Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Avvalo, sizlarni, ta'lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlari va faxriylarini umumxalq bayrami – O'qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bugun biz mamlakatimizda millati, tili, dinidan qat'i nazar, har bir inson o'z qobiliyati va iste'dodini, bilim va tajribasini ro'yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta'lim olib, hayotda munosib o'rin egallashlari uchun safarbar etmoqdamiz.
Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ta'lim sohasidagi islohotlarimiz ushbu nufuzli tashkilotning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg'un va hamohang ekani e'tirof etilgani barchamizni albatta xursand qiladi.
Bu yil yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor o'qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta'lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani bejiz emas. Chunki, jamiyat hayotida o'qituvchining o'rni va ta'siri oshsa – maktabning obro'yi oshadi, ilm-fan, ta'lim va tarbiya sohasining qadri ko'tariladi. Muallimning obro'-e'tibori esa bu millatning, butun xalqning obro'-e'tiboridir.
So'nggi yillarda birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz tufayli mamlakatimizda ko'plab yangi bog'chalar, maktab va oliygohlar barpo etilmoqda. Ta'lim-tarbiya va ilm-fan muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va o'quv qo'llanmalarining yangi avlodi yaratilmoqda.
Soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va rag'batlantirish doimiy e'tiborimiz markazida bo'lib kelmoqda. Oxirgi etti yilda maktabgacha ta'lim bo'yicha qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga, oliy ta'limda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlarimiz sonini 77 tadan 212 taga etkazishga erishganimiz, hech shubhasiz, eng muhim yutug'imizdir.
Ta'lim-tarbiya sohasida qabul qilgan dasturlarimiz asosida keyingi vaqtda 261 ta yangi o'rta ta'lim muassasasini qurish, 2,5 mingta maktabni kengaytirish hisobidan qo'shimcha 700 mingta o'quvchi o'rni yaratilganini ta'kidlash lozim.
Bu yil xorijdan taklif etilgan 500 nafar chet tili mutaxassisi maktablarimizda ish boshladi. Kelgusi yillarda ularning sonini 3 barobar oshiramiz, 10-11-sinflarda bir qator fanlarni o'quvchilarning tanlovi asosida chuqurlashtirib o'qitishni yo'lga qo'yamiz.
Ta'lim sohasi xodimlarining o'rtacha ish haqi 2 barobar ko'paytiriladi. Ming nafar tarbiyachi va o'qituvchilar xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi. O'qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi ham takomillashtiriladi. Biz farzandlarimizni milliy g'urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Qadrli do'stlar!
Bugungi kunda mamlakatimizda maktab ta'limini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish umummilliy harakatga aylanib bormoqda. Hususan, navoiylik Abdukarim Saksonov, samarqandlik Quyosh Haqberdiyev, Ilhom Rustamov, buxorolik
Oybek Namozov, qashqadaryolik Nurbek Ergashev kabi o'nlab tadbirkorlarimiz o'z hududlarida yangi maktablar qurgani, ta'lim dargohlarini kapital rekonstruktsiya qilib, zamonaviy asosda jihozlab bergani, ohangaronlik oqsoqol shoirimiz Barot ota Isroilov esa hovlisida kutubxona ochib, uni o'z hisobidan 10 mingta kitob bilan ta'minlab, bu ma'rifat maskanini qishloq o'quvchilariga sovg'a qilgani har qancha tahsinga sazovor.
Saflari tobora ko'payib borayotgan mana shunday insonlar siymosida biz jadid bobolarimizning munosib davomchilarini, ularning ushalayotgan orzu va intilishlarini, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini ko'ramiz.
Imkoniyatdan foydalanib, bunday fidoyi, saxovatli yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Muhtaram yurtdoshlar!
Taraqqiyotimiz dasturi bo'lmish “O'zbekiston – 2030” strategiyasida sizlar bilan birga ta'lim tizimini yanada rivojlantirish bo'yicha yangi maqsad va rejalarni belgilab oldik.
Ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas'uliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalash barchamizdan katta kuch-g'ayrat, azmu shijoat bilan mehnat qilishni talab etadi.
Mana shunday sharafli vazifani ado etishda men siz, muhtaram ustoz va murabbiylarga har tomonlama yordam va ko'mak berishga tayyor ekanimni yana bir bor izhor etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Hamisha sog'-omon bo'ling, muhtaram ustozlar!
Shavkat Mirziyoev,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
Ummat birligi yo‘lida:
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.
Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.
Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.
Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.
Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari