Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Noyabr, 2026   |   18 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:21
Peshin
12:16
Asr
15:14
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
28 Noyabr, 2026, 18 Jumadul soni, 1448

Omonatga vafo va adolat

04.10.2023   2103   5 min.
Omonatga vafo va adolat

“Darhaqiqat, Alloh omonatni o'z egalariga topshirishingiz va odamlar o'rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga juda yaxshi nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).

Omonat shunday narsaki, u o'z egasiga qaytarilsagina, har ikki tomonni, ya'ni omonat beruvchini ham, omonat oluvchini ham xotirjam qiladi va shunga yarasha ikki tomonga ajru savoblar yoziladi. Shu bois, Alloh taolo omonatni o'z egasiga topshirishni buyurdi.

Imom Moturidiy rahmatullohi alayh aytadi: «Makka fath qilinganida, Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhu Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga: “Yo Rasululloh, odamlarga suv tarqatish va Ka'baning eshik og'aligini bizga olib bersangiz”, dedi. Nabiy alayhissalom Shayba avlodidan Ka'ba kalitlarini olib, Abbos roziyallohu anhuga berdilar. Shunda Alloh taolo Niso surasining 58-oyatini nozil qildi.

Shunda Rasuli akram alayhissalom Ka'ba kalitlarini olib, yana Shayba avlodiga qaytarib berdilar va: “Ey amaki! Alloh taolo hech kimga kulfat keltirilmasdan bitiriladigan ishni yaxshi ko'radi”, dedilar».

Mufassirlar: “Mazkur oyati karimada barcha mutasaddilar uchun omonatlarni joy-joyiga qo'yib, uning zarrasiga ham xiyonat qilmaslikka amr-buyruq bor”, deyishgan.

Omonat Alloh bilan banda orasida ham bo'ladi. Chunki Alloh bandalarning ruhlariga: “Men sizlarning Rabbingiz emasmanmi?!” deb xitob qilganida, ular: “Albatta, Sen bizning Rabbimizsan”, deb iqror bo'lishgan (A'rof surasi, 172-oyat). Alloh bandalaridan ahd olgan, ular esa bu ahdda mustahkam turishga va'da bergan. Agar banda bu ahdni buzsa, va'daga xilof, omonatga xiyonat qilgan bo'ladi.

Omonat toat-ibodatga bo'lgan amr, buyruqdir. Kim uni ado qilsa, omonatni ado etibdi, kim buni tark etsa, omonatga xiyonat qilibdi.

“Alloh omonatni o'z egalariga topshirishingizga buyuradi”.

Afsuski, bugungi kunda ayrim kimsalar omonatdan qo'rqmay qo'yishdi. Omonat borasidagi o'lchovlar, tushunchalar o'zgarib ketdi. Birovdan qarzga pul olib, qaytarmay yurish, birov bergan omonat (qimmatbaho buyum, pul, mablag' va hokazo)ga xiyonat qilish oddiy holga aylandi. Vaholanki, Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Birov senga bir kalima aytib, so'ngra atrofga qarab qo'ysa, bilginki, bu so'z omonatdir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Boshqa bir hadisda: “Munofiqning alomati uchta: yolg'on gapiradi; va'da bersa, va'dasini bajarmaydi; omonat topshirilsa, xiyonat qiladi”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).

Imom Zajjoj aytadi: “Alloh buyurgan va qaytargan barcha narsalar omonatdir”.

Imom Zahhok aytgan: “Alloh taolo bu ummatdan halol-harom, namoz kabi farz narsalarga va boshqa omonatlarga vafo qilishga ahd-paymon olgan. Ahdlar ham xuddi shu kabi bo'lib, Alloh farz qilgan muhkam narsalardandir. Biron-bir holatda ham uni buzishga yo'l yo'q”.

Muqotil ibn Hayyon aytadi: «Alloh taolo: “Uning O'zigagina ibodat etishingiz va qaytargan narsalaridan qaytishingiz xususida sizlarning zimmangizga yuklagan ahdlarga, mushriklar bilan sizlarning orangizdagi ahdlar – bitimlarga va insonlar o'rtasidagi ahdu paymonlarga vafo qilinglar”», deb buyuradi.

“...odamlar o'rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar”.

Zayd ibn Aslam roziyallohu anhu: “Bu oyat hokimlar to'g'risida nozil bo'lgan”, deydi. Hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: “Modomiki, hokim jabr qilmasa, Alloh u bilandir. Agar jabr qilsa, o'zini o'ziga vakil qilib qo'yadi”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Boshqa bir hadisda: “Bir soat adolatli hukm yuritish qirq yillik (nafl) ibodatga tengdir”, deyilgan (Imom Abu Hotim rivoyati).

Adolat bilan ish yuritish jamiyat va yurt taraqqiyotiga xizmat qiladi. Adolat bo'lmagan joyda barcha aybdor bo'ladi. Shu bois oyati karimada “...odamlar o'rtasida...” deyilmoqda. Shu so'z kishilik jamiyatining barcha jabhalarini qamrab oladi.

Bir oyatda ikki buyuk asosga – ham omonatga, ham adolatga irshod qilish katta marhamatdir. Shuning uchun oyatning davomida: “Alloh sizlarga juda yaxshi nasihat qilur!” deyilmoqda.

Shunday ekan, go'zal va'z qiluvchi Zotning buyruqlariga “labbay” deb, qaytariqlardan qaytsak, omonatga xiyonat qilmasak, ulug' ajrlarga ega bo'lamiz, inshoalloh.

Asrorxon HABIBULLAYeV,
Sho'rchi tumani bosh imom-xatibi 



Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

27.11.2026   32570   2 min.
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

Ummat birligi yo‘lida:

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.

Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.

Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.

Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.

Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.

Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.

Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
MAQOLA