Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

Ulamolarni hurmat qilish vojib amal

04.10.2023   1704   10 min.
Ulamolarni hurmat qilish vojib amal

Ulamolar payg'ambarlar merosxo'rlaridir. Ular Rasululloh sollallohu alayh vasallamdan so'ng odamlarni haqqa chaqiradigan, johillarga ta'lim beradigan, adashganlarni yo'lga soladigan va bid'atlarning halq orasiga kirib kelishini oldini oladigan zotlardir. Alloh taolodan chin ma'noda qo'rqish olimlarning sifati ekanligini Haq taoloning O'zi Kalomi sharifida bayon qilgan. 

وَمِنَ النَّاسِ وَالدَّوَابِّ وَالْأَنْعَامِ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ كَذَلِكَ إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاء إِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ غَفُورٌ

“Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo'rqarlar. Albatta, Alloh aziz va o'ta mag'firatli Zotdir” (Fotir surasi, 28-oyat). 

Boshqa bir oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi: 

وَتِلْكَ الْأَمْثَالُ نَضْرِبُهَا لِلنَّاسِ وَمَا يَعْقِلُهَا إِلَّا الْعَالِمُونَ

“Ushbu misollarni Biz odamlar uchun keltirurmiz. Lekin ularga olimlardan o'zgalarning aqllari etmas” (Ankabut surasi, 43-oyat). 

Amr ibn Murra rahmatullohi alayhi shunday degan: “Agar Allohning Kitobidan biror oyatni tushunmasam o'shandan hijolatga tushaman. Chunki Alloh taolo: “Ushbu misollarni Biz odamlar uchun keltirurmiz. Lekin ularga olimlardan o'zgalarning aqllari etmas” degan.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ham ulamoning fazli to'g'risida bir necha hadislar vorid bo'lgan.

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Olimning obiddan ortiqligi, mening sizlarning eng pastingizdan ortiqligim kabidir. Darhaqiqat Alloh va Uning farishtalari, osmonlar va er ahllari hatto uyasidagi chumoli va hatto baliq odamlarga yaxshilikni ta'lim beradiganga salovat aytadi”, dedilar”. Abu Dovud, Termiziy va Ibn Moja rivoyati.

Olimlarga bo'ladigan ehtiromni ko'ring. Nafaqat insonlar, balki, tilsiz jonzotlar ham ularni hurmat qilar ekan. Olimlarning darajasi qanchalik balandligiga shu hadisning o'zi kifoya qiladi!

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilm talab qilib yo'lga chiqsa, Alloh uni jannat yo'llaridan bir yo'lga yo'llab qo'yadi. Darhaqiqat farishtalar qanotlarini ilm talab qiluvchi uchun rozi bo'lgan holida to'shab turishadi. Olim uchun osmonlaru erdagilar, suvdagi baliqlar istig'for aytadi. Olimning obiddan ortiqligi o'n to'rt kechalik oyning boshqa yulduzlardan ortiqligi kabidir. Darhaqiqat ulamolar nabiylarning merosxo'rlaridir. Nabiylar diynor va dirham meros qoldirishmagan. Ular ilm meros qoldirishgan. Kim uni olsa, to'liq nasibani olibdi”, dedilar” (Termiziy rivoyati).

Insonlarni ilmga qiziqtirish uchun bundan ortiq gap bo'lmasa kerak! Demak, haqiqiy boylik molu davlat emas, balki, ilmdir.  

Olimga dushmanlik qilgan odam Allohga urush qilganga o'xshaydi. Alloh azza va jalla bilan urushgan g'olib bo'larmidi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh aytadi: “Kim mening do'stimga dushmanlik qilsa, unga urush e'lon qilaman”. Buxoriy rivoyati.

Ibn Hajar rohmatullohi alayhi aytadi: “Allohning do'stidan murod Allohni taniydigan, Uning toatida doim bo'ladigan olimdir” (Fathul Boriy, 11-jild, 342-bet).

Endi shu o'rinda salafi solihlarimiz ulamolarga, ustozlarga hurmat qilish borasida qanday yo'l tutganlarini ko'rib chiqsak.

Hatib Bag'dodiy Abu Hanifa va Shofe'iy rohimahumallohlarning shunday deyishganini rivoyat qiladi: “Agar fuqaholar Allohning do'stlari bo'lmasa, demak Allohning do'sti yo'qdir”.

Fuqaho degani Allohning dinini teran, chuqur anglovchi kishilar degani. Agar shular Allohning do'sti bo'lishmasa, unda kim ham Uning do'sti bo'la olar edi?!

Olimning fazlini Alloh va Uning Rasuli ulug'lab tursayu, unga nisbatan hurmatsizlik qilish darhaqiqat Alloh va Uning Rasuliga hurmatsizlik qilishdir.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: “Kim faqihga aziyat etkazsa, darhaqiqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aziyat etkazibdi. Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aziyat etkazsa, darhaqiqat Alloh azza va jallaga aziyat etkazibdi” (Majmu' sharhul Muhazzab, 1-jild, 42-bet).

Ulamolarni g'iybat qilishning xatari boshqalarni g'iybat qilish xataridan ko'ra xavfliroqdir. G'iybatning yoqimsizligi o'limtik go'shtini eyishga o'xshatilgan bo'lsa, olimni g'iybat qilish uning zaharlangan go'shtini eyishga o'xshatilgan.

Imom Ahmad rohimahulloh aytadi: “Olimlarning go'shtlari zaharlangandir, kim uni hidlasa kasal bo'ladi, egan esa o'ladi”.

Demak, olimlarni g'iybat qilgan kishi aniq bir baloga yo'liqar ekan.

U kishi yana aytadi: “Kim olimga til tekkizsa, uning o'zi o'lishidan oldin qalbi o'ladi”.

Mo'min banda uchun qalbining o'lishidan ham kattaroq musibat bormi?!

Abdulloh ibn Muborak rohmatullohi alayhi aytadi: “Kim olimlarni pastga ursa, uning oxirati barbod bo'ladi, kim amirlarni pastga ursa, uning dunyosi barbod bo'ladi. Kim birodarlarini pastga ursa, uning odamgarchiligi barbod bo'ladi”.

Avzoiy rohmatullohi alayhi aytadi: “Ahli ilmlarni, xususan ularning ulug'larini ortidan gapirish gunohi kabiralardandir”.

Kabira gunohlar sirasiga namoz o'qimaslik, zino qilish, xamr ichish kabilar kiradi. Ulamolarning ortidan gapirib, ularni g'iybat qilish ham mana shunday og'ir gunoh ekan.

Abu Hanifa rohmatullohi alayhi aytadi: “Ustozim Hammodning uyi tomonga oyog'imni uzatmadim... U vafot topgach har namozim ortidan ota-onamga qo'shib unga ham istig'for aytardim”.

Ulug'larimizning ustozlariga bo'lgan hurmatlarini qarang! Ularga hurmat yuzasidan hatto uylari tarafga ham oyoqlarini uzutishmagan ekan.

Ulamolarni hurmat qilish iymonning salomatligiga dalildir. Ularni kamsitish esa nifoq alomatidir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni faqat munofiqlar yomon ko'rishar, u zotni kamsitishga harakat qilishardi. Olimlarimiz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning omonatlarini etkazuvchilardir. Shu ma'noda ularni yomon ko'rish munofiqlik alomatlardan deyiladi. 

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayh vasallam: “Kattalarimizni  ulug'lamagan, kichiklarimizga rahm qilmagan va olimlarimizning haqqini bilmagan ummatimdan emasdir”, dedilar” (Imom Munziriy “Targ'ib”da zikr qilgan. Hadisning sanadi hasandir).

Bu hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam juda og'ir gap aytyaptilar. “Ummatimdan emasdir” degani mening yo'limda emasdir degani. Inson uchun bundan og'ir musibat bormi?! Ikki olam sarvarining yo'llaridan boshqa yo'lda bo'lib qolishdan og'irroq holat bormi?! Shuning uchun olimlarning haqqiga rioya etish, ularni ikrom qilish kerak. 

Salaflarimiz olimlarga go'zal munosabatda bo'lishardi

Sha'biy rohmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi: “Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu otga mindilar. Shunda Ibn Abbos roziyallohu anhumo otning yuganidan ushlab yura boshladilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu u kishiga: “Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilarining o'g'li, bunday qilmang”, dedilar. Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Olimlarimizga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz”, dedilar. Zayd roziyallohu anhu: “Qo'lingizni bering”, dedilar. U kishi qo'llarini uzatgan edilar, uni o'pib: “Nabiyimiz sollallohu alayh vasallamning ahli baytlariga shunday muomala qilishga buyurilganmiz”, dedilar” (Ibn Sa'd buni “Taboqot”da, Zahabiy “Siyar”da, Ibnul Javziy “Sifatus Sofva”da, Ibn Abdulbarr “Mujolasa” va “Javohirul ilm”da, Hofiz “Isoba”da rivoyat qilgan).

Bu odobning namunasini bizlarga meros qilib qoldirayotganlar ulug' sahobalardir.

Muslim ibn Hajjoj rahmatullohi alayhi Imom Buxoriy rahmatullohi alayhining oldilariga kelib: “Ey ustozlarning ustozi, muhaddislarning sayyidi, hadis illatlarining tabibi, keling oyog'ingizdan bir o'pay!” dedilar (Siyar A'lomin Nubalo).

Bu kabi tavoze' namunasi bizlarga meros qilib qoldirayotganlar ikki sahihning sohiblaridir.

Ishoq Shahidiy aytadi: “Yahyo Qattonni ko'rdim. Asrni o'qib so'ng masjidning minorasiga suyanib o'tirdi. Uning oldida Aliy ibn Madiniy, Ahmad ibn Hanbal, Yahyo ibn Ma'in va boshqalar tik turgan hollarida undan shom namoziga qadar hadis so'rashdi. Yahyo Qatton ularning birortasiga: “O'tir”, demadi, ular ham uning haybatidan va hurmatidan o'tirib olishmadi”.

Bu qadar fidoiylikning namunasi ummatning eng ishonchli insonlaridan sodir bo'lmoqda.

Ayyub rohmatullohi alayh aytadi: “Hasan Basriyning majlisida to'rt yil o'tirdim. Uning haybatidan biror narsa so'ray olmadim” (Hilyatul avliyo 3-jild, 11-bet).

Yuqoridagi misollardan ko'rinib turibdiki, ulamolarni, ustozlarni hurmat qilish har bir musulmonning vazifasidir. Afsuski, hozirgi paytda masjidlarda, ijtimoiy tarmoqlarda ahli ilmlar, ulamolarni g'iybat qilish, ochiqchasiga haqorat qilish, kamsitish, mensimaslik kabi ishlar avj olmoqda. Ulamolarni so'kish, haqorat qilish u yoqda tursin, ularga nisbatan qalbda adovat, nafrat bo'lishining o'ziyoq kishining munofiqligiga dalil ekan. Shuning uchun olimlarga nisbatan mehrli bo'lishimiz, ularning haqlariga Allohdan ofiyat so'rashimiz, xato qilgan bo'lsalar, Allohdan ular uchun mag'firat so'rashimiz lozim bo'ladi.

Alloh taolo barchamizni olimlar, ahli ilmlar, imomlarga nisbatan mehrli bo'lishimizni va ularni g'iybat qilishdan, so'kishdan tiyilib, haqlariga istig'for aytishimizni nasib etsin, omin.

 

O'MI Matbuot xizmati

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   943   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA