Saudiya Arabistonining Ikki Muqaddas Masjid masjidi ishlari bo'yicha bosh boshqarmasi hajdan yangi kelgan ziyoratchilar kelishi oldidan Payg'ambarimiz masjidi “Masjidun Nabaviy”ni yozning jazirama issig'iga chidamli etib tayyorladi.
Haroratning oshishini inobatga olgan holda, boshqarma tomonidan musulmonlarning qulayligi va farovonligini ta'minlash uchun maxsus chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Yuqori texnologiyali konditsioner (sovutgich) tizimi “Masjidun Nabaviy”dagi harorat sharoitlarini tartibga solishda muhim rol' o'ynaydi. Ushbu tizimning markaziy stansiyasi butun muqaddas masjid bo'ylab salqin havoni samarali tarqatish uchun ilg'or texnologiyalardan foydalangan holda dunyodagi eng yirik suv sovutgichlar bilan jihozlangan, deb yozadi, IslamNews “ Asharq al-Awsat ” nashriga tayanib.
Masjidning hovli hududlarida ziyoratchilar avtomatik tizimda ishlaydigan 250 ta ulkan soyabon ostida jazirama issiqdan himoyalanishadi. Suv purkagich ventilyatorlari masjid va uning radiusidagi havoni yanada sovutadi, markaziy suv purkagich tizimi muntazam sterilizatsiya qilinadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Hadis ilmi maktabi qoshidagi "Qur’oni karim va tajvid" o‘quv kursida tahsil olgan 51-davra tinglovchilari uch oylik saboq olish mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli yakunladilar.
Shu munosabat bilan tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Tadbirda Hadis ilmi maktabi mutasaddi rahbarlari ishtirok etib, tinglovchilarga Qur’on tilovati va ilm yo‘lida lozim bo‘ladigan muhim tavsiyalarini berishdi.
Shuningdek, "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti qoshidagi "Qur’oni karim va tajvid" o‘quv kursining navbatdagi 57-davra mashg‘ulotlari ham yakunlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati