Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

Ilm olish fazilati

11.06.2024   9776   4 min.
Ilm olish fazilati

Alloh taolo bandalariga ilm o’rganishni farz qildi. Binobarin Payg’ambarimiz (sallohu alayhi vasallam)ga Alloh taolo tomonidan nozil qilingan dastlabki oyat “O’qing!” deb boshlangan edi. Shundan ko’rinib turibdiki, Alloh taolo ilm olishni dunyodagi barcha mashg’ulotlardan afzalligini bayon qilib bermoqda. 

Ilm bu – nurdir. U bilan inson jannat tomon eltuvchi yo’lini yoritadi. Ilm qanchalik kuchli bo’lsa u shunchalik kengroq yerni yoritadi. Dunyodagi barcha narsa vaqt o’tib, ishlatilib, kamayishi aniq, lekin, ilm qancha ishlatilmasin ortsa ortadiki hech qachon kamaymaydi.

Ilm olish inson uchun naqadar bebaho ne’mat hisoblanadi. Nafaqat ilm olish balki uni tarqatish ham saodatli amallardan biridir. Shu bois, Alloh taolo Payg’ambarimiz ( sallohu alayhi vasallam ) ning ba’zi sahobalariga ilm olib, uni tarqatishni Islom dini yo’lida jihodga chiqishdan ham afzal ko’rib quyidagi oyati karimani nozil qildi: «Axir ulardan har bir guruhdan  bir toifa odamlar (jang uchun) chiqmaydilarmi?! (Qolganlari esa Madinada) dinni o‘rganib, (jangga ketgan) qavmlari ularning  oldilariga qaytgan vaqtlarida, u qavmlar Allohning azobidan saqlanishlari  uchun ularni  ogohlantirgani (qolmaydilarmi)?!»  (Tavba surasi, 122oyat).

Boshqa bir oyatda aytiladi:  «Agar bilmasangiz, ahli ilmlardan so‘rangiz»  (Nahl surasi, 43-oyat).

Albatta, ahli ilmlar, shariat ahkomlarini puxta egallagan ulamolarimiz biz bilmagan savollarga javob topib, bizdagi johillik zulmatini ilm nuri ila yoritib beradilar. 

Barchamizga hadislardan ma’lumki, ilm olish har bir musulmon erkak ayolga birdek farzdir.     

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ilm  olish fazilatini shunday bayon qiladilar:

«Alloh taolo insonlarga bergan ilmini ulardan qaytarib olmaydi. Lekin ilm olimlarning ketishi bilan yo‘qoladi. Har bir olim qaytsa (vafot qilsa), u bilan birga undagi ilm  ham ketadi.  Hattoki diniy maqomlar nodon, johil rahbarlar qo‘lida qoladi.  Ulardan fatvo so‘ralsa, johilona fatvo beradilar, o‘zlari ham adashadilar, boshqalarni ham adashtiradilar».

Yuqoridagi hadisdan biz, ilm o’z sohibini tark etmasligini va shu bilan bir qatorda agar Alloh taolo bandalaridan ilmni ko’tarib qo’yishni iroda etsa, avvalo, ilm sohiblarini ya’ni olimlarni ketkazish bilan o’sha qavmdan ilmni ko’tarib qo’yishligini tushunib olishimiz mumkin bo’ladi. Bu ham yetmagandek johil insonlar diniy maqomlarni egallab, o’zlari xoxlagancha fatvo va buyruqlar berib, o’zlarini ham boshqalarni ham yo’ldan ozdirishlarima’lum qilinmoqda.

Banda uchun afzal ilm bu hol ilmidir. Ayni paytda bajarilishi lozim bo’lgan amalning ilmini bilmog’i insonga lozim bo’ladi. Shunda qiladigan ishi nuqson va kamchiliklardan holi va  ilm bilan bo’lgani sababidan mukammal bo’ladi.

Payg’ambarimiz (sallohu alayhi vasallam) ning madrasalarida ta’lim olgan buyuk sahobalar ham ilmning yuksak cho’qqilariga ko’tarilganlar. Ulardan eng mashxurlari Ali roziyallohu anhu bo’lib, Payg’ambarimiz (sallohu alayhi vasallam) u zot haqida shunday ta’rif aytganlar: “ Men ilm shahri bo’lsam Ali uning darvozasidir”. 

Yana bir ulug’ sahoba ibn Abbos ilm olish jarayonida qanday qiyinchilik ko’rganlari va uning natijasida yuksak darajaga erishganlari haqida shunday deganlar: 

 «Ilm olishda  (qiynaldim), bir oz xorlandim, tilagim hosil bo‘lgach, azizu mukarram bo‘ldim». 

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, ilm olishni aslo to’xtatmaslik zarur. Zero, Payg’ambarimiz ( sallohu alayhi vasallam)“ Beshikdan to qabrgacha ilm izlanglar!” deb  aytib turibdilar. Ilm o’z sohibiga qiyomatda yo uning zarariga yoki foydasiga hujjat bo’lishi mumkin. Qolgani esa bandaning o’ziga ta’luqlidir. Foydali ilm olib va unga amal qilib dunyo-yu oxiratda saodatmand bo’ladi. Yoki buning aksi ham bo’lishi hech gap emas. 

Odilxon Abduraxmanov,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-noibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

25.08.2026   64254   2 min.
Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.

Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.

Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.

Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana

O'zbekiston yangiliklari