Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

24.05.2020 y. Ramazon hayitingiz muborak!

14.08.2020   3501   14 min.
24.05.2020 y. Ramazon hayitingiz muborak!

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي أَكْمَلَ لَنَا الدِّينَ وَأَتَمَّ عَلَيْنَا النِّعْمَةَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ

Ramazon hayitingiz muborak!

Muhtaram jamoat! Jannatmakon o‘lkamizning mo‘min-musulmonlari oylarning sayyidi bo‘lgan Ramazon oyini nihoyatda ko‘tarinki ruhda, kechalarini toat-ibodat, kunduzlarini ro‘zador holda fayzu futuh bilan o‘tkazishdi. Bu oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirishdi. Alhamdulillah, Alloh taolo va’da qilgan buyuk mukofotni qabul qilish kuni "Iydi-Fitr", ya’ni Ramazon hayiti kabi ulkan shodiyona kunda turibmiz.

   Ramazon hayitini dunyodagi millionlab musulmonlar qatori yurtimiz mo‘min-musulmonlari ham katta shodiyona va xursandchilik bilan o‘tkazadigan muborak ayyomdir. Chunki ushbu kun tutgan ro‘zalarimiz qabul etiladigan, Allohning rahmati va fazli yer yuziga mo‘l-ko‘l yog‘iladigan, Allohga qullik va itoatda qalblarimiz zavqlanadigan ajoyib vaqtdir. Shu bois Islomning shiori bo‘lgan ikki bayramda, Ramazon hayiti va Qurbon bayramida xursandchiligimizni, saxovatimizni va yuksak odob-axloqimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq izhor qilishimiz kerak.

Alloh taolo O‘zining muborak Kalomida shunday marhamat qilgan:

قُلْ بِفَضْلِ اللَّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُوا هُوَ خَيْرٌ مِمَّا يَجْمَعُونَ

 (سورة يونس/ 58)

 ya’ni: “Ayting: Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir” (Yunus surasi, 58-oyat).

عَنْ أنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه قَالَ: قَدِمَ رَسَولُ اللهِ صَلَّى الله عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  الْمَدِيْنَةَ وَلَهُمْ يَوْمَانِ يَلْعَبونَ فِيْهِمَا فَقَالَ: مَا هَذَانِ اليَوْمَانِ؟ قَالُوا: كُنَّا نَلْعَبُ فِيْهِمَا فِى الجَاهِلِيَّةِ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: إِنَّ اللهَ قَدْ أَبْدَلَكُمْ بِهِمَا خَيْرًا مِنْهِمَا يَوْمَ الأَضْحَى وَيَوْمَ الفِطْرِ

(رَوَاهُ الإمام أَحْمَدُ وَالإمام أَبُو دَاوُدَ).

ya’ni:  Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida madinaliklarning ko‘ngilochar ikki kunlari bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bu qanday kunlar?” deb so‘radilar. Ular: “Johiliyatda bu kunlari ko‘ngillarimizni xush qilardik”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo bu ikki kunni ulardan ham yaxshi qurbonlik va fitr kunlariga almashtirdi”, dedilar” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari).

Muhtaram yurtdoshlar! Inson hayotida qiyinchiliklar va turli sinovlarga duch keladi. Bu bilan Alloh taolo insonlardagi O‘ziga bo‘lgan imon-e’tiqodni, sabr-bardoshni sinaydi. Alloh taolo aytadi:

 وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ  

ya’ni: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz*. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” (Baqara surasi, 155-oyat).

Inson sabr va matonat bilan imtihondan o‘ta olsa, mazkur oyati karimda bayon qilingan ilohiy bashoratga sazovor bo‘ladi.

Xususan, 2020 yil ham butun insoniyatga katta sinovlar yili bo‘ldi. Hozirda dunyoni qamrab olgan Koronavirus (COVID-19) pandemiyasi tinch va osuda hayotga odatlangan mamlakatlar, jumladan, bizning yurt aholisi uchun ham ulkan sinov bo‘ldi.

Bundan tashqari, joriy yilning 27 apreldan 28 aprelga o‘tar kechasi Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida kuchli shamol esib, aholimizning bino-inshootlariga, qishloq xo‘jaligi ekinlariga hamda shaxsiy mulklariga katta talofat yetdi.

Muhtaram Yurtboshimiz o‘sha kunning o‘zidayoq Buxoro viloyatiga yetib bordilar va ushbu tabiiy ofat oqibatlarini ko‘zdan kechirib, zarur chora-tadbirlarni belgilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdilar. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilib: “Xalqimiz hamjihat bo‘lib, bunday sinovlarni ko‘p yengib o‘tgan. Bu safar ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, talofat oqibatlari tezda bartaraf etiladi. Eng muhimi, ruhni tushirmay, birgalikda kurashsak, bu qiyinchiliklardan kuchli bo‘lib chiqamiz”, deya dalda bo‘ldilar.

Ushbu tabiiy ofatdan ko‘p o‘tmay yana bir falokatga duch keldik. Joriy yilning 1 may kuni Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasidan suv chiqishi yuzaga keldi. Natijada Sardoba tumanidagi aholi turar joylariga suv kirishi, ekin maydonlariga zarar yetishi kuzatildi. Yurtboshimizning bevosita ko‘rsatmalariga ko‘ra olib borilgan tezkor chora-tadbirlar orqali qariyb 12 ming nafar aholi xavfsiz joyga ko‘chirilib, ularga zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Ushbu sinovli kunlar matonatli va bag‘rikeng xalqimizni yanada jipslashtirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Turli viloyatlardagi yurtdoshlarimiz talofatdan aziyat chekkan Sirdaryo xalqi bilan birga ekanliklarini izhor etib, ularga moddiy va ma’naviy jihatdan ko‘mak berdilar.

Muhtaram azizlar! Darhaqiqit, Alloh taolo ixlosli va itoatkor bandalarini qiyinchilikka tashlab qo‘ymaydi, balki tezda yengillik beradi. Alloh taolo oyati karimada shunday marhamat qiladi:

سَيَجْعَلُ اللَّهُ بَعْدَ عُسْرٍ يُسْرًا

ya’ni: “Albatta Alloh tezda tanglikdan keyin yengillikni paydo qilur” (Taloq surasi, 7-oyat).

Alloh taolo mana shunday oz muddatli qiyinchilik kunlarida sabr qilgan, ibodatlarda qoim bo‘lgan, muhtojlarga yordam bergan va chiroyli xulqlarini saqlab qolganlarga oxirat saodatini va’da qiladi:

وَالَّذِينَ صَبَرُوا ابْتِغَاءَ وَجْهِ رَبِّهِمْ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَأَنْفَقُوا مِمَّا رَزَقْنَاهُمْ سِرًّا وَعَلَانِيَةً

وَيَدْرَءُونَ بِالْحَسَنَةِ السَّيِّئَةَ أُولَٰئِكَ لَهُمْ عُقْبَى الدَّارِ

ya’ni: “Parvardigorlarining roziligini istab, (turli mashaqqatlarga) sabr qilib, namozlarini barkamol ado etgan va Biz rizq qilib bergan narsalardan xufyona va oshkora ehson qilgan hamda yomonlikka yaxshilik qaytaradigan zotlar, aynan o‘shalar uchun dunyo oqibati (jannat) bordir” (Ra’d surasi, 22-oyat).

Mana shunday og‘ir damlarda muhtaram Yurtboshimiz aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmonlar bilan ta’minlash ko‘lamini yanada kengaytirish kerakligini ta’kidlab, xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdilar. Bu umumxalq harakati, albatta, o‘zining ijobiy samarasini berdi. Chunki, ijtimoiy ko‘makka muhtojlar holidan xabar olish, ularga saxovat ko‘rsatish dinimizda eng maqtalgan savobli amallardan bo‘lib, xalqimizga xos qadriyatlardan hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

مَنْ نَفَّسَ عَنْ مُؤْمِنٍ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ الدُّنْيَا نَفَّسَ اللَّهُ عَنْهُ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ ، وَمَنْ يَسَّرَ عَلَى مُعْسِرٍ يَسَّرَ اللَّهُ عَلَيْهِ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ ، وَمَنْ سَتَرَ مُسْلِمًا سَتَرَهُ اللَّهُ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ ، وَاللَّهُ فِي عَوْنِ الْعَبْدِ مَا كَانَ الْعَبْدُ فِي عَوْنِ أَخِيهِ

(رواه الإمام مسلم عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni: “Kim bir mo‘minning dunyo qayg‘ularidan birini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini ketkazadi. Kim dunyoda bir qiynalgan (birodari)ning og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Kim bir musulmonni aybini berkitsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratda satr qiladi.  Qaysi bir banda birodarining yordamida bo‘lsa, Alloh taolo ham uning yordamida bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Yana shuni ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, Alloh taoloning marhamati bilan o‘tgan hayit bilan bugungi hayitimiz o‘rtasida yurtimizda barchamizni xursand qiladigan ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi, rivojlanish islohotlari kunma-kun ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda. Shahar-qishloqlarimiz yanada chiroy ochib, obod bo‘lmoqda. Davlatimiz tomonidan diniy qadriyatlarimizga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday ne’matlarga ko‘plab shukrona qilmog‘imiz kerak bo‘ladi.

Hayit kuni – ulug‘ bayram, uni azaga, motomga, hafagarchilikka aylantirib olmasligimiz kerak. Ba’zi joylarda erkak-ayollar to‘da-to‘da bo‘lib fotihaga yurish va azadorlarni xonadonlarda ziyofatbozlik, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Azadorlar ham odamlar keladi deb hayit kuniga mahsus tayorgarlik ko‘rib, imkoniyati yo‘qlar qarzga botmoqdalar. O‘tganlarni eslash, ularni ruhini shod etib, Qur’on tilovat qilish, duoi xayr qilish yaxshi amallar xisoblanadi, lekin bu ishlar Xayit kunining bayramona kayfiyatiga aslo ta’sir qilmasligi kerak.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi fatvosi asosida masjidlarda karantin davrida vaqtincha jamoat namozlari to‘xtatilganini inobatga olgan holda Ramazon hayiti namozi ado qilinmasa ham bayram kayfiyatini saqlab qolish uchun Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bir sunnatlarini hayotga joriy etish maqsadga muvofiqdir. Abu Sa’id raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

لَا يُصَلِّي قَبْلَ اَلْعِيدِ شَيْئًا, فَإِذَا رَجَعَ إِلَى مَنْزِلِهِ صَلَّى رَكْعَتَيْنِ

ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Iyd namozidan avval nafl namoz o‘qimasdilar. Qachon uylariga qaytsalar ikki rakat namoz o‘qirdilar” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Hanafiy mazhabining mo‘tabar fiqhiy manbalaridan biri bo‘lmish “Majma’ul anhur” kitobida shunday deyiladi:

اعْلَمْ أَنَّ صَلَاةَ الْعِيدِ قَائِمَةٌ مَقَامَ الضُّحَى فَإِذَا فَاتَتْ بِعُذْرٍ يُسْتَحَبُّ أَنْ يُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ أَوْ أَرْبَعًا وَهُوَ أَفْضَلُ

ya’ni:  “Ma’lum bo‘lsinki, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzal”.

Azizlar! O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi 2020 yil Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi Bayonotini e’lon qildi. Unda qo‘yidagi jumlalar o‘z aksini topgan:

Karantin talablaridan kelib chiqib, Ramazon hayiti arafasida va hayit kunlari bajariladigan amallar bo‘yicha quyidagi qarorlar qabul qilindi:

  1. O‘tgan marhumlarning haqlariga qilinadigan duoi fotihalarni qat’iy ravishda yurtdoshlarimiz o‘z xonadonlarida, oila davrasida bajarsinlar;
  2. 2. Yoshi ulug‘ keksalarimiz va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlarimiz bilan bog‘liq an’analarimizni karantin qoidalariga amal qilgan holda amalga oshirsinlar.

Ushbu qarorlarga amal qilgan holda arafa va hayit kunlarini o‘tkazishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Hurmatli azizlar! Ma’lumki, Shavvol oyi hijriy sananing uninchi oyi hisoblanadi. Bu oyda sog‘ligi va imkoni bo‘lgan kishi nafl ruzasini tutsa, Alloh taolo u bandaga ko‘p ajru mukofotlarni berishini va’da qilgan. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

"مَنْ صَامَ رَمَضَانَ ثُمَّ أَتْبَعَهُ سِتًّا مِنْ شَوَّالٍ كَانَ كَصِيَامِ الدَّهْرِ"

 (أخرجه والإمام مسلم عَنْ أَبِي أَيُّوبَ الْأَنْصَارِيِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ).

ya’ni: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan shavvol oyidan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Demak, ushbu hadisi sharifga amal qilib, kishi Ramazon ro‘zasini tutib, shavvolning olti kunida ro‘za tutsa, bir yil davomida ro‘za tutganlik savobini qozonar ekan.

Bu olti kunlik ro‘zani Ramazon hayitining ertasidan boshlab tutish mumkin. Shuningdek shavvol oyi davomida tutsa ham bo‘ladi. Bu haqda “Zohiriyya” va “Xulosa” nomli fatvo kitoblarimizda aytib o‘tilgan. Boshqa bir hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

من صام رمضان واتبعه ستاً من شوال خرج من ذنوبه كيوم ولدته أمه

)رواه الإمام الطبراني عن ابن عمر رضي الله عنهما(.

ya’ni: “Kimki Ramazon ruzasini tutib, ortidan Shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, xuddi onadan tug‘ilgandek gunohlardan forig‘ bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Shavvvolning olti kunida ro‘za tutishning yana foydalaridan biri shuki, u Ramazon ro‘zasidagi yo‘l qo‘yilgan kamchilik-nuqsonlarga kafforat bo‘ladi. Bu – xuddi farz namozlar ortidan o‘qilgan sunnat namozi kabidir. Ushbu sunnatlar farzda bilib-bilmay yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qiladi. Qiyomat kuni bandaning nafl ibodatlari uning farz-vojib amallarda yo‘l qo‘ygan nuqsonlarini to‘ldiradi.

Muhtaram azizlar! Yana bir-bor diyorimizda yashovchi barcha mo‘min- musulmonlarni Ramazon Hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz! Alloh taolodan yurtimiz hamisha obod, halqimiz o‘zaro tinch va ittifoqlikda yashashini, farovon bo‘lishini so‘rab duoi hayrlar qilamiz! Barcha rahbarlarimizning el-yurt manfaati, yurtimiz tinchligi, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida olib borayotgan  ezgu ishlarida Yaratgan yoru-madadkor bo‘lishini so‘rab qolamiz! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xato – bandaniki

24.06.2025   132   2 min.
Xato – bandaniki

Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi: 
 

– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...


Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.


Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:

– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.


Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.


Imom unga dedi:

– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?


Yigit javob berdi:

– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.


Imom dedi:

– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...


Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi. 


Akbarshoh RASULOV

O'zbekiston yangiliklari