Isrof so'zi lug'atda “chegaradan chiqish” va “bir narsani qasddan unutish” ma'nolarini anglatadi. Istilohda esa moddiy va ma'naviy ma'noda ishlatilsa-da, ko'proq moddiy sarf xarajatlarda o'z ifodasini topadi. Qur'oni karimda “isrof” so'zidan tashqari shu so'z ma'nosidagi “tabzir” so'zining turlanishlari ham kelgan. Masalan: “Qarindoshga haqqini ber! Miskinga va ko'chada qolganga ham. “Tabzir” (isrofgarchilik)ka mutlaqo yo'l qo'yma. Albatta, tabzirchilar (isrofchilar) shaytonlarning birodarlari bo'lganlar. Shayton esa, Robbiga o'ta noshukr bo'lgandir” (Isro 26 va 27-oyatlar). “Tabzir”ning isrofdan farqi shundaki, isrof shariatda buyurilgan nafaqalarda haddan oshish bo'lsa, “tabzir” keraksiz o'rinda sarf qilishdir.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar. Isrof va mutakabbirlik bo'lmasa bas” (Abu Dovud va Nasoiy rivoyati).
“Isrof” deganda keraksiz narsalarga behuda pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Inson tabiatan isrofgarchilikka moyil bo'lib, har qadamda molini behuda sarflaydi. Mehnat va mashaqqatlar evaziga yillar davomida yiqqan molini manmanlik va nom chiqarish uchun qilinadigan dabdabali marosim va to'ylar uchun bir kunda sovurib yuboradi. Alloh Taolo isrofgarchilikdan qaytarib, Unga yoqmaydigan amallardan ekanini bayon qilib, marhamat qiladi: “...Yeb-ichinglar va isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas” (A'rof surasi, 31-oyat).
Isrofning katta-kichigi yo'q. Nom chiqarish, obro' qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko'rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarlarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham isrofning ko'rinishlaridandir. Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan bunday deyilgan: “Allohning nozu ne'matlaridan xohlagancha ech-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo'l qo'ymanglar!”
Hamma ishda me'yor bo'lishi kerak. Menga boylik berib qo'yilibdi deya, uni har tomonga sochish, ayniqsa buyurilmagan ishlarga sarflash, savob o'rniga gunoh eshiklarini ochib yuboradi. Uning o'rniga atrofidagi bir nochor oilani kam-ko'stini qilish, o'qish haqqini (kontrakt) to'lay olmayotgan talabaga ko'mak berish, uylanish uchun mablag' topa olmay, yurgan yoshlarni to'ylariga ko'mak qilish, qarzini to'lay olmayotgan bir muhtojni qo'llab yuborish savobliroq amal emasmi?
Isrofgarchilikning oxiri nadomat bilan tugaydi. Chunki, shamini kunduzi yoqqan odamning tuni qorong'u bo'ladi. Puli, moli va boshqa ne'matlarini xor qilgan kishi oqibat o'zi ham xor bo'ladi.
Bir donishmand ayganiday: “Saxovatli bo'l, ammo isrof qilma, tejamkor bo'l, ammo baxil bo'lma”. Isrof saxiylik emas, tejamkorlik esa baxillik emas. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Tejamkor kishi aslo faqir bo'lmaydi”, deb bejiz aytmadilar.
Imom A'zam rohmatullohi alayhning g'oyat ibratli hikmatlarida: “Yaxshilik va ehsonda isrof bo'lmaganidek, isrofda ham hech qanday yaxshilik yo'qdir”, deyilgan.
Yuqoridagi g'oyat ibratli va hikmatli so'zlar, har qadamlarida isrofga yo'l qo'yib, oqibatda esa hayotdagi shikoyatlari olamni olayotgan ayrim kishilarga kor qilsa ajab emas.
Lekin ming afsuski, bugungi kunga kelib, aksariyat holatlarda isrofdan saqlanish o'rniga, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmay qolyapmiz. To'y, tantanalar va boshqa marosimlardagi isrofgarchiliklar haqida gapirmasa ham bo'ladi. Yeyishga yaroqli qancha ne'matlar isrof qilinmoqda. To'y va ehson marosimlari savobli ish, lekin to'y marosimlarini me'yorida, ortiqcha dabdabaga va isrofgarchilikka yo'l qo'ymagan holda, hukumatimiz qarorlari va O'zbekiston Musulmonlari Idorasining fatvosiga amal qilgan holda ish tutishimiz barchamizga lozimdir. Keraksiz o'nlab kiyim-kechaklar, poyyabzallar va o'nlab nikoh marosimi avtomobillariga millionlarni sarflash o'rniga, yosh kelin-kuyovlarni kelajak hayotida asqotadigan boshpana va zarur maishiy buyumlarga sarflansa, ayni savobli ish qilingan bo'lur edi.
Hayotimiz uchun eng zarur bo'lgan suvni isrofi hammasidan oshib tushadi. Bugungi kunda dunyo aholisining oltidan biri ichimlik suviga muhtoj bo'lib turganda, qish kunlari jumraklardan uni oqizib qo'yamiz. “Nega bunday?”- desangiz, “Sovuqda muzlab qoladi”- deb bahona topamiz va shu kabi bahonalarimiz bisyor. Axir hamma narsaning ham uvoli bor. Halqimiz bejizga “Nimani xor qilsang, o'shanga zor bo'lasan”, deb aytmagan. Eng achinarlisi, odamlarimiz hatto isrofgarliklari bilan maqtanadigan bo'lib qolmoqda. Bu esa bolalarimizga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bolalarimiz kattalardan ibrat olib, ne'matni qadriga etmaydigan, ota-onalari mehnat bilan topgan moddiy boyliklarni avaylab-asramaydigan bo'lib ulg'ayishlari mumkin.
Isrof deganda faqat mablag', boylik, molni sovurish tushunilmaydi. Qimmatli vaqtni behuda ketkazish, foydali ishlarga sarflamaslik katta isrofdir. Kuch-quvvat va salohiyatni el-yurtga yoki o'ziga foyda keltirmaydigan narsalarga yo'llash ham isrofdir. Sog'liqni qadriga etmay, tinkani quritadigan yoki salomatlikka xavf soladigan ishlarga mukkadan ketish ham isrofdir. So'z qadriga etmay, har qadamda, har sohada behuda so'z qotish ham isrofdir. Isrofgarlik eng og'ir gunohlardan ekanligini his etaylik. Hamma ishda tejamkor va tadbirli bo'laylik. Musulmoni komil isrofgar bo'lmaydi, isrofgar musulmoni komil ham bo'la olmaydi.
Ma'rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi
Ommaviy axborot vositasi – jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi. Uning zimmasida keng jamoatchilikni fikrlashga chorlash, tarbiyalash, dunyoqarashni boyitishdek mas’uliyat turadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Matbuot – jamiyat ko‘zgusi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etildi. Unda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, OAV vakillari, Akademiya o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yurtimizda so‘z erkinligiga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tarilganini qayd etishdi. OAV demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish, Yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlashdi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari soha vakillarining mehnatini doimo e’tirof etar ekanlar, shunday fikrlarni bildirgan edilar:
"Biz bugun huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, jurnalistikaning butun dunyoda e’tirof etilgan, o‘zgarmas talab va mezonlariga amal qilishimiz zarur. Bu mezonlarning eng asosiysi – xolislik va haqqoniylikdir. Binobarin, matbuot maydoniga kirgan inson – u jurnalist bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, bundan qat’i nazar – ana shu qoidalarga amal qilishi shart".
Uchrashuv davomida "Yangi O‘zbekiston" va "Pravda Vostoka" gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, "Jadid" gazetasi bosh muharriri Iqboljon Mirzaaliyev, Adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova hamda "Ziyo" media markazi direktori Abduhamid Muxtorov so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Shundan so‘ng yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, xalqaro standartlar asosida ta’lim olishi, ilm-fan, kasb-hunar cho‘qqilarini egallashi hamda xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi borasidagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda Akademiya bilan faol hamkorlik qilib kelgan bir guruh OAV xodimlarni bayram munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Bir guruh jurnalistlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati