2024 yil 15 iyun' shanba kuni zulhijja oyining 9-kuni – arafa kunidir.
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro'zasi o'zidan avvalgi bir yil va o'zidan keyingi bir yilning gunohlariga kafforat bo'lishini Allohdan umid qilaman”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Og'iz yopish va ochish vaqti (Toshkent vaqti bilan):
Saharlik (og'iz yopish) vaqti: 03:00
Iftorlik (og'iz ochish) vaqti: 20:02
Niyati: Holis Alloh uchun nafl ro'za tutishni niyat qildim.
G'aflatda qolmang! Arafa kuni ro'zasini tutishni o'tkazib yubormang! Buni boshqalarga ham eslating. Ehtimol Siz sababli boshqalar ham ro'za tutar.
Davron NURMUHAMMAD
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati