So'nggi yillarda mamlakatimizda masjidlar obod qilinib, namozxonlarga qulay sharoitlar yaratib berilmoqda. 2022 yilda yangi masjidlarning 13 tasi davlat ro'yxatidan o'tkazilib, namozxonlar xizmatiga topshirildi. Shuningdek, 50 ta masjid qayta qurilib, 38 tasi to'la ta'mirlandi.
Ayni paytda 267 ta masjidda qurilish ishlari davom etmoqda. 2023 yil oxirigacha 49 ta masjidni foydalanishga topshirish, 161 ta jomeni qayta qurish va 23 tasini to'liq ta'mirlash rejalashtirilgan. .
So'nggi ikki yilda qurilishi davom etayotgan masjidlarga ikki milliard bir yuz o'ttiz million so'mdan ziyod moddiy yordam ko'rsatildi.
Hozir respublikamiz miqyosida katta yo'l bo'ylarida 15 ta masjid yangi loyiha asosida tubdan qayta qurilmoqda, 7 ta jomeni qayta qurish, 5 tasini yo'l yoqasiga ko'chirish reja qilingan. Shuningdek, katta yo'llarga yaqin atrofdagi masjidlar nomi va masofasini ko'rsatuvchi maxsus belgilar o'rnatildi.
Muhimi, yurtdoshlarimiz ushbu masjidlarda Ramazon, Qurbon hayitlarini, xatmi Qur'onlar hamda taroveh namozlarini jamoat bo'lib o'qib, shukuhga to'lib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi, xalqimizning yanada farovonligini so'rab duolar qilishmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari sa'y-harakatlari bilan Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Ushbu markazda yurtimizning zabardast ulamolari hamda fiqh sohasi olimlari ish olib boradi. “Koll markaz”ida mo'min-musulmonlarning savollariga har jihatdan asosli javoblar berilyapti. Savollar elektron, yozma hamda yuzma-yuz shaklda ham qabul qilinadi.
Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari hamda Ulamolar kengashi tomonidan markazga yo'llangan savollar saralab olinib, yaqinda “Fatvolar to'plami: 500 savolga 500 javob” kitobi nashr etildi.
Qur'oni karimni o'rganishga bo'lgan ehtiyojni ta'minlash uchun O'zbekistonning har bir hududida tajvid kurslari faoliyat ko'rsatib kelyapti. Bugunga qadar 35 mingdan ziyod mo'min-musulmonlar Qur'on o'qishni o'rganishdi.
Chindan ham diniy-ma'rifiy sohada katta islohotlar bo'lyapti. Biroq oldinda muhim vazifalar, muammolar oz emas. Jumladan, yaqinda Buxorodagi “Mir Arab” oliy madrasasida Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar hamda tuman-shahar bosh imom-xatiblari uchun aholi radikallashuvining oldini olishga qaratilgan malaka oshirish o'quvlarida bu haqda batafsil ma'lumotlar berildi.
Bugun imom-xatiblar joylarda diniy-ma'rifiy ishlarni yanada mazmunli va ta'sirchan olib borishlari, yoshlarni turli yot g'oyalar ta'siridan saqlay bilishlari, shuningdek, o'z hududidagi odamlarning dardu tashvishlarini chuqur his etib, ularning har qanday kunida ham yonida turib, kamarbasta bo'lishlari lozim. Ana shundagina kishilarning imom-xatiblarga ishonchi ortadi, ularni izzat-ikrom qilib, ko'rsatmalariga amal qila boshlaydilar.
Qolaversa, imom-xatib hamda otinoyilar xalqimiz orasiga tobora chuqurroq kirib borib, turli bid'at-xurofotlarga qarshi murosasiz bo'lishlari, shariatda yo'q turli nomlar bilan ataladigan marosimlarga va dinimiz man etgan ishlarga qarshi keng ko'lamda tushuntirish ishlarini yo'lga qo'yishlari lozim.
Demak, diniy soha xodimlari bugungi kunimizning mas'uliyatini chuqur anglashlari, odamlarning orzu-istaklari, ularni qiynab kelayotgan muammolarga echim topishlarida ko'mak berishlari zarur.
Jaloliddin HAMROQULOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisi o'rinbosari
Ummat birligi yo‘lida:
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.
Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.
Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.
Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.
Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari