Allohning kitobi musulmonlarning insoniylik qiyofasini, uning boshqa kishilarga va umuman, olamga nisbatan bo'lgan muomalasi, odobi, xulqini shakllantirishda katta o'rin egallaydi. Insoniyat tarixida qadim zamonlardan buyon yig'ilib, amalda tadbiq qilib kelinayotgan ko'pdan – ko'p insoniy xislatlari, axloqiy tartib-qoida va qarashlari Qur'onda o'z aksini topgan. Shariatimizda himmat, xayr-sahovat va mehmondo'stlik, to'g'rilik, jasorat va botirlik, sabr-toqat, poklik, halollik, vafodorlik, sodiqlik kabi insoniy fazilatlar bilan birga ota-ona huquqlari ham belgilab qo'yilgan va himoya qilgan.
Qur'oni karimda, ota-onani hurmat qilishga alohida e'tibor berilgan. Jumladan, Alloh taolo: “Robbing faqat Uning O'zigagina ibodat qilishingizni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringizda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka etsalar, bas, ularga “uff” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so'z ayt!”— degan. “Uff” so'zi – bezorim chiqdi, jonimga tegdi va shunga o'xshagan ma'nolarni bildiradi. Ota-onaga bu so'zni ishlatib ranjitish, Allohga itoatsizlik bo'ladi. Alloh taolo O'ziga ibodat qilishdan keyin, ota-onaga yaxshilik qilishni, ularga ozor bermaslikni va shirinsuxan bo'lishni buyurayapti. Bu dinimizda ota-onaning haqqi qanchalik ulug' ekanini ko'rsatadi. Ushbu suraning keyingi oyatida: “Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat va “Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin”, deb ayt”, — degan. Farzandlar ota-onaning huzurida o'zini qancha past tutsa, o'zlariga shunchalik yaxshi bo'ladi. Yana doimo ularga Alloh taolodan mag'firat tilab duo qilishlari lozim bo'ladi. Chunki ular farzandlariga tarbiya berib voyaga etkazgunicha qanchadan qancha mashaqqatlarni chekib o'tgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir musulmonning ota-onasi bo'lsa, ularga yaxshilik qilib, uning savobini kutgan holda tong ottirgan bo'lsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi. deganlar. Hikmatlarda keladi: «Ona jannat eshiklaridan bir eshikdir», ya'ni farzandning onasiga yaxshilik qilishi uni jannatga etkazadi. Mashhur Qozi Iyoz Zakiyning onalari vafot etganida qattiq yig'lab turib: Men uchun jannatga olib boradigan ikki eshik bor edi, bittasi berkilib qoldi deganlar.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli, men katta gunoh qildim. Endi men uchun tavba bormi?» dedi.«Onang bormi?» dedilar. «Yo'q», dedi. «Holang bormi?» dedilar. «Ha», dedi. «Unga yaxshilik qil», dedilar» (Imom Termiziy, Ibn Hibbon va Hokim rivoyati). Demak, xola ham ona o'rnida bo'larkan. Onasi vafot etib ketgan inson xolasiga yaxshilik qilsa, bu ham gunohlariga kafforat bo'lar ekan.
Farqan Sabaxiy aytadi: “Bazi kitoblarda o'qidim, farzand uchun ota-onasinig huzurida ikkalasining iznisiz gapirishlik va ikkovidan oldin yurishlik o'ngda ham, chapda ham lozim bo'lmaydi, magaram uni ikkovlari chaqirishsa, javob berib, so'ngra izidan yuradi….”
Hulosa o'rnida aytamizki: Alloh taolo ota-onaning farzandni dunyoga kelishiga sabab bo'lganliklari, ularni o'stirish, voyaga etkazish, ilm berish, vaqti kelganda oilali qilish kabi burchlarini ado etishda chekkan mashaqqatlari tufayli, ularga buyuk mukofotlar ato etib, o'zining roziligini ota-onaning roziligi bilan bog'lagan. Shunday ekan, azizlar, ota-onamizning xizmatini qilishlikda sustkashlikka yo'l qo'ymaylik.
Otabek Sodiqov,
Davlatobod tumani “Muhammad al – Amin” jome
masjidi imom noibi
#xabar #haj2025 #statistika
Saudiya Arabistoni Podshohligi statistika Bosh boshqarmasi haj amallarini bajarish uchun kelgan ziyoratchilar sonini e’lon qildi. Unga ko‘ra:
Bu yil 1 million 673 ming 230 nafar kishi haj amalini ado etgan. Shundan mahalliy ziyoratchilar soni 166 ming 654 nafar.
Hojilarning 877 841 nafari erkak, 795 389 nafari esa ayollardir.
Ziyoratchilarning kelishi yo‘llari:
Havo yo‘llari orqali: 1 435 017 kishi.
Quruqlik chegara orqali: 66 465 kishi.
Dengiz yo‘li orqali: 5 094 kishi.
Eslatib o‘tamiz bu yil yurtimizdan 15 ming nafar fuqaro haj ibodatini ado etishga muyassar bo‘ldi. So‘nggi 8 yil mobaynida 75 ming nafar kishi haj ibodatini qilishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati