Indoneziya Shariat Banki (Sharia Bank of Indonesia (BSI)) rahbari Hari Gunardi mamlakat jahon savdosida halol mahsulotlarning etakchiga aylanish imkoniyatiga ega ekanligini ta'kidladi. Bu haqda IQNA saytining “VOI” nashriga tayanib xabar berdi.
Uning qayd etishicha, Indoneziyada 65 millionga yaqin kichik va o'rta korxonalarda BSI bilan halol turmush tarzining joriy etilishi Indoneziyaga halol mahsulotlarning jahon savdosida etakchi bo'lish uchun yangi imkoniyat bergan. Bundan tashqari, u mamlakatda halol mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar jahonda halol mahsulotlar ishlab chiqarish qutbi sifatida global markaz yaratish imkoni borligini ham yuqori baholadi. Shuningdek, Hari Gunardi buni mahalliy va xalqaro hamkorlar orqali amalga oshirish mumkinligini bildirdi.
– Halol sanoati Indoneziyada ham, jahon miqyosida ham katta salohiyat va talabga ega bo'lgan sohadir”, deydi u o'z nutqida. – Aholisi 85 foizdan ortiq musulmon bo'lgan Indoneziya, halol sanoatida jahonda etakchi bo'lish va har bir faoliyat sohasiga halol turmush tarzini joriy etish uchun ajoyib imkoniyatga ega.
Avvalroq, Indoneziya vitse-prezidenti Ma'ruf Amin Indoneziya BSI xalqaro ko'rgazmasini tashkil etish orqali Indoneziya islomiy moliya sanoati boshqa mamlakatlarga ham kengayishiga umid bildirgan edi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati