Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

MUQADDAS DINIMIZ OTA-ONAGA "UFF" DYeMASLIKNI BUYuRADI

26.06.2024   1406   4 min.
MUQADDAS DINIMIZ OTA-ONAGA

Allohning kitobi musulmonlarning insoniylik qiyofasini, uning boshqa kishilarga va umuman, olamga nisbatan bo'lgan muomalasi, odobi, xulqini shakllantirishda katta o'rin egallaydi. Insoniyat tarixida qadim zamonlardan buyon yig'ilib, amalda tadbiq qilib kelinayotgan ko'pdan – ko'p insoniy xislatlari, axloqiy tartib-qoida va qarashlari Qur'onda o'z aksini topgan. Shariatimizda himmat, xayr-sahovat va mehmondo'stlik, to'g'rilik, jasorat va botirlik, sabr-toqat, poklik, halollik, vafodorlik, sodiqlik kabi insoniy fazilatlar bilan birga ota-ona huquqlari ham belgilab qo'yilgan va himoya qilgan.

Qur'oni karimda, ota-onani hurmat qilishga alohida e'tibor berilgan. Jumladan, Alloh taolo: “Robbing faqat Uning O'zigagina ibodat qilishingizni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringizda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka etsalar, bas, ularga “uff” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so'z ayt!”— degan. “Uff” so'zi – bezorim chiqdi, jonimga tegdi va shunga o'xshagan ma'nolarni bildiradi. Ota-onaga bu so'zni ishlatib ranjitish, Allohga itoatsizlik bo'ladi. Alloh taolo O'ziga ibodat qilishdan keyin, ota-onaga yaxshilik qilishni, ularga ozor bermaslikni va shirinsuxan bo'lishni buyurayapti. Bu dinimizda ota-onaning haqqi qanchalik ulug' ekanini ko'rsatadi. Ushbu suraning keyingi oyatida: “Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat va “Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin”, deb ayt”, — degan. Farzandlar ota-onaning huzurida o'zini qancha past tutsa, o'zlariga shunchalik yaxshi bo'ladi. Yana doimo ularga Alloh taolodan mag'firat tilab duo qilishlari lozim bo'ladi. Chunki ular farzandlariga tarbiya berib voyaga etkazgunicha qanchadan qancha mashaqqatlarni chekib o'tgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir musulmonning ota-onasi bo'lsa, ularga yaxshilik qilib, uning savobini kutgan holda tong ottirgan bo'lsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi. deganlar. Hikmatlarda keladi: «Ona jannat eshiklaridan bir eshikdir», ya'ni farzandning onasiga yaxshilik qilishi uni jannatga etkazadi. Mashhur Qozi Iyoz Zakiyning onalari vafot etganida qattiq yig'lab turib: Men uchun jannatga olib boradigan ikki eshik bor edi, bittasi berkilib qoldi deganlar.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli, men katta gunoh qildim. Endi men uchun tavba bormi?» dedi.«Onang bormi?» dedilar. «Yo'q», dedi. «Holang bormi?» dedilar. «Ha», dedi. «Unga yaxshilik qil», dedilar» (Imom Termiziy, Ibn Hibbon va Hokim rivoyati). Demak, xola ham ona o'rnida bo'larkan. Onasi vafot etib ketgan inson xolasiga yaxshilik qilsa, bu ham gunohlariga kafforat bo'lar ekan.

Farqan Sabaxiy aytadi: “Bazi kitoblarda o'qidim, farzand uchun ota-onasinig huzurida ikkalasining iznisiz gapirishlik va ikkovidan oldin yurishlik o'ngda ham, chapda ham lozim bo'lmaydi, magaram uni ikkovlari chaqirishsa,  javob berib, so'ngra izidan yuradi….”  

Hulosa o'rnida aytamizki: Alloh taolo ota-onaning farzandni dunyoga kelishiga sabab bo'lganliklari, ularni o'stirish, voyaga etkazish, ilm berish, vaqti kelganda oilali qilish kabi burchlarini ado etishda chekkan mashaqqatlari tufayli, ularga buyuk mukofotlar ato etib, o'zining roziligini  ota-onaning roziligi bilan bog'lagan. Shunday ekan, azizlar, ota-onamizning xizmatini qilishlikda sustkashlikka yo'l qo'ymaylik.

Otabek Sodiqov,
Davlatobod tumani “Muhammad al – Amin” jome
masjidi imom noibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Masjidul haromda uxlasa, tahorati sinmaydimi?

16.06.2025   6169   1 min.
Masjidul haromda uxlasa, tahorati sinmaydimi?

Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.

Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?


Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.

Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.

Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.

Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.