbatan hurmat tuyg‘usini shakllantirish muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 diniy konfessiyaga mansub fuqarolar tinch-totuv yashayotgani qayd etildi. Vijdon erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlari va diniy sohadagi davlat siyosati jamiyatda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashning muhim omillari sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Firdavs Abduxoliqov O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining turli xalqlar va dinlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, ma’rifiy muloqot va mushtarak tarixiy merosni anglashga xizmat qiluvchi zamonaviy ilmiy-ma’rifiy maskan sifatidagi ahamiyatiga ham alohida to‘xtaldi.
Markaz ekspozitsiyalarida islom sivilizatsiyasi bilan bir qatorda buddaviylik, zardo‘shtiylik va nasroniylik tarixiga oid meros namunalarining ham o‘rin olgani turli madaniyat va e’tiqodlarga hurmat tamoyilining amaliy ifodasi ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, Markazning xalqaro e’tiroflari — Ginnessning jahon rekordlari tashkiloti tomonidan maydoni bo‘yicha dunyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida qayd etilgani, «Prix Versailles» xalqaro mukofoti doirasida 2026 yilning eng go‘zal muzeylari qatoriga kiritilgani hamda TURKSOY tomonidan «Turk dunyosining eng yaxshi muzeyi» deb e’tirof etilgani haqida ma’lumot berildi.
Ma’ruzada 2026 yil 6 noyabr kuni Ostona shahrida Aqaba jarayoni doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Raqamli davrda jaholatga qarshi ma’rifat» xalqaro dasturi tashabbusi ham tilga olindi. Markaz negizida amalga oshirilishi taklif etilgan mazkur dastur ko‘p tilli ma’rifiy resurslar yaratish, diniy arboblarni raqamli axborot muhitida ishlashga tayyorlash va yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi tarixiy-ma’naviy aloqalar, ikki xalqni bog‘lab turuvchi mushtarak ilmiy meros haqida so‘z yuritildi. Buxoroda tavallud topgan Imom Buxoriyning Makka va Madinada ilm olgani ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy-ma’naviy rishtalarning yorqin namunasi sifatida qayd etildi.
Markaz xalqaro hamkorlar bilan qo‘lyozmalarni o‘rganish va raqamlashtirish, qo‘shma ilmiy nashrlar hamda ko‘rgazmalar tashkil etish, islomning insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlarini targ‘ib qiluvchi ko‘p tilli raqamli materiallar yaratish, yosh tadqiqotchilar va pedagoglar uchun qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishga tayyor ekani bildirildi.
Forumning boshqa ishtirokchilari ham bag‘rikenglikni jamiyat barqarorligi, tinch-totuvlik va o‘zaro hamjihatlikning muhim sharti sifatida baholadilar. Xususan, Qirol Abdulaziz nomidagi kutubxona bosh direktori Faysal bin Abdurahmon bin Muammar o‘z chiqishida bag‘rikenglik, muloqot, hamkorlik va tinch-totuv yashash bir-biri bilan chambarchas bog‘liq tushunchalar ekanini ta’kidladi.
Uning fikricha, haqiqiy bag‘rikenglik faqat boshqalarning mavjudligini tan olish bilangina cheklanmaydi. U adolat, tenglik, inson qadr-qimmati va huquqlarini hurmat qilish, turli qarash va e’tiqod egalari bilan o‘zaro muloqotga tayyor turishni ham talab etadi. Jamiyatdagi madaniy, diniy va dunyoqarashga oid farqlarni ziddiyat manbai sifatida emas, balki o‘zaro anglashuv va taraqqiyot uchun imkoniyat sifatida qabul qilish muhimdir.
Faysal bin Abdurahmon bin Muammar ta’lim-tarbiyaning ham bu jarayondagi o‘rniga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish bolalikdan boshlanishi, oila, maktab va ta’lim muassasalarida insonlarning bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga asoslangan muhit qaror topishi lozim. Bilim va ma’rifat kishilar o‘rtasidagi noto‘g‘ri tasavvurlar, asossiz stereotiplar va kamsitish holatlarining oldini olishda muhim vosita hisoblanadi.
Saudiya Arabistoni Katta ulamolar kengashi a’zosi shayx Abdulboqiy bin Muhammad Ol ash-Shayx Muborak esa diniy bag‘rikenglikning islom ta’limotidagi mustahkam asoslariga to‘xtaldi. U islom dinining qariyb o‘n to‘rt asrlik tarixida insonlar o‘rtasida mehr-shafqat, rahmdillik, o‘zaro hurmat va murosaga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
Shayx Abdulboqiyning qayd etishicha, e’tiqod va madaniyatdagi farqlar insonlar o‘rtasida adovat keltirib chiqarmasligi, aksincha, o‘zaro bilish, hamkorlik va hamjihatlikka xizmat qilishi kerak. Islomning rahm-shafqat va bag‘rikenglikka asoslangan ta’limoti turli qarash va e’tiqod vakillari bilan tinch-totuv yashash, inson qadrini hurmat qilishga chorlaydi.
Forumda bildirilgan fikrlar shuni ko‘rsatdiki, diniy bag‘rikenglik faqat nazariy tushuncha emas, balki kundalik hayotda, ta’lim-tarbiyada, jamoatchilik munosabatlarida va davlatlararo hamkorlikda namoyon bo‘lishi lozim bo‘lgan muhim qadriyatdir. Bu borada ma’rifat, ochiq muloqot, o‘zaro ishonch va inson huquqlarini hurmat qilish jahonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Forum yakunida bag‘rikenglikni oila, ta’lim va jamiyat hayotida mustahkamlash, turli madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan insonparvarlik qadriyatlarini targ‘ib etish yo‘lida samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati