Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2026   |   7 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:08
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:21
Bismillah
17 Noyabr, 2026, 7 Jumadul soni, 1448

“Hizr”mi yoki “taqdir”mi?

10.07.2024   12110   11 min.
“Hizr”mi yoki “taqdir”mi?

Hizr alayhissalom haqlarida hech o'ylab ko'rganmisiz? U zot payg'ambarmilar yoki valiymilar yohud olimmilar va yoki kimlar? Nima uchun Alloh taolo “ulul azm” payg'ambarlardan biri bo'lmish Muso alayhissalomdan Hizrni ilmda, hikmatda va rahm-shafqatda ortiq qilib qo'ydi ekan? Nima uchun Muso alayhissalom Hizr bilan uchrashish joyiga etib borishni juda-juda istadilar?

وَإِذْ قَالَ مُوسَى لِفَتَاهُ لَا أَبْرَحُ حَتَّى أَبْلُغَ مَجْمَعَ الْبَحْرَيْنِ أَوْ أَمْضِيَ حُقُباً

“Muso o'z yigitiga (shogirdi Yuvsha' ibn Nunga): “To ikki dengiz qo'shiladigan erga etmagunimcha yoki uzoq muddat kezmagunimcha yurishdan to'xtamayman”, degan paytini eslang” (Kahf surasi, 60-oyat).

Ta'kidlash kerakki, ushbu qissa boshqa payg'ambarlarning qissasidan tamoman farq qiladi. Shuningdek, biz bu qissada bizning sabablarga tayangan, payg'ambarlarning vahiyga asoslangan ilmiga emas, balki o'zga tabiatdagi, bizlarga notanish bo'lgan ilmga ro'baro' kelamiz. U ham bo'lsa, biz bilan uning o'rtasi qalin parda bilan to'silgan, biz hech qachon idrok qila olmaydigan taqdir ilmidir.

Bu ikki zotning uchrashuvi istisno tariqasida bo'ldiki, ushbu muloqot orqali Alloh taolo Odamni yaratgandan boshlab to qiyomat kunigacha bashariyatning ongida mudom aylanib turadigan eng qiyin savollarga javob berib o'tdi.

Savol shundan iboratki, nima uchun Alloh taolo yomonlikni, faqirlikni, qiyinchiliklarni, urushlarni, kasalliklarni yaratgan? Nima uchun go'daklar nobud bo'ladilar?

Ba'zi ulamolar oyatdagi “solih banda”ni inson suratidagi “taqdir” deb ta'vil qilganlar.

فَوَجَدَا عَبْداً مِنْ عِبَادِنَا آَتَيْنَاهُ رَحْمَةً مِنْ عِنْدِنَا وَعَلَّمْنَاهُ مِنْ لَدُنَّا عِلْما

“Bas, bandalarimizdan bir bandani (Hizrni) topdilar. Biz unga O'z dargohimizdan rahmat ato etgan va O'z huzurimizdan ilm bergan edik” (Kahf surasi, 65-oyat).

“Gapiruvchi taqdir”ning eng muhim sifatlari bu, rahimdillik va olimlik. O'z o'rnida rahimdillik olimlikdan oldin kelgan.

Muso alayhissalomning savollari shunday bo'ldi:

هَلْ أَتَّبِعُكَ عَلَى أَنْ تُعَلِّمَنِ مِمَّا عُلِّمْتَ رُشْداً

“Sizga bildirilgan ilmdan menga ham to'g'ri yo'lni ta'lim berishingiz uchun sizga ergashsam maylimi?” (Kahf surasi, 66-oyat).

Hizr alayhissalom - “gapiruvchi taqdir”ning javobi:

قَالَ إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْراً . وَكَيْفَ تَصْبِرُ عَلَى مَا لَمْ تُحِطْ بِهِ خُبْراً

“Aniqki, sen men bilan birga (ilm muomalasiga) sabr qila olmaysan. (Zotan) o'zing egallab xabardor bo'lmagan narsaga qanday sabr qilursan?-dedi” (Kahf surasi, 67-68-oyatlar).

Darhaqiqat, Allohning taqdiri bashariyat aqlining imkoniyatlaridan yuqori turadi, unda uchraydigan qarama-qarshiliklarni anglashga sabri etmaydi.

Shunday bo'lsada, Muso alayhissalom bor imkoniyatini qo'llashga va'da berib dedilar:

سَتَجِدُنِي إِنْ شَاءَ اللَّهُ صَابِراً وَلَا أَعْصِي لَكَ أَمْراً

“Inshaalloh, siz mening sabrli ekanimni ko'rursiz, Men biror ishda sizga itoatsizlik qilmasman” (Kahf surasi, 69-oyat).

Mana shu ondan boshlab taqdir o'zining qanday amal qilishini ochib beradigan safar boshlanadi.

Ikkovlari bir miskinning qayig'iga manadilar va Hizr esa, qayiqni teshib qo'yadi. Bir qarashda bechora miskinning ro'zg'origa yarab turgan qayiqning teshilishi uning uchun katta musibat. Buning uchun albatta, g'am, tashvish, mashaqqat, qo'rqinch va hokazolar ko'ngildan o'tadi. Shuning uchun ham Muso alayhissalom bu ishga e'tiroz bildirdilar:

قَالَ أَخَرَقْتَهَا لِتُغْرِقَ أَهْلَهَا لَقَدْ جِئْتَ شَيْئاً إِمْراً

“Odamlarni g'arq qilish uchun uni teshdingizmi?! Juda nojo'ya ish qildingizku!” (Kahf surasi, 71-oyat).

Biz ham gohida shunday qilamiz, taqdirdan nolib qolamiz. Qaysi gunohlarim uchun bu ko'rgiliklarni boshimga solding. Endi men nima qilaman, qanday yashayman va hokazo so'zlar bilan taqdirga nisbatan e'tirozimizni bildiramiz.

Hizr - “taqdir”ning javobi esa, doimo bir hil:

أَلَمْ أَقُلْ إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْراً

“Men bilan birga sabr qilishga toqating sira etmaydi, demaganmidim?!” (Kahf surasi, 72-oyat). Ya'ni, taqdirning ishini anglashga sening ilming etmaydi.

Muso alayhissalom tomonidan sabr qilishga yangidan va'da berilgandan so'ng yana yo'lda davom etdilar. Yo'l asnosida Hizr bir go'dakni o'ldirib qo'ydilar. Holbuki, Alloh taolo Hizrni tavsiflaganda uni rahimdillik sifati bilan sifatlagan edi. Bu ishdan Muso alayhissalom qattiq g'azablanib:

أَقَتَلْتَ نَفْسًا زَكِيَّةً بِغَيْرِ نَفْسٍ لَقَدْ جِئْتَ شَيْئًا نُكْرًا

“Hech kimni o'ldirmagan bir begunoh jonni o'ldirdingiz-a?! Haqiqatan, xunuk ish qildingiz!” (Kahf surasi, 74-oyat). Bu savol biz kabi inson tabiatida bo'lgan, biz kabi hayot kechiradigan kishining e'tirozi edi. Bunga javoban Hizr yana o'sha javobni atdilar:

أَلَمْ أَقُلْ لَّكَ إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْراً

“Senga men bilan birga sabr qilishga sira toqating etmas, demaganmidim?!” (Kahf surasi, 75-oyat).

Shundan keyin Muso alayhissalom boshqa bunday savol bermasliklarini va'da qilganlaridan keyin oxirgi marta safarni davom ettirishdi. Bir qishloqqa bordilar va u erdagi etimlarga tegishli bo'lgan hazina ustidagi qulay deb turgan devorni Hizr qayta tiklay boshladilar. Buni ko'rgan Musoning fig'oni falakka etdi.

Ana shunda Alloh taolo tomonidan bizga ma'lum bo'lmagan taqdir ishini bayon qilib berishga ta'yin qilingan kishi - Hizr Muso alayhissalom so'ramasalarda savollarga birma-bir javob bera boshladilar:

﴿ قَالَ هَذَا فِرَاقُ بَيْنِي وَبَيْنِكَ سَأُنَبِّئُكَ بِتَأْوِيلِ مَا لَمْ تَسْتَطِعْ عَلَيْهِ صَبْرا

“Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating etmagan narsalarning ta'vili (sharhi)dan ogoh qilurman” (Kahf surasi, 78-oyat).

Yomonlik aslida nisbiy narsa, bizning inson sifatida yomonlik haqidagi tushunchamiz noqisdir. Chunki, biz u haqida mukammal tasavvurga ega emasmiz.

Taqdir uch turli bo'ladi:

Biz yomon deb o'ylagan narsa, keyinchalik Alloh taolo uning haqiqatini ochib bergach aslida yaxshilik bo'lib chiqadi. Qayiq egalari uchun yomonlik bo'lib ko'ringan narsa, aslida ularning foydasi uchun bo'lganligi ma'lum bo'ldi. Mana shu taqdirning birinchi turiga misoldir. Bu kabi holatlar bizning hayotimizda ham uchrab turadi va bunga o'nlab misollar keltirishimiz mumkin.

Ikkinchi turga misol, go'dakning o'ldirilishi. Bir qarashda yomonlikdek ko'rinadi. Lekin, haqiqatda u yaxshilik edi. Ammo, buning haqiqatini Alloh taolo sizga hayotingiz davomida ochib bermaydi. Siz bir umr bu narsani yomonlik deb o'tib ketasiz. Ushbu voqeada ham, o'ldirilgan go'dakning ota-onasi haqiqatdan voqif bo'ldilarmi? Yo'q. Hizr ularga bolaning o'ldirilish sababini aytib bermadi. Faqat siz bilan bizgina undan voqif bo'lib turibmiz. Shunday ekan, uning ota-onasi bir umr bolasini o'ylab g'am-anduxda o'tdilar. Hattoki, ular keyingi farzandlari aynan o'ldirilgan farzandlarining o'rniga o'rin qilib berilganini ham bilmas edilar. Chunki, o'ldirilgan farzand Allohning taqdirida kofir bo'lishi ta'yin qilingan edi.

فَخَشِينَا أَنْ يُرْهِقَهُمَا طُغْيَاناً وَكُفْراً

“Bas, biz u (bola) tug'yon va kufr bilan ota-onasini qiynab qo'yishidan qo'rqdik” (Kahf surasi, 80-oyat).

Taqdirning uchinchi turi va eng muhimrog'i bu, sizga bildirmagan holda Alloh taolo sizga etadigan yomonlikni daf qilishi va siz hecham bilmagan holingizda yaxshiliklarga etishishingizdir.

Solih kishining etim farzandlari devor qulashini bilishganmidi? Yo'q. Qulay deb turgan devorni qaytadan qurish uchun Alloh taolo bir odamni yuborganini etimlar bilisharmidi? Yo'q, albatta. Allohning ularga ko'rsatgan marhamatidan ularning xabari bo'ldimi? Bunga ham javob o'sha, yo'q. Hatto, Muso alayhissalom ham devorni qayta qurilganining sirini bilmadilarku.

Endi, Hizr – “so'zlovchi taqdir”ning so'ziga qaytamiz:

إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْراً

“Aniqki, sen men bilan birga (ilm muomalasiga) sabr qila olmaysan” (Kahf surasi, 68-oyat).

Ey, inson! Hech qachon Allohning taqdirini tushunmaysan, tushuna olmaysan. U sen o'ylagandanda buyukroqdir. Bas, sen anglab etmaydigan taqdirga sabr qilishda Allohning inoyatiga suyan. Chin dilingdan Rabbingga ishon, albatta Allohning sening ustingda bitgan taqdiri sen uchun yaxshidir. Shundagina, sening imoning mukammal, qalbing xotirjam bo'ladi. Shundagina, taqdirning yomonidan ham, yaxshisidan ham tashvishga tushmaysan. Aksincha, har qanday holatda ham Allohga hamd bo'lsin deysan. Ana o'shanda sen Alloh taoloning quyidagi xitobiga munosib bo'lasan:

يَا أَيَّتُهَا النَّفْسُ الْمُطْمَئِنَّةُ  ارْجِعِي إِلَى رَبِّكِ رَاضِيَةً مَرْضِيَّةً  فَادْخُلِي فِي عِبَادِي  وَادْخُلِي جَنَّتِي

“Ey, xotirjam (sokin) jon! (Ato etilgan ne'matlardan) rozi bo'lgan (va Alloh tomonidan) ham rozi bo'lingan holingda, Rabbing (huzuri)ga qaytgin! Bas, (solih) bandalarim (safi)ga qo'shilgin va jannatimga kirgin!” (Fajr surasi, 27-30-oyatlar).

 

O'MI raisining birinchi o'rinbosari

H.Ishmatbekov

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Konfessiyalararo hamjihatlik va bag‘rikenglik — tinchlik va barqarorlik asosi

17.11.2026   2483   2 min.
Konfessiyalararo hamjihatlik va bag‘rikenglik — tinchlik va barqarorlik asosi

16 noyabr — Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida «Bag‘rikenglik haftaligi» doirasida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turli diniy konfessiyalar vakillari, Kengash a’zolari, parlament, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etdi.

Tadbirda jamiyatda tinchlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, turli konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni asrab-avaylash muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar atroflicha muhokama qilindi.

E’tirof etilganidek, Konfessiyalar ishlari kengashi turli diniy konfessiyalar, davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda dolzarb masalalarni hamjihatlikda hal etishda muhim maydon vazifasini bajarmoqda.

Muloqotlar davomida ishtirokchilar mamlakatimizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikrlarini bildirdilar.

Shuningdek, xorijiy va mahalliy kuzatuvchilar ham mamlakatimizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasidagi tajriba, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Ayniqsa, yosh avlodni bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik tamoyillari asosida tarbiyalash, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, dinlar va madaniyatlar haqida xolis, ishonchli hamda ma’rifiy materiallar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar O‘zbekistonda shakllangan konfessiyalararo totuvlik muhiti nafaqat mamlakatimizdagi barqarorlik, balki xalqaro miqyosdagi o‘zaro anglashuv va hamkorlik uchun ham muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.

Yig‘ilish yakunida Kengash faoliyatini yanada takomillashtirish, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi muloqotni izchil davom ettirish, jamiyatda tinchlik, totuvlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar yuzasidan fikr almashildi.

Zero, bag‘rikenglik turli e’tiqod egalarining o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlik asosida bir jamiyatda tinch-totuv yashash madaniyatidir. Bunday qadriyatlarni asrab-avaylash esa barqaror taraqqiyot va farovon kelajakning muhim kafolati sanaladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

 

O'zbekiston yangiliklari