Misr radiosi rahbari Muhammad Nur Qur'on radiosini mamlakatdagi eng mashhur efir deb ta'riflab, bunday dedi: Misrda har kuni 60 million kishi Qur'on radiosini tinglaydi.
IQNA saytining “Youm7”ga tayanib xabar berishicha, Misr radiosi rahbari Muhammad Nur Misr radiosi tashkil etilganining 90 yilligiga bag'ishlangan interv'yuda bunday dedi: Misr radiosi 8 ta radiokanaldan iborat. Har bir kanalning odamlar orasida o'ziga xos mashhurligi bor. Ammo Qur'oni karim radiosi Misrdagi eng muhim radio hisoblanadi.
Uning so'zlariga ko'ra, so'nggi bir necha yil ichida ushbu radioning tinglovchilari soni 50 milliondan 60 millionga oshgan va uni xalq orasida etakchi tarmoq deb hisoblash mumkin.
Avvalroq, Misr Vaqflar va islom ishlari vazirligi rasmiylari radio tashkil etilganidan buyon ilk bor Misrdagi Qur'oni karim radiosiga Qur'on o'qish uchun 12 nafar yosh Qur'on olimi ishga olinishini ma'lum qilgan edi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Matbuot xizmati.
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati