Qur'on karim Alloh taoloning muqaddas kalomi, insonlarga saodat manbai bo'lgani uchun uni o'qish, yod olish alohida ibodat sanaladi. Bu borada Qur'on karimda bunday marhamat qilinadi: “Albatta, Allohning Kitobini tilovat qiladigan, namozni to'kis ado etadigan, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq-ehson qiladigan zotlar hargiz kasod bo'lmaydigan oldi-sotdidan umidvordirlar. Zero, (Alloh) ularning ajrlarini to'liq qilib beradi, O'z fazlu karamidan ularga yana ziyoda (mukofotlar) ham beradi. Albatta, U mag'firatli, o'ta shukr qiluvchidir (ya'ni ozgina yaxshi amal uchun ham ko'p mukofot beradi)” (Fotir surasi, 29–30-oyatlar).
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham doim Qur'on o'qishga targ'ib qilganlar.
Abu Zarr G'iforiy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam menga: “Ey Abu Zarr, ertalab barvaqt turib, Allohning Kitobidan bir oyat o'rganishing sen uchun yuz rakat (nafl) namoz o'qishingdan yaxshiroqdir. Ertalab turib, amal qilasanmi yoki yo'qmi, ilmdan bir bob o'rganishing sen uchun ming rakat (nafl) namoz o'qishingdan yaxshiroqdir”, dedilar».
Yana bir hadisda Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Qur'on o'qiydigan mo'min utrujjaga (apel'singa o'xshash “shirin limon”) o'xshaydi. Uning hidi yoqimli, mazasi shirin. Qur'on o'qimaydigan mo'min esa xurmo kabidir. Hidi yo'q, ammo mazasi shirin. Qur'on o'qiydigan munofiq rayhon kabi xushbo'y, biroq mazasi taxir. Qur'on o'qimaydigan munofiq esa hanzala (ta'mi va hidi yoqimsiz meva) yanglig' hidsiz, ta'mi achchiqdir”.
E'tiborlisi, yuqoridagi hadisda “Qur'on o'qiydigan” deyish bilan Qur'onni oyda-yilda bir emas, doim o'qish lozimligiga ishora qilinmoqda. Zero, komil mo'min banda Allohning Kalomini tokchalarda g'arib holda qoldirmaydi, muttasil o'qib-o'rganadi, ilohiy ta'limotlarga muvofiq yashaydi. Chunki Alloh Qur'onni o'qib-o'rganishimiz, Kalomulloh odobi ila xulqlanishimiz uchun nozil qilgan. Bandalar bu borada bir-biridan farq qiladi. Haqiqiy mo'min ko'proq nasibador bo'ladi, kimdir ozroq. Qur'on barakasidan umuman benasib qoladiganlar ham yo'q emas.
Mo'min banda Qur'on o'qimasa ham, uning asli pok, chunki qalbida iymon bor. Ana shu iymonni yanada mustahkamlash va Allohga yaqin bo'lishi uchun Qur'onga muhabbat qo'ymog'i lozim bo'ladi.
Abu Zarr G'iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni: “Yo Rasululloh, menga nasihat qiling”, dedim. U zot: “Allohga taqvo qil! Chunki barcha ishlarning boshi taqvodir”, dedilar. “Yo Rasululloh, yana nasihat qiling”, deb so'radim. Shunda u zot: “Qur'on tilovat qil. Zero, bu sen uchun erda nur, osmonda zaxira bo'ladi”, deb marhamat qildilar».
Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kim Alloh azza va jalla Kitobidan bir oyat o'rgansa, (o'sha oyat) qiyomat kuni bandani kulib turgan holda qarshi oladi”, dedilar.
Hadisdan anglashiladiki, qaysi banda Qur'ondan bir oyatning o'qilishi va tafsirini o'rgansa, o'sha oyat oxiratda bandani xursand holda kutib oladi, ya'ni Alloh taolo o'sha oyatni banda qiyomat kuni xursand bo'lishiga sabab bo'ladigan vosita qilib qo'yadi.
Obidjon ISMOILOV,
Sariosiyo tumani
“Imom Nizomiddin Sangardakiy”
jome masjidi imom-xatibi
Ummat birligi yo‘lida:
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.
Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.
Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.
Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.
Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari