Joriy yilning oktyabr' oyida Uganda davlatida Qur'oni karim musobaqasi o'tkazilishi rejalashtirilgan.
Birinchi Afrika Qur'oni karim musobaqasini “Salam TV” telekanali tashkil etmoqda. Bu haqda IQNA sayti “Pulse” nashriga tayanib xabar bermoqda.
Telekanalning ma'lum qilishicha, ushbu dasturdan maqsad butun qit'a musulmonlarini birlashtirish, Qur'oni karim tilovati darajasini oshirish, qorilarning o'z iste'dodlarini namoyish etishiga ko'maklashish va Afrika xalqlari o'rtasida o'zaro do'stona munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan.
Mazkur musobaqada Afrika qit'asining 50 dan ortiq davlatlaridan ishtirokchilar qatnashishii kutilmoqda. Bu esa qit'adagi islom mamlakatlarida muhim voqeaga aylanadi.
O'MI xodimi Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati