بسم الله الرحمن الرحيم
MUHTOJLARGA G‘AMXO‘RLIK – ULKAN SAVOB
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, Alloh taolo bergan barcha narsalar bizlarga omonat bo‘lganidek, molu davlatimiz ham omonatdir. Alloh bergan bu molu davlatni O‘zi buyurgan va rozi bo‘ladigan joylarga sarflashimiz ayni muddaodir. Xayru ehson va sadaqa qilishda peshqadam va barcha ezgu ishlarda imkon qadar ko‘makchi va homiy bo‘lishga harakat qilish – musulmonning eng go‘zal sifatlaridan biri hisoblanadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimning juda ko‘p oyatlarida xayr-ehsonning savobi ko‘pligi va fazilati ulkanligi haqida marhamat qiladi. Jumladan, Oli Imron surasida shunday degan:
لَنْ تَنَالُوا الْبِرَّ حَتَّى تُنْفِقُوا مِمَّا تُحِبُّونَ وَمَا تُنْفِقُوا مِنْ شَيْءٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ
(سورة آل عمران، الاية-92).
ya’ni: Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir (Oli Imron surasi, 92-oyat).
Yana bir oyati karimada Alloh taolo bu haqda shunday degan:
إِنْ تُبْدُوا الصَّدَقَاتِ فَنِعِمَّا هِيَ وَإِنْ تُخْفُوهَا وَتُؤْتُوهَا الْفُقَرَاءَ فَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ
وَيُكَفِّرُ عَنْكُمْ مِنْ سَيِّئَاتِكُمْ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ.
ya’ni: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir” (Baqara surasi, 271-oyat).
Oyatning zohiridan sadaqalarning barcha turlarini oshkora yoki pinhona berishning joizligi, ammo pinhona sadaqaning afzalligi ma’lum bo‘ladi. Lekin ba’zi ulamolar farz yoki vojib sadaqalarni, ya’ni zakot, ushr, fitr sadaqasi va kafforatlarni oshkora bergan afzal, ixtiyoriy nafl sadaqalarni esa pinhona berilgani yaxshidir, deydilar. Zero, vojib sadaqalar pinhona berilsa, odamlarda zakot bermaydi, degan shubhalar tug‘ilishi mumkin. Ammo nafl sadaqalar ham ba’zida boshqalar ko‘rib o‘rnak olsin degan niyat bilan oshkora berilgani yaxshidir.
Infoq-ehson qilishning savobi borasida hadisi shariflarda ham juda ko‘p ma’lumotlar bordir. Xayri-ehsonning foydasi nafaqat bu dunyoda balki, qabr va qiyomatda ham borligi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إِنَّ الصَّدَقَةَ لَتُطْفِئُ عَنْ أَهْلِهَا حَرَّ الْقَبور، وَإِنَّمَا يَسْتَظِلُّ الْمُؤْمِنُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فِي ظِلِّ صَدَقَتِهِ
(رَوَاهُ الإِمَامُ الْطَبَرَاني عن عقبة بن عامر رضي الله عنه).
ya’ni: “Albatta sadaqa o‘z egasini qabr issiqligidan saqlaydi. Sadaqa qiluvchi mo‘min Qiyomat kuni o‘z sadaqasi soyasida turadi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Sadaqa va ehsonning barcha ko‘rinishlari, xoh u nafl bo‘lsin xoh farz bo‘lsin, barchasi gunohlarning o‘chirilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
اَلصَّدَقَةُ تُطْفِئُ الْخَطِيْئَةَ كَمَا يُطْفِئُ الْمُاءُ النَّارَ
(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن جابر بن عبد الله رضي الله عنه).
ya’ni: “...Suv olovni o‘chirganidek, sadaqa gunohlarni o‘chiradi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ulamolarimiz xayr-ehson – insonning imoni borligini tasdiqlovchi amal deyishgan. Chunki xayr-ehson qiluvchi kishi o‘ziga begona bo‘lgan va hech ham undan manfa’at umid qilmaydigan odamga imkoniyatidan kelib chiqib bir narsani beradi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"اَلصَّدَقَةُ بُرْهَانٌ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ مسلم عن أبي مالك رضي الله عنه).
ya’ni: “Sadaqa hujjat va dalildir (ya’ni, imoni borligiga)” (Imom Termiziy rivoyatlari). Demak, xayri ehson qilish orqali kishi yana bir bor imonini mustahkamligini tasdiqlovchi hujjatni qo‘lga kiritgan bo‘ladi.
Qolaversa, hozirgi sinovli kunlarda xayru ehson qilish va imkon boricha o‘zgalarga yordam berishning savobi juda katta. Chunki hozir ehtiyojmand aholi nisbatan ko‘proq. Badavlat kishilar bu fursatni g‘animat bilib, imkoniyatdan foydalanib qolishlari, katta savoblarni qo‘lga kiritishlari ayni muddaodir. Chunki tezda Ramazon ham, bu sinovli kunlar ham o‘tib ketadi, keyin bunday bir ajru savob beriladigan fursatni topib bo‘lmaydi.
Xayr-ehson qilish bilan hargiz mol ozaymasligi haqida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
"ثَلَاثَةٌ أُقْسِمُ عَلَيْهِنَّ، وَأُحَدِّثُكُمْ حَدِيْثاً فَاحْفَظُوهُ: "مَا نَقَصَ مَالُ عَبْدٍ مِنْ صَدَقَةٍ، وَلَا ظُلِمَ عَبْدٌ مَظْلَمَةً فَصَبَرَ عَلَيْهَا،
إِلَّا زَادَهُ اللهُ بِهَا عِزًّا، وَلا فَتَحَ عَبْدٌ بَابَ مَسْأَلَةٍ إِلَّا فَتَحَ اللهُ عَلَيْهِ بَابَ فَقْرٍ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ أَحْمَدُ وَالإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ عن أبي كبشة الأنماري رضي الله عنه).
ya’ni: “Uch narsaga qasam ichaman: “Bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar”, – dedilar (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Bir kuni Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhdan bir gadoy pul so‘ragan edi, u zot bir dirham ehson qildilar. Shunda u zotning ba’zi do‘stlari: “Bu gadoylar qovurilgan go‘sht va faluzaj (shirinlik) kabi taomlarni iste’mol qiladi. Unga bu pulning bir qismini bersangiz ham kifoya qilar edi”, –dedi. Shunda Abdulloh ibn Muborak: “Xudo haqqi, men ularni ko‘kat va nondan bo‘lak biror taom iste’mol qilmaydilar, deb o‘ylardim, siz aytgandek ular faluzaj va go‘sht yeydigan bo‘lsalar unda ularga bir dirham ozlik qiladi”, –dedilarda va o‘z xizmatkorlaridan biriga: “Gadoyni qaytarib kelgin-da, unga o‘n dirham berib yubor”, – deya amr qildilar.
Muhtaram jamoat! Ba’zi bir qo‘li uzun, boy kishilarni shunday deganlarini eshitamiz: “Odamlarga hayronman, juda ko‘pchilik oldimga har xil muammolar bilan kelib yordam so‘raydi. Birovdan yordam so‘ramasdan o‘zini-o‘zi eplasa bo‘lmaydimi?!” Bunday shikoyatni o‘rniga boy kishilar shunday deyishlari maqsadga muvofiq bo‘lar edi: “Shuncha molu davlatni odamlar ichidan tanlab menga bergan Allohga hamd va shukrlar bo‘lsin. Meni ko‘pchilik qiynalgan musulmonlarga yordam beruvchi kimsalar qatorida qildi. Meni birovlardan yordam so‘raydiganlardan qilmadi. Qo‘limdan kelganicha, imkon qadar birovlarga yordam beraman”. Chunki, Alloh xohlagan kimsani boy qiladi, xohlaganini esa kambag‘ar qiladi. Boyni muhtoj va muhtojni boy qilish Allohga nihoyatda osondir. Shunday ekan, birovga yordamimiz tegishidan xursand bo‘lishimiz va mana shunday martabani bergan Allohga doimo hamd aytib, bu ezgu ishda peshqadam va bardavom bo‘lishimiz kerak. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
"مَنْ نَفَّسَ عَنْ مُؤْمِنٍ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ الدُّنْيَا، نَفَّسَ اللَّهُ عَنْهُ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ، وَمَنْ يَسَّرَ عَلَى مُعْسِرٍ، يَسَّرَ اللَّهُ عَلَيْهِ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَمَنْ سَتَرَ مُسْلِمًا، سَتَرَهُ اللَّهُ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَاللَّهُ فِي عَوْنِ الْعَبْدِ، مَا كَانَ الْعَبْدُ فِي عَوْنِ أَخِيهِ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن أبي هريرة رضي الله عنه).
ya’ni: “Kim bir mo‘mindan dunyo mashaqatlaridan birini aritsa, Alloh taolo qiyomat kuni uning mashaqqatlaridan birini aritadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxirat ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh uning aybini dunyoyu oxiratda berkitadi, modomiki kishi birodarini yordamida ekan, Alloh uni yordamidadir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Shunday ekan, bitta amalga ko‘plab savoblar va’da qilingan Ramazondan foydalanib, xayr-saxovatni turli ko‘rinishda qilish mumkin. Masalan, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam qilish, qarovsiz qolganlar, xususan boquvchisini yo‘qotgan oilalar, bemor va qariyalar holidan xabar olish ayni savobdir. Qolaversa, hozirgi karantin paytida muhtojlarga oziq-ovqat yoki dori-darmon kabi kunlik ehtiyojlarini yetkazib, ularni xursand qilish juda ulkan ajr hisoblanadi.
Alloh taolo kelayotgan Ramazon hayitini barchamizga muborak aylab, bizni ehson qiluvchi, saxiy va ko‘pchilikka yordami tegadigan kimsalar qatoridan qilib, ularga va’da qilingan savob va fazilatlaridan barchamizni bahramand aylasin! Omin!
Bugun, 25 iyun kuni Indoneziya haj va umra asossiatsiyalarining doktor Muslim Iskandar boshchiligidagi vakillari O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lishdi. Mehmonlar bilan diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov uchrashuv o‘tkazdi.
Sakkiz nafar delegatsiya a’zolari: Doktor Muslim Iskandar, Asip Bisma Supriatna, Zaid Muslim Iskandar, Mustain Xattob, Muhammad Atsir Abdulaziz, Jannatul Ma’vo, Muhammad Iqbol hamda Hilman Parifiy birma-bir o‘zlarini tanishtirib, “Umra +” loyihasini o‘rganish maqsadida 3400 ta turfirma nomidan vakil bo‘lib kelishganini bildirishdi.
Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, kelganlari uchun minnatdorlik bildirdi. So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, turizm va boshqa sohalarda bo‘layotgan yangilanishlar haqida aytib o‘tdi. Xususan, 2017 yilda tamal toshi qo‘yilgan Islom sivilaziyasi markazi, qayta bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi, Hazrati Imom dahasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga to‘xtaldi.
O‘z navbatida delegatsiya rahbari Muslim Iskandar ularga bu taklifni bildirgan “Real Dreams” sayyohlik firmasidan minnatdor ekanliklarini aytib, O‘zbekiston haqida juda ham ijobiy taassurotlarda ekanini ta’kidladi. Birgina Toshkent shahridagi o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, hali Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadim va navqiron shaharlarni ham borib ko‘rishlarini, lekin hozirdanoq “Umra +” loyihasi juda istiqbolli ekaniga amin bo‘lganini bayon etdi.
Delegatsiya a’zosi, “Kasturi” birlashmasi rahbari Muhammad Atir 2017 yilda ham O‘zbekistonga kelganini, o‘sha payt bilan oradan o‘tgan qisqa vaqtdagi ulkan o‘zgarishlardan hayratda ekanini aytib, bu ishlar yurtning allamolariga, ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiboridan darak ekaniga urg‘u berib o‘tdi.
Shuningdek, delegatsiyaning boshqa a’zolari – Indoneziyaning “Amphuri”, “Hagatama”, “NRA Group Ltd.” “Jannatul Ma’wah”, “Himpuh” kabi minglab turfirmalarni birlashtirgan asossiatsiyalari rahbarlari ham musulmon sayyohlar e’tibori va oqimini O‘zbekistonga bemalol yo‘naltirish mumkinligini, bu xayrli ish ikki davlat uchun ham har tomonlama manfaat keltirishini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati