Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

O'zbekiston yoshlariga bayram tabrigi

01.07.2024   6868   5 min.
O'zbekiston yoshlariga bayram tabrigi

Qadrli o'g'il-qizlarim!

Siz, azizlarni mamlakatimiz hayotidagi qutlug' ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Biz o'z oldimizga qo'ygan ulkan maqsadlarimiz ijobatini, Yangi O'zbekiston kelajagini butun el-yurtimiz qatori sizdek azmu shijoatli farzandlarimiz bilan bog'liq holda ko'ramiz. Shu bois, yoshlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularni kamol toptirish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida doimo e'tiborimiz markazida bo'lib kelmoqda.

Bu haqda so'z yuritganda, so'nggi yillarda yurtimizda yoshlar bilan ishlash bo'yicha dunyoda o'xshashi kam bo'lgan vertikal boshqaruv tizimi yaratilganini ta'kidlash lozim. Bu esa mahallalardagi Prezident vakillari bo'lgan yoshlar etakchilari orqali qancha-qancha yigit-qizlarni kasb-hunarga o'qitish, bandligini ta'minlash, bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq ko'plab masalalarni quyi bo'g'inning o'zida  hal etish imkonini bermoqda.

Ayniqsa, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar balansi” platformasi asosida olib borayotgan keng ko'lamli ishlarimiz natijasini o'g'il-qizlarimiz o'z hayotida aniq his etmoqda.

Yoshlarga er ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish bo'yicha joriy etilgan yangi tizim tufayli bu yilning o'zida “mahalla ettiligi” tavsiyasi bilan 156 ming yoshga 60 ming gektar er maydoni 30 yil muddatga ijaraga berilgani ham shu yo'ldagi muhim qadamdir.

Albatta, yoshlarning mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda muhim yutuqlarga erishayotgani barchamizni xursand qiladi. Birgina o'tgan o'quv yilida maktab o'quvchilarimizdan 55 nafari matematika, kimyo, biologiya, fizika va informatika fanlari bo'yicha nufuzli xalqaro olimpiadalarda 8 ta oltin, 15 ta kumush, 32 ta bronza medalini, madaniyat va san'at sohasidagi nufuzli xalqaro tanlovlarda esa yoshlarimizning 383 nafari bosh sovrinni, 1 ming 359 nafari 1-o'rinni qo'lga kiritdi.

Yaqinda Qatarda bo'lib o'tgan futbol bo'yicha Osiyo kubogi o'yinlarida O'zbekiston olimpiya terma jamoasi mamlakatimiz tarixida ilk bor Olimpiada yo'llanmasini qo'lga kiritgani ham barchamizga cheksiz g'urur va iftixor bag'ishlaydi.

Mana, bizning qanday iste'dodli, bilimli va matonatli yoshlarimiz bor! “Yangi O'zbekiston yoshlari” degan sharafli nomga har tomonlama munosib bo'lgan bunday yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir.

Qadrli navqiron do'stlarim!

O'zbekistonda yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan keng ko'lamli ishlar dunyo miqyosida tan olinmoqda. O'tgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga ko'ra, O'zbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb e'tirof etilgani ham shundan dalolat beradi. Shuningdek, BMT tomonidan “Yoshlar strategiyasi – 2030”ni namunaviy tarzda amalga oshirish bo'yicha tanlab olingan 10 ta mamlakatdan biri aynan O'zbekistondir. 2022 yilda Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, 2024 yilda esa azim Toshkentimiz – Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi mintaqasida birinchi yoshlar poytaxti deb e'lon qilindi.

Shu kunlarda mamlakatimizda ilk bor o'tkazilayotgan Butunjahon yoshlar festivali ham O'zbekistonga bo'lgan yuksak e'tibor namunasi, desak, to'g'ri bo'ladi. Ushbu anjumanda 92 ta mamlakatdan 700 nafardan ziyod chet ellik yoshlar, 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning vazirlik va idoralaridan rahbar va mas'ul xodimlar ishtirok etmoqda. Eng muhimi, yurtimiz yoshlarining butun dunyoda do'stlari, hamkorlari ko'paymoqda, bilim va kasb o'rganish, global muloqot va almashuvlarda ishtirok etish imkoniyatlari kengaymoqda.

Aziz o'g'il-qizlarim!

Farzandlari bilimli, iste'dodli, o'zining kuchi va salohiyatiga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning istiqboli albatta yorug' bo'ladi. Biz O'zbekiston yoshlarini ana shunday ezgu fazilatlar sohiblari etib tarbiyalash uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Hech qachon unutmang, sizlar yoshlikning har bir daqiqasini g'animat bilib, doimo bunyodkorlik va ijodkorlik hissi bilan, Vatanga cheksiz mehr va sadoqat tuyg'usi bilan yashasangiz albatta kam bo'lmaysiz.

Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, o'z oldingizga qo'ygan maqsadlarga erishishda barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, omad va zafarlar tilayman.

Bayramingiz muborak bo'lsin, aziz o'g'il-qizlarim!

         

Shavkat Mirziyoev,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Daily News Hungary”: Toshkent mediaforumi islom sivilizatsiyasini targ‘ib etishda yangi imkoniyatlar taqdim etdi

04.09.2026   34893   1 min.
“Daily News Hungary”: Toshkent mediaforumi islom sivilizatsiyasini targ‘ib etishda yangi imkoniyatlar taqdim etdi

Vengriyaning “Daily News Hungary” axborot portalida Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, forumga 46 mamlakatdan 200 nafarga yaqin ommaviy axborot vositalari xodimlari, kinematograflar va raqamli texnologiyalar bo‘yicha ekspertlar jam bo‘ldi.

Tadbirning asosiy maydoni Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi. Muallifning ta’kidlashicha, forumdagi asosiy muhokama zamonaviy raqamli avlod uchun tarixiy va madaniy merosni dolzarblashtirish masalasiga qaratilgan.

Qayd etilishicha, jurnalistikaning asosiy mezonlari bo‘lgan haqqoniylik va xolislikni qat’iy saqlagan holda sun’iy intellekt, immersiv texnologiyalar hamda striming platformalaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Maqolada O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning nutqiga, “CNN”, “Euronews” va “BBC Studios” kabi xalqaro media sanoati gigantlarining ishtirokiga alohida e’tibor qaratilgan.

Materialda Toshkent mediaforumi uzoq muddatli xalqaro hamkorlikka poydevor qo‘ygani, O‘zbekistonning global imijini shakllantirishda an’ana va innovatsiyalarning muvaffaqiyatli uyg‘unlashuvini namoyon etgani ta’kidlangan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati