Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Noyabr, 2026   |   18 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:21
Peshin
12:16
Asr
15:14
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
28 Noyabr, 2026, 18 Jumadul soni, 1448

Yazid ibn Abu Sufyon

04.10.2023   3130   6 min.
Yazid ibn Abu Sufyon

Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam Yazid ibn Abu Sufyon Islomga kirganidan behad xursand bo'ldilar. Chunki uning tabiatida jasurlik, mardlik va muruvvat alomatlari balqib turardi.

Hunayn g'azotidan keyin unga hurmat-ehtirom ko'rsatilib, yuzta tuya va qirq uqiya (bir uqiya 119 gramm) kumush berilgan. Buni hazrat Bilol o'lchab-tortib, uyiga olib boradi. Bu sahoba Payg'ambarimizga qayni, ya'ni mo'minlar onasi Ramla binti Abu Sufyonning inisi bo'ladi. U Islom kelganda otasi Abu Sufyon ibn Harbning ra'yi uchun Islomni qabul qilmagandi. Otasi Islomga kirganidan keyin iymon keltirdi. Bu voqea Fath yilining Ramazon oyida sodir bo'ldi.

* * *
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa bo'lgach, bu umaviy qahramondagi kuch-g'ayrat, teran aql, qat'iyat va kuchli iymonni musulmonlar xizmatiga yo'naltirdi. Musulmon qo'shini rahbari etib tayinlashidan oldin, uni chaqirib bunday nasihat qildi:

«Ey Yazid, shu choqqacha qilgan ishlaring tufayli seni “Hayr” deb zikr etdik. Endi seni qo'shinga boshliq etib, bu ishda mahoratingni bilmoqchiman. Agar uddalasang, qo'shinga qo'mondon bo'lasan. Ey Yazid, Allohga taqvo qil. Qo'shindagilar bilan chiroyli muomalada bo'l. Ularni yaxshilikka boshla. Nasihatingni cho'zma. O'zingni isloh qilsang, odamlarni ham isloh qila olasan. Namozni o'z vaqtida ado et. Oldingga dushman elchilari kelsa, ularga izzat-ikrom ko'rsat, ammo huzuringda ko'p qolishiga ruxsat berma. Elchilarni lashkaring ko'p joyga tushir. Siringni sirtga chiqarma”.

Abu Bakr Siddiq Rum g'azoti uchun qo'shinni Shom diyoriga jo'natishga qaror qildi. Har tarafdan musulmonlar jamoasini to'pladi. Qo'shinni to'rt qismga taqsimlab, har bir guruhning bayrog'ini Bani Umayyaning qahramoni Yazid ibn Abu Sufyonga berdi.

Qo'shin Madinadan chiqib ketgach, hazrat Abu Bakr Siddiq musulmon qo'shini va uning yosh boshlig'i bilan xayrlashgani chiqdi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu piyoda, Yazid otda borardi. Yazid Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga:

– Ey Rasulullohning xalifasi, men otda yurib, siz piyoda yurasizmi?! – deb xijolatda ekanini izhor qildi va otidan tushmoqchi bo'ldi. – Yo siz ham otga mining, men tushay.

Abu Bakr qaytarib dedi:

– Men otga minmayman. Sen otdan tushmaysan, qadamlarim Allohning yo'lida deb hisoblayman.

So'ng Yazidga yana bunday nasihat qildi: “Sizlar turli va anvoyi taomlar tanovul etiladigan bir shaharga tushasizlar. Uning avvalida Allohning nomini zikr etinglar va uning oxirida Allohga hamd aytinglar. Noshukr va kibr-havo qilishdan ehtiyot bo'linglar. Men senga o'nta kalimani vasiyat qilaman: ayollarni, yosh bolalarni va keksa qariyalarni qatl etmanglar. Yana meva beradigan daraxtni kesmanglar. Obod uylarni vayron qilmanglar. Tuyani yo qo'yni faqat eyish niyatida so'yinglar. Bir tup xurmoni tahqirlamanglar. Hiyonat qilmanglar va yolg'on so'zlamanglar”.

* * *

Musulmon qo'shini Yarmukka tushgach, Yazid Rum qo'shini boshlig'iga gaplashib olmoqchi ekanini aytib, odam yubordi. Keyin bir necha sahoba bilan ular turgan joyga bordi. Rum qo'shini boshlig'i o'ziga hammayog'i ipak mato bilan o'ralgan katta chodir qurib olganini ko'rdilar. Yazid va u bilan birga kelganlar chodirga kirishdan bosh tortib: “Bizlar ipakni er kishiga halol deb bilmaymiz, o'zing oldimizga chiq”, deyishdi. Ularning talabiga binoan dushman qo'mondoni chodiridan chiqib gaplashdi. Ammo musulmonlarning shartini qabul qilmadi.

Ikki qo'shin to'qnashganida keksayib qolgan Abu Sufyon o'g'li Yazidga bunday dedi:

– Ey o'g'lim, bu erda musulmonlardan hech kim tirik qolishiga ko'zim etmayapti. Musulmonlar ishiga rahbar qilib qo'yilgan ekansan, qo'shindan biror kishi jangda sabrda va ajr olishda sendan ko'ra rag'batliroq bo'lmasin. Dushmanga sendan ko'ra jur'atliroq bo'lmasin! Imoningni, sha'ningni qoningdan, joningdan baland tut...

Yazid:

– Ey otajon, inshoalloh, shunday qilaman, – dedi. Haybat bilan dushman ustiga tashlandi.

* * *

Yazid madori qurib holsizlanib qolganida Shurahbil ibn Hasanning: “Alloh mo'minlarga jannatni berish evaziga jonlari va mollarini sotib oladi. Rabbilarining roziligini xohlab Alloh uchun jonlarini sotuvchilar qani?! Allohning O'z uyida Unga qo'shni bo'lishga mushtoq bo'luvchilar qani?!” deb baqirayotgan ovozini eshitdi. Qaytadan shijoat paydo bo'lib, qo'shinga ham dalda berib, jang qildi. Musulmonlar ozchilik bo'lgan bu jangda Alloh taolo Yazidning qo'shiniga nusrat ato etdi. Jangdan keyin Rum qo'shini Shom diyorida ko'p turmadi.

* * *

Yazid ibn Abu Sufyon jang maydonlarida ko'p martalab zafar quchdi. Damashqni fath qilgan to'rt qo'mondondan biriga aylandi. U yana Bayrut, Saydo va Lubnon diyorlarini fath etishda ham qatnashdi.

Manbalar asosida Hazorasp tumani
“Sulton Hubbi” jome masjidi imom-xatibi
Izzat OTAJONOV tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

27.11.2026   31778   2 min.
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

Ummat birligi yo‘lida:

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.

Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.

Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.

Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.

Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.

Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.

Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
MAQOLA