frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Tejamkor kishi aslo faqir bo'lmaydi

11.07.2024   3218   6 min.
Tejamkor kishi aslo faqir bo'lmaydi

Isrof so'zi lug'atda “chegaradan chiqish” va “bir narsani qasddan unutish” ma'nolarini anglatadi. Istilohda esa moddiy va ma'naviy ma'noda ishlatilsa-da, ko'proq moddiy sarf xarajatlarda o'z ifodasini topadi. Qur'oni karimda “isrof” so'zidan tashqari shu so'z ma'nosidagi “tabzir” so'zining turlanishlari ham kelgan. Masalan: “Qarindoshga haqqini ber! Miskinga va ko'chada qolganga ham. “Tabzir” (isrofgarchilik)ka mutlaqo yo'l qo'yma. Albatta, tabzirchilar (isrofchilar) shaytonlarning birodarlari bo'lganlar. Shayton esa, Robbiga o'ta noshukr bo'lgandir” (Isro 26 va 27-oyatlar). “Tabzir”ning isrofdan farqi shundaki, isrof shariatda buyurilgan nafaqalarda haddan oshish bo'lsa, “tabzir” keraksiz o'rinda sarf qilishdir. 

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar. Isrof va mutakabbirlik bo'lmasa bas” (Abu Dovud va Nasoiy rivoyati).

“Isrof” deganda keraksiz narsalarga behuda pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Inson tabiatan  isrofgarchilikka moyil bo'lib, har qadamda molini behuda sarflaydi. Mehnat va mashaqqatlar evaziga yillar davomida yiqqan molini manmanlik va nom chiqarish uchun qilinadigan dabdabali marosim va to'ylar uchun bir kunda sovurib yuboradi. Alloh Taolo isrofgarchilikdan qaytarib, Unga yoqmaydigan amallardan ekanini bayon qilib, marhamat qiladi: “...Yeb-ichinglar va isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas” (A'rof surasi, 31-oyat).

 Isrofning katta-kichigi yo'q. Nom chiqarish, obro' qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko'rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarlarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham isrofning ko'rinishlaridandir. Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan bunday deyilgan: “Allohning nozu ne'matlaridan xohlagancha ech-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo'l qo'ymanglar!”

Hamma ishda me'yor bo'lishi kerak. Menga boylik berib qo'yilibdi  deya, uni har tomonga sochish, ayniqsa buyurilmagan ishlarga sarflash, savob o'rniga gunoh eshiklarini ochib yuboradi. Uning o'rniga atrofidagi bir nochor oilani kam-ko'stini qilish, o'qish haqqini (kontrakt) to'lay olmayotgan talabaga ko'mak berish, uylanish uchun mablag' topa olmay,  yurgan yoshlarni to'ylariga ko'mak qilish, qarzini to'lay olmayotgan bir muhtojni qo'llab yuborish savobliroq amal emasmi?

 Isrofgarchilikning oxiri nadomat bilan tugaydi. Chunki, shamini kunduzi yoqqan odamning tuni qorong'u bo'ladi. Puli, moli va boshqa ne'matlarini xor qilgan kishi oqibat o'zi ham xor bo'ladi.

Bir donishmand ayganiday: “Saxovatli bo'l, ammo isrof qilma, tejamkor bo'l, ammo baxil bo'lma”. Isrof saxiylik emas, tejamkorlik esa baxillik emas. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Tejamkor kishi aslo faqir bo'lmaydi”, deb bejiz aytmadilar.

 Imom A'zam rohmatullohi alayhning g'oyat ibratli hikmatlarida: “Yaxshilik va ehsonda isrof bo'lmaganidek, isrofda ham hech qanday yaxshilik yo'qdir”, deyilgan.

 Yuqoridagi g'oyat ibratli va hikmatli so'zlar, har qadamlarida isrofga yo'l qo'yib, oqibatda esa hayotdagi shikoyatlari olamni olayotgan ayrim kishilarga kor qilsa ajab emas.

 Lekin ming afsuski, bugungi kunga kelib, aksariyat holatlarda isrofdan saqlanish o'rniga, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmay qolyapmiz. To'y, tantanalar va boshqa marosimlardagi isrofgarchiliklar haqida gapirmasa ham bo'ladi. Yeyishga yaroqli qancha ne'matlar isrof qilinmoqda. To'y va ehson marosimlari savobli ish, lekin to'y marosimlarini me'yorida, ortiqcha dabdabaga va isrofgarchilikka yo'l qo'ymagan holda, hukumatimiz qarorlari va O'zbekiston Musulmonlari Idorasining fatvosiga amal qilgan holda ish tutishimiz barchamizga lozimdir. Keraksiz o'nlab kiyim-kechaklar, poyyabzallar va o'nlab nikoh marosimi avtomobillariga millionlarni sarflash o'rniga, yosh kelin-kuyovlarni kelajak hayotida asqotadigan boshpana va zarur maishiy buyumlarga sarflansa, ayni savobli ish qilingan bo'lur edi. 

Hayotimiz uchun eng zarur bo'lgan suvni isrofi hammasidan oshib tushadi. Bugungi kunda dunyo aholisining oltidan biri ichimlik suviga muhtoj bo'lib turganda, qish kunlari jumraklardan uni oqizib qo'yamiz. “Nega bunday?”- desangiz, “Sovuqda muzlab qoladi”- deb bahona topamiz va shu kabi bahonalarimiz bisyor. Axir hamma narsaning ham uvoli bor. Halqimiz bejizga “Nimani xor qilsang, o'shanga zor bo'lasan”, deb aytmagan. Eng achinarlisi, odamlarimiz hatto isrofgarliklari bilan maqtanadigan bo'lib qolmoqda. Bu esa bolalarimizga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bolalarimiz kattalardan ibrat olib, ne'matni qadriga etmaydigan, ota-onalari mehnat bilan topgan moddiy boyliklarni avaylab-asramaydigan bo'lib ulg'ayishlari mumkin.

 Isrof deganda faqat mablag', boylik, molni sovurish tushunilmaydi. Qimmatli vaqtni behuda ketkazish, foydali ishlarga sarflamaslik katta isrofdir. Kuch-quvvat va salohiyatni el-yurtga yoki o'ziga foyda keltirmaydigan narsalarga yo'llash ham isrofdir. Sog'liqni qadriga etmay, tinkani quritadigan yoki salomatlikka xavf soladigan ishlarga mukkadan ketish ham isrofdir. So'z qadriga etmay, har qadamda, har sohada behuda so'z qotish ham isrofdir. Isrofgarlik  eng og'ir gunohlardan ekanligini his etaylik. Hamma ishda tejamkor va tadbirli bo'laylik. Musulmoni komil isrofgar bo'lmaydi, isrofgar musulmoni komil ham bo'la olmaydi. 

Ma'rufxon Aloxodjayev,

Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome

masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

27.06.2025   2606   3 min.
Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.

2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.

3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.

4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.

5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.

6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.

7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.

8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.

9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.

10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.

11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.

12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay  egasini ichini yondiradi.

13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.

14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.

15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin —  chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.

16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.

17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.

18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.

19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV