Duoda qo'lni ko'tarish borasida juda ko'p hadislar kelgan. Hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qo'llarini ko'tarib duo qilganlari ham, qo'l ko'tarishga buyurganlari ham rivoyat qilinadi. Jumladan, imom Bayhaqiy Sahl ibn Sa'd raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duo qilsalar qo'llari barmoqlarining uchlari elkalari barobar bo'lar edi" deyilgan bo'lsa, Soyib ibn Yazid raziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilsalar, qo'l ko'tarar, keyin yuzlariga surtar edilar" deyiladi.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda hazrati Umar raziyallohu anhu "Qachon Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duoda qo'l ko'tarsalar, yuzlariga surtmasdan uni tushirmas edilar" deganlar.
Nabiy alayhissalomning duoda qo'l ko'tarishni buyurganlari esa quyidagi hadisda vorid bo'lgan.
"Qachon Allohdan so'rasanglar, kaftlaringizning ichki tomoni bilan so'ranglar, ularning orqa tomoni bilan so'ramanglar! Bas, qachon duodan forig' bo'lsangiz, kaftlaringizni yuzlaringizga surtingiz!”. Bu hadisni imom Abu Dovud rivoyat qilgan.
Mazkur hadislardan duoda ko'l ko'tarish shariatda joiz, balki buyurilgan amal ekani ma'lum bo'lmoqda. Aslida umumiy holatlarda qo'l ko'tarish joiz ekani va bu ishdan qaytaruvchi dalil yo'qligi namozdan keyingi duolarda qo'l ko'tarish joizligiga dalolat qiladi.
Aynan namozdan keyingi duoda qo'l ko'tarish borasida ham hadislar rivoyat qilinadi. Ibn Abu Hotim tafsirida Abu Hurayra raziyallohu anhuning "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam salom berganlaridan keyin qiblaga qaragan holda qo'llarini ko'tarib "Allohim..." deb duo qildilar" degani rivoyat qilinadi. Tabaroniy rivoyatida "Abdulloh ibn Zubayr bir kishining namozdan forig' bo'lmasdan oldin duoga qo'l ko'targanini ko'rib "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozdan forig' bo'lmasdan duoga qo'l ko'tarmas edilar" degan" deyiladi.
Bu borada bulardan boshqa bir necha hadislar rivoyat qilinadi. Garchi bu hadislar zaif sanad bilan kelgan bo'lsa-da, aksar deyarli barcha ulamolar nazdida fazilat va savobga oid amallarda zaif hadis hujjat bo'laveradi.Asr muhaddisi Anvarshoh Kashmiriy "Fayzul Boriy" da shunday deydi. "Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aksar duolari zikr shaklida bo'lar edi. Doim tillari zikr bilan nam holatda yurar edilar. Inson holatlarining barchasida, turish, o'tirish va yonboshlash hollarida zikrda bo'lar edilar. Barcha hollarda doimiy zikrda bo'lsalar u zotga doimo qo'l ko'tarib yurish shart bo'lmaydi. Chunki qo'l ko'tarish ma'lum maqsad uchun joriy bo'lgan ma'lum bir holatdir. U bir narsani so'rashdir. Bu ma'noni bilgandan keyin yuragingizni siqayotgan narsadan qutuling. Qo'l ko'tarish bid'at emas. Garchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozdan keyin kam hollarda qo'l ko'targan bo'lsalar ham, juda ko'p hadislarda bunga og'zaki ravishda targ'ib qilganlar. Zikr va duo bobida u zotning odatlari shu edi. U zot uchun Alloh taolo ixtiyor etgan narsani o'zlariga ixtiyor etganlar va boshqa holatlar uchun ummatni targ'ib etganlar. Bizdan biron kishi namozdan keyin qo'l ko'tarib duo qilishga odatlansa u inson Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'zlari ko'p qilmagan, lekin targ'ib etgan ishni qilayotgan bo'ladi. Bu masalani "Naylul farqadayn"da batafsil zikr qilganman" deydi.
Anvarshoh Kashmiriy mazkur kitobning boshqa joyida "Namozlardan keyin duo qilish inkor etib bo'lmas darajada sobit bo'lgan. Lekin ularda qo'l ko'tarish nafllardan keyin bir-ikki marta vorid bo'lgan. Ba'zilar qo'l ko'tarishni bid'at deydilar. Qiziq, bir-ikki marta sobit bo'lgan narsa mustahab bo'lmay bid'at bo'ladimi? Boshqa barcha mustahab ishlar ham shunday shaklga ega-ku?! Goh-gohida sodir bo'ladi, keyin ummat unga amal qilishda davom etadi" deydi.
Yuqorida o'tgan narsalardan bizga ma'lum bo'ladiki, namozdan keyingi duolarda qo'l ko'tarish joiz, balki mustahab amallardan ekan.
Sufiyev Ja'farxon,
To'raqo'rg'on tuman "Ishoqxon to'ra" jome
masjidi imom xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!» dedi u.
Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga bunday dedi:
— Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!
Xotin dedi:
— Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.
Er dedi:
Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘ida o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.
Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:
— Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi:
«Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat).
Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas.
Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.
Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga davlat rahbari ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!
Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.
Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!
Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!
Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!
Yuqorida keltirilgan ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.
Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi