Cavol: Bilamizki, dinimizda erkaklar ipak matodan kiyim kiyishi man qilingan. Bir shim sotib olgandim. Shu shimning 70 % matosi sun'iy ipak deb yozibdi, ya'ni sun'iy ipak ekan. Shu shimni kiyish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Sun'iy ipak haqiqiy ipakka muqobil ravishda ishlab chiqarilgan mato turi xolos. Unga haqiqiy ipakning hukmi berilmaydi. Undan tikilgan kiyimlarni kiyish erkaklar uchun joizdir. Hadislarda taqiqlangan ipak haqiqiy, tabiiy ipakdir.
Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ipak kiyim va tilla ummatimning erkaklariga harom qilindi, ayollariga halol qilindi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ipakning erkaklarga harom qilinishi hikmati, bu mato juda nafis va muloyim bo'lib, ayollik tabiati hamda latofatiga mos keladi. Aksincha erkaklarning tabiatiga esa muvofiq kelmaydi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi
Hayotning bo‘ronli kunlariyu o‘tkir tig‘li hanjarlari unga ozor berishiga qaramay Allohning qadari va irodasiga rozi bo‘lib uyquga ketgan, mahzunlik uning qalbiga kirishga yo‘l topa olmayotgan, ko‘z yoshlar esa ko‘ziga hech o‘rnasha olmayotgan va farzandi, suyukli insonlari, ota-onasi yoki do‘stlarini yo‘qotgan barcha insonlarga aytar gapimiz: Alloh ajringizni ulkan qilib bersin! Darajangizni oliy qilsin! Siniqligingiz o‘rnini O‘zi to‘ldirib bersin! U zot bunday marhamat qiladi:
﴿وَاسْتَعِينُوا بِالصَّبْرِ وَالصَّلَاةِ وَإِنَّهَا لَكَبِيرَةٌ إِلَّا عَلَى الْخَاشِعِينَ﴾
“Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir” (Baqara surasi, 45-oyat).
Hazrati Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Sabrning iymondagi o‘rni boshning jismdagi o‘rni kabidir”. Shuning uchun siz sabringiz evaziga beriladigan mukofot – Firdavs jannatini qo‘lga kiritishingiz sizga xushxabar bo‘lsin! Tez orada siz har qanday holatda ham muvaffaqiyat qozongan inson ekaningizni bilasiz. Chunki Alloh taolo O‘zining Payg‘ambariga bunday deydi:
﴿وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ﴾
“Va sabrlilarga bashorat ber” (Baqara surasi, 155-oyat).
Shu’la: O‘zingizga bo‘lgan ishonch umringiz qanday bo‘lishidan qat’iy nazar sizga yangi g‘oyalar ijod etishingiz va o‘z kasbingizda yangi marralarni zabt etishingizga yordam beradi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan