Keyingi asrlarda butun kurrai zaminga keng tarqalgan bir illat bugungi kunda hammamizga tashvish bo'lmoqda. Bu illat – giyohvandlik.
Giyohvandlik nafaqat bu illat bilan shug'ullanuvchilarga, balki butun jamiyatga tahdid soladi. Shuning uchun ham har yili 26 iyun Halqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni deb e'lon qilingan.
Inson uchun eng bebaho boylik – bu sog'lik-salomatlikdir. Uni asrash esa har birimizga omonat qilib berilgan. Islom dinida ham inson joni, aqli va sihat-salomatligini saqlash, muhofaza etish eng muhim maqsadlardan bo'lib hisoblanadi.
Giyohvand moddalarni iste'mol qilish inson kamolotiga, imon-e'tiqodiga xavf xatar solish bilan bir qatorda mustaqil mamlakatimiz rivojlanishi va taraqqiyotiga ham o'ta salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Insonning e'tiqodi kuchli, mustahkam bo'lishi bilan birga tani, jismi ham sog', chiniqqan, har qanday qiyinchilik va mashaqqatlarga bardosh bera oladigan bo'lmog'i lozim. Bu haqda Hazrati janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deydilar:
“Kuchli, baquvvat mo'min kishi Alloh nazdida kuchsiz mo'mindan ko'ra yaxshiroq va sevimliroqdir”.
Demak, inson Allohga mahbub bo'lish yo'lida sihat-salomatligi va sog'lig'iga katta ahamiyat berishi va uni barcha zararli narsalardan, xususan giyohvandlik, bangilik kabi illatlardan saqlamog'i vojibdir. Zero, Alloh taolo bizlarga O'zining pokiza ne'matlarini in'om qilib, o'sha pokiza ne'matlardangina iste'mol qilishga buyurgan: “Ey insonlar! Yerdagi narsalardan pokiza halol holatda englar! Va Shaytonning izlariga ergashmanglar! Albatta, u sizlarga ochiq dushmandir”. (Baqara. 168)
Giyohvandlik illati bugungi kunda dunyo hamjamiyatining dolzarb muammosiga aylandi. Turli soha mutaxassislari ushbu ijtimoiy muammo bo'yicha ish olib bormoqdalar. Giyohvandlikka qarshi kurashish yuzasidan mahalliy va xalqaro tashkilotlarning barchasi insoniyatni, xususan yosh avlodni bu xatarli balodan saqlab qolish tashvishida keng ko'lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Darhaqiqat, bugungi kunda giyohvandlikka qarshi kurashish har birimizning vazifamizdir.
Giyohvandlikning kishilar sog'lig'iga, oilalarga, iqtisodga, odob-ahloqqa, umuman inson hayotining barcha sohalariga solayotgan tahdidi kun sayin, soat sayin ortib bormoqda.
Alloh taolo bu haqda barchalarimizni ogohlantirib, aytadi: “...O'z qo'llaringiz bilan o'zlaringizni halokatga tashlamangiz!” (Baqara. 195)
“O'zingizni o'zingiz o'ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir”. (Niso. 29)
Dinimiz ta'limotlarida inson hayoti, sog'lig'iga zarar beradigan, aql-hushini karaxt qiladigan har qanday giyohvand modda u qanday ko'rinishda bo'lishidan qat'iy nazar, zararli deb hisoblanadi.
Giyohvandlik yoki bangilikning boshlanishi va kelib chiqishiga sabab bo'lgan omillar haqida to'xtalganda quyidagilarga e'tibor qilish lozim:
Birinchidan: giyohvand moddalarga moyillik, unga o'rganib qolishlikda shaxsning holatlari ahamiyatlikdir. Masalan, tajanglik, asabiy holatlari, o'zini nazorat qila olmasligi, irodasizligi, o'z talabini qondira olmaslik, ba'zi hayotiy qiyinchiliklarga bardosh bera olmaslik.
Ikkinchidan: yosh avlodni kelgusidagi jismoniy va ma'naviy shakllanishi, asosan oiladagi muhit, ota-onasining kimligi, oilada qanday o'rin egallashiga, er-xotinning o'zaro muomalasiga, farzandining har tomonlama shakllanishida ular olib borayotgan tarbiyaviy ishlarga bog'liq.
Uchinchidan: hayot shuni ko'rsatadiki, yosh avlodning kamol topishida, ma'lum bir foydali yaxshi yoki yomon yo'lga kirishida atrof tevarakdagi o'rtoqlari, oshna-og'aynilari, ayniqsa o'sha muhitdagi o'rtoqlarining ta'siri kattadir.
Shuning uchun oilada, yoshlarning tarbiyasida hamma vaqt ularni qayerda va kimlar bilan birgalikda bo'lishlari, nima ish bilan mashg'ul ekanlari, qanday o'rtoqlari borligini nazorat qilish juda muhimdir.
Inson hayoti, yosh avlod kelajagiga rahna solishi mumkin bo'lgan giyohvandlik-bangilikka qarshi kurashish mustaqil yurtimizning har bir fuqarosi, qolaversa, har birimizning muhim vazifalarimizdan bo'lib hisoblanadi. Zero, jamiyat hayotidagi mavjud har qanday zararli illatni yo'q qilish va uning oldini olish har birimizning vazifamiz, sharafli burchimizdir.
Muhammad Ibragimov,
Namangan shahar “Ismoil Maxdum” jome
masjidi imom xatibi
Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".
Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).
Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”
Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.
O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.
Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi
Abdufattoh Musaxanov
Manba: @Softalimotlar