Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Noyabr, 2026   |   18 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:21
Peshin
12:16
Asr
15:14
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
28 Noyabr, 2026, 18 Jumadul soni, 1448

Ulamolarga ergashish vojib

03.10.2023   1103   5 min.
Ulamolarga ergashish vojib

Alloh va uning rosuliga itoat qilish, Alloh va uning rosuli halol qilgan narsani halol, harom qilgan narsani harom deyish, Alloh va uning rosuli vojib degan narsani vojib deyishlik barcha insonu jinlarga vojibdir.

Lekin shariat ahkomlari ichida hamma inson ham o'zicha Qur'on va hadisdan bilib olishi mumkin bo'lmagan masalalar borki, ushbu hukmlarni bilishda odamlar olimlarga murojaat qilishlari lozim bo'ladi. Chunki, olimlar Allohning kalomi va  rosulullohning hadislarini yaxshiroq tushunadilar, oyat va hadisda iroda qilingan ma'noni to'g'ri anglaydilar.

Mazhabboshilari va ularga ergashgan ulamolar go'yo Rosululloh sallallohu alayhi vasallam bilan insonlar o'rtasida turgan bir vositachi, dalolatchi va yo'lboshchi vazifasidagi kishilar bo'lib, ular Rosulullohning aytgan so'zlarini va undan ko'zlangan ma'no-maqsadni odamlarga o'z ijtihodlari ila etkazadilar va tushuntirib beradilar.

Alloh taolo bir olimga bergan ilm va fahmni boshqa olimga bermasligi ham mumkin. Bunga Qur'oni karimdagi ushbu oyat dalil bo'ladi:

وَدَاوُۥدَ وَسُلَيْمَٰنَ إِذْ يَحْكُمَانِ فِى ٱلْحَرْثِ إِذْ نَفَشَتْ فِيهِ غَنَمُ ٱلْقَوْمِ وَكُنَّا لِحُكْمِهِمْ شَٰهِدِينَ فَفَهَّمْنَٰهَا سُلَيْمَٰنَ  وَكُلًّا ءَاتَيْنَا حُكْمًا وَعِلْمًا

"Va Dovud bilan Sulaymonning ekinzor haqida hukm qilayotganlarini (esla). O'shanda u(ekinzor)ga qavmning qo'yi kechasi tarqalib ketgan edi. Biz ularning hukmiga shohid bo'lgan edik. Bas, Biz uni Sulaymonga fahmlatdik. Ularning har biriga hukmni va ilmni bergan edik" (Anbiyo surasi, 78-79-oyatlar).

O'z davrining Payg'ambari va podshohi bo'lmish Dovud alayhissalomning huzurlariga ikki kishi oralarida hukm chiqarishni so'rab kelishibdi. Ulardan biri ekinzor sohibi, ikkinchisi qo'ylar egasi ekan. «O'shanda u (ekinzor)ga qavmning qo'yi kechasi tarqalib ketgan edi». Kechasi bilan ekinzorni payhon qilib, eb bitirgan edi. Dovud alayhissalom ikki tomonning gapini eshitib bo'lib, qo'ylarni ekinzor egasiga berilishiga hukm chiqardilar. Payhon bo'lib yo'qolgan ekinzor o'rniga uni payhon qilgan qo'ylarni olib berish ayni adolat edi. Bu hukmdan keyin qaytib ketayotgan qo'y egasi Sulaymon alayhissalomni ko'rib qolib, bo'lgan hodisani u kishiga aytib berdi. Shunda Sulaymon alayhissalom otalari Dovud alayhissalomning oldilariga kirdilar va «Ey Allohning payg'ambari, hukm siz chiqargan hukmdek bo'lmasligi kerak edi», dedilar. Dovud alayhissalom: «Qanday bo'lishi kerak edi?», dedilar. Sulaymon alayhissalom: «Qo'yni ekinzor egasiga bering, u foydalanib tursin. Ekinzorni esa, qo'y egasiga bering, uni tuzatib asl holiga keltirsin. So'ngra har kim o'z narsasini qaytarib oladi. Ekinzor egasi ekinzorini eski holiga kelgandan so'ngra qaytarib oladi. Qo'y egasi ham qo'ylarini qaytarib oladi», dedilar. Shunda Dovud alayhissalom: «Hukm sen chiqargan hukmdir», dedilar.

Yuqoridagi qissada bayon qilinganidek, ushbu ikki payg'ambar bir masala ustida ikki hil hukm chiqardilar. Ammo, Alloh taolo faqat ularning birlariga to'g'ri hukmni ilhom qildi. Lekin shunday bo'lsada, har ikkovlarini ham olim va hakim deb maqtadi.

Olimlar payg'ambarlarning merosxo'rlari sanaladilar. Ularning biror masala ustida qilgan ijtihodlarini xuddi namoz o'qish uchun qiblani axtargan kishilarga o'xshatish mumkin bo'ladi. Masalan, to'rt kishi har birlari o'zlaricha qibla tomonni aniqlashga harakat qildilar va har birlari o'zlaricha qibla tomon deb e'tiqod qilgan tarafga qarab namoz o'qidilar. Aslida, ularning ichidan faqat bittalarigina qiblani to'g'ri topgan edilar. Lekin, shunday bo'lsada to'rtovlarining namozlari ham durust bo'laveradi. Harakat qilib to'g'ri topganga ikkita savob, ammo harakat qilib noto'g'ri topganga esa, bitta savob bo'ladi. Bu haqda Rosululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: "Hukm chiqaruvchi kishi agar ijtihod qilib to'g'ri topsa, unga ikkita ajr bor. Bordiyu, ijtihod qilishda xatoga yo'l qo'ysa, unga bitta ajr bor" (Imom Buxoriy rivoyati).

Albatta, shu narsaga e'tibor berish kerakki, hukm chiqarayotgan kishi albatta, mujtahid bo'lishi shart. Bundan kelib chiqadiki, mujtahid bo'lmagan har bir kishi ham o'zicha hukm chiqarsa, xato qilgan taqdirda ham ajrga ega bo'lib qolar ekan, degan fikrga bormaslik kerak.

Chunki, boshqa hadislarda ilmsiz holatda fatvo bergan kishilarning o'zlari ham zalolatda, o'zgalarni ham zalolatga boshlashlari mumkinligi xaqida qattiq ogohlantirilgandir.

Homidjon Ishmatbekov,
O'MI raisining birinchi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

27.11.2026   33198   2 min.
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

Ummat birligi yo‘lida:

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi

Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.

Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.

Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.

Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.

Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.

Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.

Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
MAQOLA