Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2026   |   9 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
24 Iyun, 2026, 9 Muharram, 1448

09.07.2024   7615   1 min.
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ilm va ulamolar

24.06.2026   1253   10 min.
Ilm va ulamolar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Insoniyat tarixida ilm har doim taraqqiyot va kamolotning asosiy omillaridan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, islom dinida ilmga bo‘lgan e’tibor nihoyatda yuqori bo‘lib, u insonni nafaqat dunyoviy, balki ma’naviy yuksalishga ham olib boradi. Qur’on oyatlarida va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflarida ilmning fazilati, olimlarning darajasi va ilm talab qilishning ahamiyati qayta-qayta ta’kidlangan.

Islom dinimizning bizga bergan ta’limotiga ko‘ra, haqiqiy ilm inson qalbida Allohga nisbatan qo‘rquv va muhabbatni uyg‘otadi, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Shu boisdan ham ilm olish har bir musulmon uchun juda muhim vazifa hisoblanadi. Ushbu maqolada ilmning mohiyati, uning inson hayotidagi o‘rni hamda ulamolarning jamiyatdagi ahamiyati Qur’on oyatlari va hadislarga orqali tahlil qilinadi.

Alloh taolo:

قال تعالي: انما يخشي اللهَ من عبادهِ العلماءُ

Albatta, Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar”, deb marhamat qilgan.

Alloh taoloning qudratini his etib, ulardan ibrat olib, ularning yaratuvchisi borligini anglab yetib, aqli bilan Allohni topgan va undan qo‘rqqan odamgina olim hisoblanadi. Ammo mazkur maxluqotlarning tarixi, tuzulishi, tarkibidagi moddalari, xususiyatlari va boshqa turli ma’lumotlarni to‘liq o‘rganib ham ularni yaratgan zot Allohni tanimagan va undan qo‘rqmagan odam o‘ta johil hisoblanadi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: “Ilm gapning ko‘pligida emas. Ilm qo‘rqishning ko‘pligidir”, degan ekanlar.

Imom Hasan al-Basriy roziyallohu anhu: “Olim Allohdan g‘oyibona qo‘rqqan odamdir. Alloh qiziqtirgan narsaga qiziqqan, Alloh yomon ko‘rgan narsadan qochgan odamdir”, deya turib: “Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar” oyatini tilovat qilar ekanlar.

Yana U zot bunday marhamat qiladi:

قال تعالي: قل هل يستوي الذين يعلمون و الذين لا يعلمون

 “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘ladilarmi?”.

Albatta, teng bo‘lmaydilar. Biladiganlar iymon keltirib, ibodat qiladilar. Bilmaydiganlar kufr keltirib, isyon etadilar.

Rahmon Rahim bo‘lgan Zot:

قال تعالي: و تلك الامثال نضربها للناس و ما يعقلها الا العالِمون

 “Bu misollarni odamlarga keltiramiz, ularga faqat olimlarnigina aqli yetar”, deb marhamat qilgan.

Mana shu uch oyatda ilm va ulamolar fazli haqida so‘z ketmoqda.

Birinchi oyatda Allohdan qo‘rqib, Uni ulug‘lash faqat ilmli kishilar tomonidangina sodir bo‘lishi ta’kidlanmoqda. Demak, ilmsiz kishi Allohdan qo‘rqmaydi ham, uni ulug‘lamaydi ham. Tajriba ushbu Qur’oniy haqiqatni tasdiqladi. Turli ilmlar bo‘yicha mutaxassis olimlar Allohni tanishlarini e’lon qilib, iymon-e’tiqodsiz yashash mumkin emas, degan fikrga kelganlarini aytdilar va aytmoqdalar.

Ikkinchi oyatda biladiganlar bilan bilmaydiganlar, ya’ni ilmlilar bilan ilmsizlar teng bo‘la olmasliklari haqida so‘z ketmoqda. Ilmli doimo ustun turishi va fazilatli hisoblanishi, ilmsizda esa bu narsalar bo‘lmasligiga ishora qilinmoqda.

Uchinchi oyatda esa, keltiriladigan masalalarni anglab ulardan o‘rnak olish uchun ham ilm zarurligi ta’kidlanmoqda. Bu ham ilmni va olimni ulug‘lashdir.

عن معاوية رضي الله عنه عن النبي صلي الله عليه و سلم قال: من يرد الله به خيرا يفقهه في الدين و انما انا قاسم و الله يعطي و لن تزال هذه الامة قائمة علي امر الله لا يضرهم من خالفهم حتي يأتي امر الله.

Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi. Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi. Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim bo‘ladi. Ularga xilof qilganlar zarar yetkaza olmaydi”, dedilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”, demoqdalar.

Demak, din ta’limotlarini yaxshi tushunadigan bo‘lish banda uchun katta baxt-saodatdir. Unga Alloh taolo yaxshilikni iroda qilganining alomatidir. Demak, diniy ilmni bandaga Alloh taoloning O‘zi beradi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam gaplarining davomida: “Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi”, demoqdalar.

Ya’ni, men Alloh bergan ilmni yetkazaman xolos, haqiqiy beruvchi Allohning O‘zi, deganlari.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi sharifning davomida siz bilan biz ummatlariga ulkan bashorat qilmoqdalar. U zot sollallohu alayhi vasallam musulmon ummatining kelajagi haqida so‘z yuritib: “Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim bo‘ladi. Ularga xilof qilganlar zarar yetkaza olmaydi”, dedilar.

Bu gap darhaqiqat ulkan bashoratdir. Musulmon ummati qiyomat qoim bo‘lguncha Allohning amrini tutib turishi haqidagi ta’kidli xabardir. Ehtimol hamma musulmonlar Allohning amrini birdek tutmaslar. Ba’zilari, hatto ba’zan ko‘plari Allohning amrini tutmaslar. Ammo, Islom ummati ichida Allohning amrini doimo tutuvchilar qiyomatgacha bo‘lishi aniq. Shu bilan birga Islom ummatiga xilof qiluvchilar bo‘lishi ham aniq. Eng muhimi, xilof qiluvchilar Islom ummatiga zarar yetkaza olmasligi aniq.

Bu bashorat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mo‘jizalari ekani ham ochiq-oydin. Agar u zotdan boshqa odam bo‘lganida bu gapni Islom ummati zaif bo‘lib turgan paytda ayta olmas edi. Bir ming to‘rt yuz yildan ortiq muddatli tajriba Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu bashoratlarini tasdiqlab kelmoqda.

Ushbu hadisi sharifdan oladigan foydalarimiz:

1. Islomni yaxshi anglab, faqih bo‘lishga targ‘ib.
2. Islomda faqih bo‘lishlik-Allohning yaxshiligi ekani.
3. Islom ummati qiyomatgacha Allohning amrida qoim bo‘lishi.
4. Islom ummatiga birov zarar yetkaza olmasligi.

عن ابي الدرداء رضي الله عنه قال:  سمعت رسول الله صلي الله عليه و سلم يقول: من سلك طريقا يبتغي فيه علما سهل الله به طريقا الي الجنة و ان الملائكة لتضع اجنحتها رضاء لطالب العلم و ان العالم ليستغفر له من في السماوات و من في الارض حتي الحيتان في الماء وفضل العالم علي العابد كفضل القمر علي سائر الكواكب ان العلماء ورثة الانبياء ان الانبياء لم يورثوا دينارا و لا درهما انما ورثوا العلم فمن اخذ به اخذ بحظ وافر. رواه ابو داود و الترمذي.

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: “Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qo‘yadi. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Albatta, olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Albatta, payg‘ambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o‘shani olsa ulug‘ nasibani olibdi”, deganlarini eshitdim”, degan ekanlar.

عن ابن عباس رضي الله عنه عن النبي صلي الله عليه و سلم قال: فقيه واحد اشد علي الشيطان من الف عابد

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Bir faqih Shayton uchun ming obiddan ham ashaddiyroq (dushman)dir”, dedilar.

Xulosa qilib aytganda, islom dinimizda ilm eng ulug‘ ne’matlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Qur’on oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadislari ilmning nafaqat bilish vositasi, balki insonni ma’naviy kamolotga yetaklovchi asosiy omil ekanini ko‘rsatadi. Haqiqiy ilm inson qalbida Allohga nisbatan qo‘rquv va mas’uliyat hissini shakllantiradi, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi.

Maqolada aytilgan gaplardan kelib chiqib, ilmli va ilmsiz kishilar o‘rtasida keskin farq mavjudligi, ilm egalarining jamiyatdagi o‘rni yuksak ekani hamda ulamolar payg‘ambarlar merosxo‘rlari sifatida insoniyatni hidoyatga boshlovchi kuch ekanligi aniqlanadi. Shuningdek, ilm talab qilish har bir musulmon uchun muhim vazifa bo‘lib, u insonni nafaqat dunyoda, balki oxiratda ham saodatga erishtirishi ta’kidlandi.

Shu bois, jamiyat taraqqiyoti va ma’naviy yuksalish ilmga bo‘lgan e’tibor, ulamolarni qadrlash va haqiqiy ilmni o‘rganish bilan chambarchas bog‘liqdir.

Abdulhodiy ABDURAHMONOV,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YXATI

  1. “Qur’oni Karim”
  2. Tafsiri Hilol. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Toshkent: ”Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh nashriyoti; 2009 y.
  3. Muxtasar – tafsiri Ibn Kasir. Muhammad Ali as–Sobuniy. Bayrut nashriyoti; 1998 y.
  4. Riyozus solihin. Imom Abu Zakariyo an–Navaviy. Bayrut nashri; 2000 y.
  5. Din nasihatdir. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Toshkent: Sharq nashriyoti;  2003 y.
  6. Iymon. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Toshkent: Sharq nashriyoti; 2010 y.
Maqolalar