Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2026   |   7 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:08
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:21
Bismillah
17 Noyabr, 2026, 7 Jumadul soni, 1448

18.07.2024   2406   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro anjumanda dinlararo bag‘rikenglik masalalari muhokama qilindi

17.11.2026   2806   2 min.
Xalqaro anjumanda dinlararo bag‘rikenglik masalalari muhokama qilindi

Bugun, 17 noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida "Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Baxtiyor Namozov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov qatnashdi.

Shuningdek, AQSH, Shvetsiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Qozog‘iston, Germaniya, Qirg‘iziston va Hindiston kabi qator davlatlardan xorijiy mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari, dinshunos-ekspertlar, islomshunoslar, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, diniy konfessiya yetakchilari va milliy madaniy markazlar vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.

Xalqaro tadbir avvalida soha rahbarlarining tabriklari ishtirokchilarga yetkazildi. Konferensiya davomida Zayniddin domla Eshonqulov so‘zga chiqib, anjuman ishtirokchilariga Muftiy hazratlarining salomlarini yetkazdi. Notiq o‘z ma’ruzasida Islom dinining mohiyatida bag‘rikenglik, mehr-oqibat, adolat va insoniylik g‘oyalari mujassam ekanini Qur’oni karim oyatlari hamda hadisi shariflar asosida keng tushuntirib berdi. Shuningdek, yurtimiz qadimdan turli millat va din vakillari tinch-totuv yashagan bag‘rikenglik maskani ekanini ta’kidlab, bugungi kunda yoshlarda sog‘lom diniy dunyoqarash va bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish, mutaassiblik va yot g‘oyalarga qarshi faqat ma’rifat bilan kurashish eng muhim vazifalardan biri ekaniga alohida e’tibor qaratdi.

So‘zga chiqqan boshqa notiqlar tomonidan dinlararo muloqot va bag‘rikenglikni ta’minlashda O‘zbekiston va jahon tajribasi, konfessiyalararo hamda madaniyatlararo hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim va ma’rifatning jamiyatda totuvlik va barqarorlikni ta’minlashdagi muhim o‘rni alohida e’tirof etildi.

Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini uchta sho‘bada davom ettirdi. Har bir sho‘bada diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga oid dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari