Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun 20 iyul kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida “Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy hadis maktabi rahbarlari, ilmiy jamoalar, olimlar, ilmiy xodimlar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda jamoatchilik vakillari, nuroniylar ishtirok etdi.
Anjumanda Imom Buxoriy merosining ilmiy ahamiyatini, islom ta’limoti asoslaridan bo‘lgan hadislarni jamlab, ulardan ishonchlilarini saralab bergan buyuk muhaddis olim hayoti va ilmiy yo‘lini chuqur o‘rganish va jamoatchilik orasida zamonaviy usullarda keng targ‘ib qilish zaruratini alohida qayd etildi.
Konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov so‘zga chiqib, Imom Buxoriyning xizmatlarini e’tirof etib, u zot qoldirgan boy meros islom olami uchun alohida faxr ekanini ta’kidladi. Mamlakatimizda buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini puxta o‘rganish, keng targ‘ib va tashviq qilish va hayotga tatbiq etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani, ilmiy-ijodiy faoliyatlari bilan bir qatorda ul zotning hayotlari, axloq-odoblari, yuksak insoniy fazilatlarida biz uchun ibrat, namuna ekanini qayd etib o‘tdi.
Konferensiya yakunida Imom Buxoriy majmuasida allomaning “Sahihi Buxoriy” asari xatm qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Saudiya Arabistonida Podshoh Abdulaziz nomidagi Qur’oni karim hifzi, qiroati va tajvidi bo‘yicha 45-xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning “Hifz” yo‘nalishida “Ko‘kaldosh” bilim yurti talabasi Shukurbek qori Shuhratbekov va “Qur’oni karimning 15 juzini tajvid bilan yoddan o‘qish” yo‘nalishida esa “Sayyid Muhyiddin maxdum” bilim yurti talabasi Dostonbek qori Sodiqov ishtirok etmoqda.
Qorilarimiz mazkur musobaqaning saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, yakuniy bosqichga etib keldi.
Bugun Toshkent vaqti bilan 18:30 da yurtimiz vakillari musobaqaning yakuniy bosqichida ishtrok etadi.
Alloh taolodan Vatanimiz sha’nini himoya qilayotgan qorilarimizga muvaffaqiyat so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati