Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Noyabr, 2026   |   18 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:21
Peshin
12:16
Asr
15:14
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
28 Noyabr, 2026, 18 Jumadul soni, 1448

Yazid ibn Muoviya

04.10.2023   2059   18 min.
Yazid ibn Muoviya

Islom tarixida shunday insonlar borki, ularning solih va fozil inson bo'lib yashaganiga ulamolarning bari ittifoq qilganlar. Masalan, Abu Bakr, Umarlar singari (roziyallohu anhum). Shuningdek, yana shunday insonlar borki, ularni Islomning ashaddiy dushmani, johil va fosiq kimsa ekaniga barcha ulamolar ittifoq qilganlar. Masalan, Abu Jahl, Abu Lahablar singari (alayhimulla'na). Lekin tarix zarvaraqlarida yana shunday insonlar nomi qolganki, ularning solih kishi yoki fosiq kishi bo'lib o'tganliklari borasida ulamolar yakdil fikrga emaslar. Shulardan biri – Yazid ibn Muoviya.

Yazid ibn Muoviya (Alloh uni otasidan rozi bo'lsin, o'ziga esa Allohdan haqli bo'lgani bo'lsin) – umaviylar davlatining asoschisi Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhudan keyingi ikkinchi xalifadir. Uning otasi – umaviylar davlatining birinchi xalifasi Muoviya ibn Abu Sufyon (roziyallohu anhu)[1] edi. Bobosi Abu Sufyon ibn Harb (roziyallohu anhu) johiliyat va undan keyingi davrda ham Quraysh qavmi orasida yuksak martabali shaxs edi[2]. Buvisi Qurayshning mashhur zodagoni Utba ibn Robianing qizi, qavmi orasidagi eng baobro' ayol - Hind binti Utba, ammasi Ramla (Ummu Habiba) – Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning rafiqalari, amakisi Yazid ibn Abu Sufyon (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) va ularning avvalgi ikki xalifasi – Abu Bakr va Umar (roziyallohu anhumo)larning janglardagi ishonchli qo'mondoni edi.

Yazid ona tomondan ham ulug' nasab egasi bo'lib, onasi – Maysuna binti Bahdal[3] aql-zakovatli arab shoiralaridan edi. Tog'alari esa Arabiston yarim orolidagi nufuzli Kalb qabilasidan edilar.

 Yazidning to'liq ismi - Yazid ibn Muoviya ibn Abu Sufyon ibn Harb ibn Umayya; kunyasi – Abu Holid. Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu)ning xalifalik davrida hijratning 26 yili, milodiy 647 yilda Motirun qishlog'ida tug'ilgan[4].

Imom Zahabiy o'zining “Siyari a'lamin nubalo” asarida bir rivoyatni keltiradi: “Muoviya Maysuna binti Bahdal Kalbiyyaga uylandi. U Yazidga homilador ekanida uni taloq qildi. Maysuna bir kuni tushida undan oy chiqib kelayotganini ko'rsa, unga: “Sen xalifani dunyoga keltirasan”, deb ta'bir qilishdi”[5]

Yazidning bolaligi go'zal islomiy muhitda o'tdi. Ammo otasi u tug'ilgan vaqtida onasini taloq qilgani sababli ma'lum muddat tog'alari bilan yashadi. Tarix kitoblarida Muoviya (roziyallohu anhu) nima uchun xotinini taloq qilgani va bu davrda Yazidning yoshi nechada bo'lgani haqida ma'lumotlar uchramaydi. Bir qancha muddatdan so'ng otasining buyrug'i bilan Damashqqa keldi, bu erda u otasining majlislarida qatnashib, uning siyosiy qarashlarini o'rgandi. U aka-ukalarsiz, yolg'iz muhitda katta bo'ldi. Yazid Damashqqa kelgach, otasi unga Dag'fal ibn Hanzala Shayboniy, Ubayd ibn Shariyya Jurhumiy[6] kabi tarbiyachilar, olimlar, nasabchilarni tayin qildi. Ushbu olimlar Yazidning nasab ilmini bilishida katta ahamiyat kasb etishdi. Muoviya (roziyallohu anhu) yoshligidan farzandining ta'lim-tarbiyasini mukammal olishiga bor e'tiborini qaratdi va barcha sharoitlarni yaratib berdi. U o'g'lini o'zining majlislarida qatnashishni talab qilardi. Shu bois Yazid otasining oldiga elchi bo'lib kelgan arablar hikmatini eshitardi. Bu majlislarda lug'atshunos olimlar ham ishtirok etardi.

Yazid ibn Muoviya uch ayolga uylangan. Ulardan ma'lumlari – Ummu Miskin binti Umar ibn Hattob, Ummu Gulsum binti Abdulloh va Foxina binti Abu Hoshim[7].

Ba'zi ulamolar uning farzandlari to'g'risida ixtilof qilishgan. Ibn Kasir ularning soni cheksiz, degan. Alloma Balozariy esa quyidagilarni sanab o'tgan:

  • Holid – kunyasi Abu Hoshim, to'ng'ich o'g'li, Muoviya va Abdulloh ismli o'g'illari bor. Otasidan, shuningdek, Dihyadan ham hadis rivoyat qilgan. Kimyo ilmi bilan shug'ullangan[8]. Abu Zur'a: “U va uning birodari qavmning solih kishilaridan edi”, degan. Ukasi Muoviya vafotidan so'ng xalifalikni egallamoqchi bo'lganda, Marvon uning yo'lini to'sgan. Hijratning 84 yoki 85-yili vafot etgan.
  • Harb - uning zurriyotlari Shomda tarqalgan[9].
  • Muoviya – solih yigit bo'lgan, kunyalari Abu Abdurrahmon, Abu Yazid. Otasidan so'ng 40 kun mobaynida xalifa bo'lgan, ammo kasalligi tufayli xalifalik vazifalari bilan shug'ullanolmagan. Onasi Abu Hoshim Utba ibn Robianing qizi. 17 yoki 21 yoki 23 yoshida vafot etgan, janoza namozini Marvon o'qigan. Vafot etayotganda unga: “Halifa qoldirmaysizmi?”, deyishsa: “Men hech ham uning halovatidan totmadim. Nima uchun uni qayta yuklayman?”, dedi[10].
  • Yazid - uning ham zurriyotlari Shomda tarqalgan.
  • Said.
  • Yazid - uning zurriyotlari Basrada tarqalgan.
  • Utba.
  • Harb.
  • Abdurrahmon – taqvodor va ibodatdorlardan. Savbon (roziyallohu anhu)dan hadis rivoyat qilgan. Rivoyatlarda u kishini ibodatda qattiq ijtihod qilgani aytilgan[11].
  • Abdulloh[12] – Yazidning Ummu Gulsum binti Abdullohdan bo'lgan o'g'li, “Asvar” laqabi bilan mashhur bo'lgan.
  • Abdulloh Asg'or.
  • Muhammad[13].

Yazidning qizlari haqida esa ma'lumotlar kam bo'lib, Ibn Kasir ulardan beshtasini sanab o'tgan: Otika, Ramla, Ummu Abdurrahmon, Ummu Yazid, Ummu Muhammad[14].

Yazid ibn Muoviyaning tashqi ko'rinishi to'ladan kelgan, sergo'sht, uzun sochli, uzun bo'yli, qorachadan kelgan, ko'zlarining oqi oppoq va qorasi qop-qora, ingichka va chiroyli soqol egasi, fasohatli shoir va xotib, saxiy, shijoatli, hayotida ortiqcha takalluf qilmaydigan kishi edi. Ibn Kasir siyrat kitobida Yazidda karamlilik, hilm, fasohat, mulkda go'zal o'yda bo'lishlik kabi maqtovli xislatlar bor bo'lganini sanab o'tgan[15].

Yazid ibn Muoviya otasidan birgina hadis rivoyat qilgan:

مَنْ يُرِدِ اللهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ[16]

“Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo'yadi”. Keyinchalik undan o'g'li Holid, Abdulmalik ibn Marvonlar rivoyat qilishgan.

Yazid ibn Muoviyaning fasohatli shoir bo'lgani haqida ham ma'lumot bor. Hatto Marzavoniy Yazidning she'rlarini to'plab devon holiga keltirgan.

Yazid ibn Muoviya milodiy 683 yil 10 noyabr', hijratning 64 yili rabiul avval oyining 14 kuni Damashqda 39 yoshida vafot etgan. Unga janoza namozini o'g'li Muoviya o'qigan[17].

Umaviy hukmdorlar borasidagi ma'lumotlar orasida aynan Yazid ibn Muoviya haqidagilari boshqalaridan turli-tumanlilik va ehtiyotkorona munosabatda bo'lish bilan o'ziga xos xususiyat kasb etadi. Negaki, tarixiy manbalarda uni solih kishi  bo'lganiga ham, ashaddiy fosiq kishi bo'lganiga ham dalolat qiluvchi xilma-xil rivoyatlar kelgan. U musulmon olamida shaxsiyati to'g'risida eng ko'p muhokama qilingan va ulamolar orasida ixtiloflarga sabab bo'lgan inson sanaladi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abu Said (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda: “Sahobalarimdan birortasini so'kmanglar! Chunki birortangiz Uhud tog'idek oltin infoq qilsangiz ham, ularning bir muddiga ham, uning yarmiga ham eta olmaydi”, deganlar. Yazid ibn Muoviya garchi sahoba bo'lmasa-da, yuqorida sanab o'tilgandek, sahobiylar oilasidan. Binobarin, Muhammad Anvar Badaxshoniy “Aqidatut-Tahoviya” asariga yozgan talxisida shunday deydi:

“Kim Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning sahobalari, har qanday razolatdan pok ayollari, har qanday qabohatdan pok zurriyotlari haqida yaxshi gaplar aytsa, munofiqlikdan xalos bo'libdi”[18]. Bu matnda kelgan “sahobalari” so'zidan garchi faqat ularning o'zlari tushunilsa-da, majozan ularning farzandlarini ham tushunishimiz lozim. Chunki farzand har doim o'z ota-onasiga nisbat beriladi, uning sha'niga aytilgan so'z farzandni o'ziga emas, ota-onasiga tegishli bo'ladi.  Yana bundan tashqari Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Ummatim qo'shinidan Qaysar shahriga birinchi bo'lib g'azot qilganga mag'firat bordir"[19], deganlar. Hijratning 49-yili Muoviya (roziyallohu anhu) Qustantaniyaga g'azot qilish uchun katta qo'shin tayyorladi va qo'shinga Yazidni qo'mondon qildi[20]. Shu tariqa Yazid ibn Muoviya hadisda aytib o'tilgan Qaysarning yurtiga ilk bor g'azot qilgan inson sanaladi.

Alloh taolo O'zining Kalomida mo'minlar tilidan ushbu duoni keltiradi: «Ey, Rabbimiz! O'zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o'tganlarni mag'firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!».  Alloh taolo ushbu oyatga muvofiq har birimizni avval o'tgan solih va fozil insonlarni yomon so'zlar bilan zikr qilish va qalbimizda ularga nisbatan adovat va g'ashlik uyg'onishdan pok aylasin.

Hadichai Kubro ayol-qizlar

o'rta maxsus islom bilim yurti talabasi

Rokiya Yusufiy va Sayyidjamol Masayitov 

tayyorladi.

 

 

 

[1]  Ibn Asokir. Tariyxu Dimashq. – Damashq: Dor ul-fikr, 1984. – J. 28. – S. 18;  Ibn Kasir. Al-bidoya van - nihoya. Qohira: Dor ul - hadis, 1992.  - J. 8. - S. 214

[2] Hasanov A. A. Qadimgi Arabiston va ilk Islom: I kitob. Johiliya asri. –T.: TIU, 2001. –B. 153.

[3] Jaloliddin Suyutiy. Halifalar tarixi. - Qohira: Dor ul - fikril arobiy, 1946. - S. 233; Ibn Asokir. Tariyxu Dimashq. – Damashq: Dor ul-fikr, 1984. – J. 28. – S. 18.

[4]  Wikipediya sayti. URL: http://ru. wikipedia.org./wiki/Yazid_Muoviya

[5] Imom Zahabiy. Siyari a'lamin-nubalo. - Lubnon-Bayrut: Muassasatur risala, 1996.  –J. 4.  –S.36; Ibn Asokir. Tariyxu Dimashq. – Damashq: Dor ul-fikr, 1984. – J. 28. – S. 19;  Ibn Kasir. Al-bidoya van - nihoya. Qohira: Dor ul - hadis, 1992.  - J. 8. - S. 214.

[6]Dag'fal ibn Hanzala Shayboniy – buyuk nasabshunos olim, Rasululloh (sollalohu alyhi vasallam) vafot etgan vaqtlarida 5 yosh bo'lgan. Muoviya (roziyallohu anhu) u bilan suhbatlashib, uning g'oyatda zakiyinson ekanligini fahmlaydi va shu boisdan ham o'g'lini unga shogirdlikka beradi.

 Ubayd ibn Shariyya Jurhumiy – arablarning mashhur muarrixlaridan. Hijriy 67-yili vafot etgan. Sahoba bo'lgani yoki bo'lmagani borasida ko'pgina ixtiloflar bor.

[7] Mahmud Shokir “At-tariyxul Islamiy” asarida va Muhammad Huzariy “Ad-davlatul Umaviyya” asarida  faqat Ummu Hoshim va Ummu Gulsumni zikr qilganlar.

[8] Mahmud Shokir. At-tariyxul Islamiy. – Bayrut-Lubnan: Maktabatul Islamiy, 2000. –J. 4. –S. 122; Imom Zahabiy. Siyari a'lamin-nubalo. - Lubnon-Bayrut: Muassasatur risala, 1996. –J. 5.  –S. 383; Ibn Kasir. Al-bidoya van - nihoya. Qohira: Dor ul - hadis, 1992.  - J. 8. - S. 223.

[9]  Ibn Kasir. Al-bidoya van - nihoya. Qohira: Dor ul - hadis, 1992.  - J. 5. - S. 645-646.

[10] Jaloliddin Suyutiy. Halifalar tarixi. - Qohira: Dor ul - fikril arobiy, 1946. - S. 239.

[11]  Imom Zahabiy. Siyari a'lamin-nubalo. - Lubnon-Bayrut: Muassasatur risala, 1996. –J. 6.  –S. 49.

[12]  Ibn Kasir uni ismini Abdulaziz deb zikr qiladi.

[13]  Mahmud Shokir keltirilganlarga qo'shimcha qilib Umar, Robe' ismli farzandlarni ham sanab o'tgan. Ibn Kasir esa Usmon ismli o'glini ham qo'shgan va ular sonini 15 ta degan.

[14] Ibn Kasir. Al-bidoya van - nihoya. Qohira: Dor ul - hadis, 1992.  - J. 8. - S. 224.

[15] O'sha asar. - S. 218.

[16] Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul boriy bisharhi Sohiyhil Buxoriy. – Qohira: Dor ur-Royyan lit-turos, 1988. – J. 1. –S. 197/ Imom Zabiydiy. Muxtasaru Sohiyhil Buxoriy. – Ar-Riyod: Maktabat ul-muayyad, 1992. – S. 27.

[17] Ibn Asokir. Tariyxu Dimashq. – Damashq: Dor ul-fikr, 1984. – J. 28. – S. 29/ Ibn Kasir. Al-bidoya van - nihoya. Qohira: Dor ul - hadis, 1992.  - J. 8. - S. 223.

[18] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Aqidatut-Tahoviya sharhining talxisi. –T.: Hilol-Nashr, 2015.

[19]  Muhammad Ismoil al-Buxoriy.  Oltin silsila - Sahihul Buxoriy. - T.: Hilol - Nashr, 2013. - J. 1. - B. 672.

[20] Imom Zahabiy. Siyari a'lamin-nubalo. - Lubnon-Bayrut: Muassasatur risala, 1996.  –J. 5.  –S. 35.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

27.11.2026   36409   2 min.
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

Ummat birligi yo‘lida:

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.

Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.

Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.

Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.

Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.

Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.

Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
MAQOLA