Ulamolar payg'ambarlar merosxo'rlaridir. Ular Rasululloh sollallohu alayh vasallamdan so'ng odamlarni haqqa chaqiradigan, johillarga ta'lim beradigan, adashganlarni yo'lga soladigan va bid'atlarning halq orasiga kirib kelishini oldini oladigan zotlardir. Alloh taolodan chin ma'noda qo'rqish olimlarning sifati ekanligini Haq taoloning O'zi Kalomi sharifida bayon qilgan.
وَمِنَ النَّاسِ وَالدَّوَابِّ وَالْأَنْعَامِ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ كَذَلِكَ إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاء إِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ غَفُورٌ
“Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo'rqarlar. Albatta, Alloh aziz va o'ta mag'firatli Zotdir” (Fotir surasi, 28-oyat).
Boshqa bir oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَتِلْكَ الْأَمْثَالُ نَضْرِبُهَا لِلنَّاسِ وَمَا يَعْقِلُهَا إِلَّا الْعَالِمُونَ
“Ushbu misollarni Biz odamlar uchun keltirurmiz. Lekin ularga olimlardan o'zgalarning aqllari etmas” (Ankabut surasi, 43-oyat).
Amr ibn Murra rahmatullohi alayhi shunday degan: “Agar Allohning Kitobidan biror oyatni tushunmasam o'shandan hijolatga tushaman. Chunki Alloh taolo: “Ushbu misollarni Biz odamlar uchun keltirurmiz. Lekin ularga olimlardan o'zgalarning aqllari etmas” degan.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ham ulamoning fazli to'g'risida bir necha hadislar vorid bo'lgan.
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Olimning obiddan ortiqligi, mening sizlarning eng pastingizdan ortiqligim kabidir. Darhaqiqat Alloh va Uning farishtalari, osmonlar va er ahllari hatto uyasidagi chumoli va hatto baliq odamlarga yaxshilikni ta'lim beradiganga salovat aytadi”, dedilar”. Abu Dovud, Termiziy va Ibn Moja rivoyati.
Olimlarga bo'ladigan ehtiromni ko'ring. Nafaqat insonlar, balki, tilsiz jonzotlar ham ularni hurmat qilar ekan. Olimlarning darajasi qanchalik balandligiga shu hadisning o'zi kifoya qiladi!
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilm talab qilib yo'lga chiqsa, Alloh uni jannat yo'llaridan bir yo'lga yo'llab qo'yadi. Darhaqiqat farishtalar qanotlarini ilm talab qiluvchi uchun rozi bo'lgan holida to'shab turishadi. Olim uchun osmonlaru erdagilar, suvdagi baliqlar istig'for aytadi. Olimning obiddan ortiqligi o'n to'rt kechalik oyning boshqa yulduzlardan ortiqligi kabidir. Darhaqiqat ulamolar nabiylarning merosxo'rlaridir. Nabiylar diynor va dirham meros qoldirishmagan. Ular ilm meros qoldirishgan. Kim uni olsa, to'liq nasibani olibdi”, dedilar” (Termiziy rivoyati).
Insonlarni ilmga qiziqtirish uchun bundan ortiq gap bo'lmasa kerak! Demak, haqiqiy boylik molu davlat emas, balki, ilmdir.
Olimga dushmanlik qilgan odam Allohga urush qilganga o'xshaydi. Alloh azza va jalla bilan urushgan g'olib bo'larmidi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh aytadi: “Kim mening do'stimga dushmanlik qilsa, unga urush e'lon qilaman”. Buxoriy rivoyati.
Ibn Hajar rohmatullohi alayhi aytadi: “Allohning do'stidan murod Allohni taniydigan, Uning toatida doim bo'ladigan olimdir” (Fathul Boriy, 11-jild, 342-bet).
Endi shu o'rinda salafi solihlarimiz ulamolarga, ustozlarga hurmat qilish borasida qanday yo'l tutganlarini ko'rib chiqsak.
Hatib Bag'dodiy Abu Hanifa va Shofe'iy rohimahumallohlarning shunday deyishganini rivoyat qiladi: “Agar fuqaholar Allohning do'stlari bo'lmasa, demak Allohning do'sti yo'qdir”.
Fuqaho degani Allohning dinini teran, chuqur anglovchi kishilar degani. Agar shular Allohning do'sti bo'lishmasa, unda kim ham Uning do'sti bo'la olar edi?!
Olimning fazlini Alloh va Uning Rasuli ulug'lab tursayu, unga nisbatan hurmatsizlik qilish darhaqiqat Alloh va Uning Rasuliga hurmatsizlik qilishdir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: “Kim faqihga aziyat etkazsa, darhaqiqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aziyat etkazibdi. Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aziyat etkazsa, darhaqiqat Alloh azza va jallaga aziyat etkazibdi” (Majmu' sharhul Muhazzab, 1-jild, 42-bet).
Ulamolarni g'iybat qilishning xatari boshqalarni g'iybat qilish xataridan ko'ra xavfliroqdir. G'iybatning yoqimsizligi o'limtik go'shtini eyishga o'xshatilgan bo'lsa, olimni g'iybat qilish uning zaharlangan go'shtini eyishga o'xshatilgan.
Imom Ahmad rohimahulloh aytadi: “Olimlarning go'shtlari zaharlangandir, kim uni hidlasa kasal bo'ladi, egan esa o'ladi”.
Demak, olimlarni g'iybat qilgan kishi aniq bir baloga yo'liqar ekan.
U kishi yana aytadi: “Kim olimga til tekkizsa, uning o'zi o'lishidan oldin qalbi o'ladi”.
Mo'min banda uchun qalbining o'lishidan ham kattaroq musibat bormi?!
Abdulloh ibn Muborak rohmatullohi alayhi aytadi: “Kim olimlarni pastga ursa, uning oxirati barbod bo'ladi, kim amirlarni pastga ursa, uning dunyosi barbod bo'ladi. Kim birodarlarini pastga ursa, uning odamgarchiligi barbod bo'ladi”.
Avzoiy rohmatullohi alayhi aytadi: “Ahli ilmlarni, xususan ularning ulug'larini ortidan gapirish gunohi kabiralardandir”.
Kabira gunohlar sirasiga namoz o'qimaslik, zino qilish, xamr ichish kabilar kiradi. Ulamolarning ortidan gapirib, ularni g'iybat qilish ham mana shunday og'ir gunoh ekan.
Abu Hanifa rohmatullohi alayhi aytadi: “Ustozim Hammodning uyi tomonga oyog'imni uzatmadim... U vafot topgach har namozim ortidan ota-onamga qo'shib unga ham istig'for aytardim”.
Ulug'larimizning ustozlariga bo'lgan hurmatlarini qarang! Ularga hurmat yuzasidan hatto uylari tarafga ham oyoqlarini uzutishmagan ekan.
Ulamolarni hurmat qilish iymonning salomatligiga dalildir. Ularni kamsitish esa nifoq alomatidir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni faqat munofiqlar yomon ko'rishar, u zotni kamsitishga harakat qilishardi. Olimlarimiz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning omonatlarini etkazuvchilardir. Shu ma'noda ularni yomon ko'rish munofiqlik alomatlardan deyiladi.
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayh vasallam: “Kattalarimizni ulug'lamagan, kichiklarimizga rahm qilmagan va olimlarimizning haqqini bilmagan ummatimdan emasdir”, dedilar” (Imom Munziriy “Targ'ib”da zikr qilgan. Hadisning sanadi hasandir).
Bu hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam juda og'ir gap aytyaptilar. “Ummatimdan emasdir” degani mening yo'limda emasdir degani. Inson uchun bundan og'ir musibat bormi?! Ikki olam sarvarining yo'llaridan boshqa yo'lda bo'lib qolishdan og'irroq holat bormi?! Shuning uchun olimlarning haqqiga rioya etish, ularni ikrom qilish kerak.
Salaflarimiz olimlarga go'zal munosabatda bo'lishardi
Sha'biy rohmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi: “Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu otga mindilar. Shunda Ibn Abbos roziyallohu anhumo otning yuganidan ushlab yura boshladilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu u kishiga: “Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilarining o'g'li, bunday qilmang”, dedilar. Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Olimlarimizga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz”, dedilar. Zayd roziyallohu anhu: “Qo'lingizni bering”, dedilar. U kishi qo'llarini uzatgan edilar, uni o'pib: “Nabiyimiz sollallohu alayh vasallamning ahli baytlariga shunday muomala qilishga buyurilganmiz”, dedilar” (Ibn Sa'd buni “Taboqot”da, Zahabiy “Siyar”da, Ibnul Javziy “Sifatus Sofva”da, Ibn Abdulbarr “Mujolasa” va “Javohirul ilm”da, Hofiz “Isoba”da rivoyat qilgan).
Bu odobning namunasini bizlarga meros qilib qoldirayotganlar ulug' sahobalardir.
Muslim ibn Hajjoj rahmatullohi alayhi Imom Buxoriy rahmatullohi alayhining oldilariga kelib: “Ey ustozlarning ustozi, muhaddislarning sayyidi, hadis illatlarining tabibi, keling oyog'ingizdan bir o'pay!” dedilar (Siyar A'lomin Nubalo).
Bu kabi tavoze' namunasi bizlarga meros qilib qoldirayotganlar ikki sahihning sohiblaridir.
Ishoq Shahidiy aytadi: “Yahyo Qattonni ko'rdim. Asrni o'qib so'ng masjidning minorasiga suyanib o'tirdi. Uning oldida Aliy ibn Madiniy, Ahmad ibn Hanbal, Yahyo ibn Ma'in va boshqalar tik turgan hollarida undan shom namoziga qadar hadis so'rashdi. Yahyo Qatton ularning birortasiga: “O'tir”, demadi, ular ham uning haybatidan va hurmatidan o'tirib olishmadi”.
Bu qadar fidoiylikning namunasi ummatning eng ishonchli insonlaridan sodir bo'lmoqda.
Ayyub rohmatullohi alayh aytadi: “Hasan Basriyning majlisida to'rt yil o'tirdim. Uning haybatidan biror narsa so'ray olmadim” (Hilyatul avliyo 3-jild, 11-bet).
Yuqoridagi misollardan ko'rinib turibdiki, ulamolarni, ustozlarni hurmat qilish har bir musulmonning vazifasidir. Afsuski, hozirgi paytda masjidlarda, ijtimoiy tarmoqlarda ahli ilmlar, ulamolarni g'iybat qilish, ochiqchasiga haqorat qilish, kamsitish, mensimaslik kabi ishlar avj olmoqda. Ulamolarni so'kish, haqorat qilish u yoqda tursin, ularga nisbatan qalbda adovat, nafrat bo'lishining o'ziyoq kishining munofiqligiga dalil ekan. Shuning uchun olimlarga nisbatan mehrli bo'lishimiz, ularning haqlariga Allohdan ofiyat so'rashimiz, xato qilgan bo'lsalar, Allohdan ular uchun mag'firat so'rashimiz lozim bo'ladi.
Alloh taolo barchamizni olimlar, ahli ilmlar, imomlarga nisbatan mehrli bo'lishimizni va ularni g'iybat qilishdan, so'kishdan tiyilib, haqlariga istig'for aytishimizni nasib etsin, omin.
O'MI Matbuot xizmati
Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".
Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).
Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”
Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.
O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.
Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi
Abdufattoh Musaxanov
Manba: @Softalimotlar