Saudiya Arabistoni rasmiylari Hajda qatnashish uchun ro'yxatdan o'tmagan 300 mingdan ortiq odamni hibsga oldi.
Sharqpress xabariga ko'ra, oxirgi kunlarda qo'lga olinganlar orasida ziyorat vizasi o'rniga turistik vizada Haj ziyoratiga borishga uringan 157 mingga yaqin xorijlik bor.
Haj xavfsizligi qo'mitasi rahbari Muhammad ibn Abdulloh Al-Basamiy Haj qoidalari va ko'rsatmalariga rioya qilmagan ziyoratchilarning 140 ta guruhi va 64 ta transport tashkiloti aniqlanganini ma'lum qildi.
Saudiya Arabistoni rasmiylariga ko'ra, 8 iyundan buyon mamlakatga ro'yxatdan o'tgan 1,3 milliondan ortiq ziyoratchi Hajda qatnashish uchun kelgan.
Saudiya Arabistoni rasmiylari har yili noqonuniy ravishda Haj ziyoratini ado etishga uringan shaxslarni qo'lga oladi. O'tgan yili 17 mingdan ortiq odam ruxsatsiz Hajga borishga uringani uchun hibsga olingan edi.
Avvalroq mamlakat hukumati xorij fuqarolari va rezidentlarini 2024 yilgi Hajda noqonuniy ishtirok etganlik uchun qattiq jazolanishidan ogohlantirgan edi. Bayonotga ko'ra, ziyorat qilish uchun ruxsatnomasi bo'lmagan shaxslar 2 oydan 6 oygacha qamoq jazosiga va 50 ming Saudiya riyoligacha (13,3 ming dollardan ortiq) jarimaga tortilishi mumkin.
Shuningdek, qonunbuzar xorijliklar deportatsiya qilinadi va mamlakatga kirishi 10 yilga taqiqlanadi.
Saudiya Arabistoni qonunchiligiga ko'ra, turistik viza bilan ziyorat qilish mumkin emas. Ziyorat uchun ikki xil viza mavjud - Haj vizasi va Umra vizasi. Bu ikki xil viza bo'lib, birini o'rniga boshqasidan foydalanish qoidabuzarlik hisoblanadi. Shuningdek, ushbu vizalar bilan mamlakat bo'ylab sayohat qilish mumkin emas: Jidda, Makka va Madinadan boshqa shaharlarga kirish cheklanadi.
kun.uz
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.