Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Iyun, 2025   |   5 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:53
Peshin
12:27
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:45
Bismillah
30 Iyun, 2025, 5 Muharram, 1447

GIYoHVANDLIK-ASR VABOSI

25.06.2024   4015   5 min.
GIYoHVANDLIK-ASR VABOSI

Keyingi asrlarda butun kurrai zaminga keng tarqalgan bir illat bugungi kunda hammamizga tashvish bo'lmoqda. Bu illat – giyohvandlik.

  Giyohvandlik nafaqat bu illat bilan shug'ullanuvchilarga, balki butun jamiyatga tahdid soladi. Shuning uchun ham har yili 26 iyun Halqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni deb e'lon qilingan.

   Inson uchun eng bebaho boylik – bu sog'lik-salomatlikdir. Uni asrash esa har birimizga omonat qilib berilgan. Islom dinida ham inson joni, aqli va sihat-salomatligini saqlash, muhofaza etish eng muhim maqsadlardan bo'lib hisoblanadi.

 Giyohvand moddalarni iste'mol qilish inson kamolotiga, imon-e'tiqodiga xavf xatar solish bilan bir qatorda mustaqil mamlakatimiz rivojlanishi va taraqqiyotiga ham o'ta salbiy ta'sir ko'rsatadi.

 Insonning e'tiqodi kuchli, mustahkam bo'lishi bilan birga tani, jismi ham sog', chiniqqan, har qanday qiyinchilik va mashaqqatlarga bardosh bera oladigan bo'lmog'i lozim. Bu haqda Hazrati janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deydilar:

“Kuchli, baquvvat mo'min kishi Alloh nazdida kuchsiz mo'mindan ko'ra yaxshiroq va sevimliroqdir”.

Demak, inson Allohga mahbub bo'lish yo'lida sihat-salomatligi va sog'lig'iga katta ahamiyat berishi va uni barcha zararli narsalardan, xususan giyohvandlik, bangilik kabi illatlardan saqlamog'i vojibdir. Zero, Alloh taolo bizlarga O'zining pokiza ne'matlarini in'om qilib, o'sha pokiza ne'matlardangina iste'mol qilishga buyurgan: “Ey insonlar! Yerdagi narsalardan pokiza halol holatda englar! Va Shaytonning izlariga ergashmanglar! Albatta, u sizlarga ochiq dushmandir”. (Baqara. 168)

Giyohvandlik illati bugungi kunda dunyo hamjamiyatining dolzarb muammosiga aylandi. Turli soha mutaxassislari ushbu ijtimoiy muammo bo'yicha ish olib bormoqdalar. Giyohvandlikka qarshi kurashish yuzasidan mahalliy va xalqaro tashkilotlarning barchasi insoniyatni, xususan yosh avlodni bu xatarli balodan saqlab qolish tashvishida keng ko'lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Darhaqiqat, bugungi kunda giyohvandlikka qarshi kurashish har birimizning vazifamizdir.

Giyohvandlikning kishilar sog'lig'iga, oilalarga, iqtisodga, odob-ahloqqa, umuman inson hayotining barcha sohalariga solayotgan tahdidi kun sayin, soat sayin ortib bormoqda.

Alloh taolo bu haqda barchalarimizni ogohlantirib, aytadi: “...O'z qo'llaringiz bilan o'zlaringizni halokatga tashlamangiz!” (Baqara. 195)

“O'zingizni o'zingiz o'ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir”. (Niso. 29)

Dinimiz ta'limotlarida inson hayoti, sog'lig'iga zarar beradigan, aql-hushini karaxt qiladigan har qanday giyohvand modda u qanday ko'rinishda bo'lishidan qat'iy nazar, zararli deb hisoblanadi.

Giyohvandlik yoki bangilikning boshlanishi va kelib chiqishiga sabab bo'lgan omillar haqida to'xtalganda quyidagilarga e'tibor qilish lozim:

Birinchidan: giyohvand moddalarga moyillik, unga o'rganib qolishlikda shaxsning holatlari ahamiyatlikdir. Masalan, tajanglik, asabiy holatlari, o'zini nazorat qila olmasligi, irodasizligi, o'z talabini qondira olmaslik, ba'zi hayotiy qiyinchiliklarga bardosh bera olmaslik.

Ikkinchidan: yosh avlodni kelgusidagi jismoniy va ma'naviy shakllanishi, asosan oiladagi muhit, ota-onasining kimligi, oilada qanday o'rin egallashiga, er-xotinning o'zaro muomalasiga, farzandining har tomonlama shakllanishida ular olib borayotgan tarbiyaviy ishlarga bog'liq.

Uchinchidan: hayot shuni ko'rsatadiki, yosh avlodning kamol topishida, ma'lum bir foydali yaxshi yoki yomon yo'lga kirishida atrof tevarakdagi o'rtoqlari, oshna-og'aynilari, ayniqsa o'sha muhitdagi o'rtoqlarining ta'siri kattadir.

Shuning uchun oilada, yoshlarning tarbiyasida hamma vaqt ularni qayerda va kimlar bilan birgalikda bo'lishlari, nima ish bilan mashg'ul ekanlari, qanday o'rtoqlari borligini nazorat qilish juda muhimdir.

Inson hayoti, yosh avlod kelajagiga rahna solishi mumkin bo'lgan giyohvandlik-bangilikka qarshi kurashish mustaqil yurtimizning har bir fuqarosi, qolaversa, har birimizning muhim vazifalarimizdan bo'lib hisoblanadi. Zero, jamiyat hayotidagi mavjud har qanday zararli illatni yo'q qilish va uning oldini olish har birimizning vazifamiz, sharafli burchimizdir.


Muhammad Ibragimov,
Namangan shahar Ismoil Maxdum jome
masjidi imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

27.06.2025   5474   3 min.
Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.

2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.

3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.

4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.

5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.

6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.

7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.

8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.

9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.

10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.

11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.

12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay  egasini ichini yondiradi.

13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.

14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.

15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin —  chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.

16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.

17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.

18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.

19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV